Jahon | 17:35
3112
8 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqda urushning uchinchi haftasi. AQSh Eronni hamon mag‘lub etolmayapti

Bundan tashqari, Donald Tramp nimani g‘alaba deb hisoblashi hali ham noma’lum.

Toby Melville / Reuters / Scanpix / LETA

AQSh va Isroilning Eron bilan urushi uchinchi haftasi ketmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp esa oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishishga qanchalik yaqinligini baholash uchun aniq mezonlarni shakllantira olmadi. Aslida, u nimani maqsad deb bilishi ham mavhum – rejimni o‘zgartirishmi, Eronni yadroviy va raketa dasturlari bo‘yicha kelishuvga majburlashmi yoki shunchaki uning harbiy salohiyatini yo‘q qilishmi?

Eronga allaqachon jiddiy zarar yetkazildi – iqtisodiy jihatdan ham, siyosiy jihatdan ham, mudofaa qobiliyati nuqtayi nazaridan ham. Ammo u amalda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalar qatnovini to‘sib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi va shu bilan jahon neft tranzitining taxminan beshdan bir qismini falaj qildi – bu esa neft narxining sezilarli darajada oshishiga olib keldi. AQSh va Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvda g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega bo‘lmagan Islom respublikasi, ular uchun urush bahosini oshira boshladi – xususan, ko‘plab qo‘shnilariga hujum qilib, butun Yaqin Sharq va jahon bozorlarida beqarorlik keltirib chiqarish orqali mojaro ko‘lamini kengaytirdi.

Amerikaliklar endi nima qiladi?

The New York Times nashri yozishicha, Trampda kelgusidagi harakatlarning ikkita asosiy varianti bor: yoki kattaroq maqsadlarga (Eronda do‘stona yoki hech bo‘lmaganda kelishuv rejim o‘rnatishgacha) erishish uchun harbiy harakatlarni davom ettirish, yoki mojarodan chiqish.

Agar Tramp urushni davom ettirishga qaror qilsa, zaiflashgan bo‘lsa-da, hamon xavfli bo‘lib qolayotgan dushman bilan kurashishiga to‘g‘ri keladi. The New York Times’dagilar fikricha, Tramp ma’muriyati Eronga hujumning ko‘plab oqibatlarini oldindan ko‘ra olmagan, oyatulloh rejimi har qanday yo‘l bilan himoyalanishga tayyorligini va uning jahon iqtisodiyotiga zarar yetkazish qobiliyatini yetarlicha baholamagan. Ziddiyat davom etishi kutilmagan oqibatlar ko‘proq bo‘lishi xavfini tug‘diradi – va oxir-oqibat vaziyat nazoratdan chiqib ketadi.

Hatto Trampning AQShdagi tarafdorlari orasida ham xavotir hissi kuchaymoqda: ko‘pchilik unga mamlakatni urushlarga tortmaslik haqidagi va’dalari uchun ovoz bergandi.

Ammo Tramp mojarodan jiddiy yo‘qotishlarsiz chiqib keta olmaydi – uning uchun hech bo‘lmaganda siyosiy oqibatlar bo‘ladi. U urush boshida aytilgan maqsadlarning birortasiga ham erisha olmadi. Eron yadro qurolini yarata olmasligiga hali ham kafolat yo‘q. Ko‘plab yadroviy obektlar bombardimon qilindi, ko‘plab mutaxassislar o‘ldirildi – ammo infratuzilmani tiklash mumkin. Bundan tashqari, Eronda yuqori darajada boyitilgan uranning katta zaxiralari qolmoqda, taxminlarga ko‘ra, ular o‘nta yadroviy kallak yaratish uchun yetadi. Ularni ishlab chiqarish vaqt va sa’y-harakatlarni talab qiladi, ammo Eronda bunday imkoniyat saqlanib qolmoqda.

Islom respublikasining raketa arsenali sezilarli darajada qisqarib ketgan, uni to‘ldirish imkoniyatlari sezilarli darajada cheklangan (buning uchun zarur bo‘lgan ko‘plab ishlab chiqarishlar yo‘q qilingan), dengiz kuchlari deyarli butunlay yakson etilgan – ammo Eron hali ham boshqa mamlakatlarga tahdid solishga qodir. Oyatulloh rejimi o‘z yetakchisi Ali Xominaiydan mahrum bo‘ldi, ammo hujumlarga dosh berdi. Uning asosiy tayanchi – Islom inqilobi muhofizlari korpusi hamon mamlakatdagi yetakchi qurolli kuch bo‘lib qolmoqda.

Ehtimoliy ssenariylar

Birinchisi – holdan toydirish urushini davom ettirish. Mojaroning tugashi bog‘liq bo‘lgan asosiy omil – o‘q-dorilar zaxirasidir: bu Eronda – raketa va dronlar, AQSh va uning ittifoqchilarida – havo hujumidan mudofaa tizimlari.

Bu ssenariyda AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovini himoya qilishni tashkil etishi – hech bo‘lmaganda tankerlarni raketa va dronlarni urib tushira oladigan kemalar bilan qo‘riqlashi kerak bo‘ladi. Tramp shu kunlarda ittifoqchilarni bunday missiya uchun kemalar yuborishga chaqirdi, ammo Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Janubiy Koreya allaqachon rad javobini berdi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalarni himoya qilish – favqulodda murakkab taktik vazifa, deya qayd etadi The Wall Street Journal. Bo‘g‘oz juda tor, marshrutlarni oldindan ko‘rib turish mumkin, uning O‘mon sohillari tomonidagi qismi sayozlik bo‘lgani tufayli kemalar faqat Eron sohillari tomondan suza oladi, u yerda esa tankerlarga juda kichik kuchlar bilan ham hujum qilish mumkin bo‘ladi. Bunday hujumlarga qarshi turish uchun esa, aksincha, katta miqdordagi kemalar guruhini hamda havo kuchlarini jalb etish talab qilinadi. Holdan toydirish urushining bu uchastkasida Eron yaqqol ustunlikka ega.

Voqealar bo‘yicha ikkinchi ssenariy – Donald Trampning urush tabiatini o‘zgartiradigan qandaydir radikal qaror qabul qilishi bilan bog‘liq. Masalan, Fors ko‘rfazidagi Xarg oroli quruqlik kuchlari tomonidan egallab olinishi mumkin – Eronning deyarli barcha neft eksporti aynan shu joy orqali amalga oshiriladi. Agar Islom respublikasi undan mahrum bo‘lsa, bu uning uchun eng og‘ir zarbaga aylanadi. Shuningdek, yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini qo‘lga kiritish va olib chiqish uchun Eronga maxsus kuchlar yuborish g‘oyasi muhokama qilinmoqda. Ikki holatda ham AQSh harbiylari katta xavf ostida bo‘ladi – va shu bilan birga, ikkala holatda ham Eron taslim bo‘lishi kafolatlanmaydi.

Ikki mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. 13 nafari – amerikaliklar

Pentagon amaliyotni muvaffaqiyatli deb hisoblamoqda. AQSh va uning ittifoqchilari havoda to‘liq hukmronlikka erishdi, Eron raketalari va uchirish qurilmalarining katta qismini yo‘q qildi, shuningdek, flotning asosiy qismini cho‘ktirib yubordi. Eron amalda aviatsiya va havo hujumidan mudofaa kuchlaridan ham ayrildi.

AQSh Yaqin Sharqdagi harbiylari sonini oshirishda davom etmoqda. Mintaqaga 2500 nafar atrofida dengiz piyodalari va yana bitta aviatashuvchi zarbdor guruh yo‘llangan – bu allaqachon shu yerda bo‘lib turgan ikkita aviatashuvchi guruh hamda taxminan 50 ming kishilik Amerika harbiylariga qo‘shimcha kuch bo‘ladi.

Urush boshidan buyon 2100 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning aksari – eronliklar. Eron rasmiylariga ko‘ra, halok bo‘lganlardan 1300 nafardan ortig‘i – tinch fuqarolardir. Amerika armiyasining yo‘qotishlari – 13 kishi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid