Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp jamoasida norozilik, Larijoniyning o‘limi va Kubaga birdamlik bildirgan Rossiya – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Ali Larijoniy halok bo‘ldi. Urush davom etmoqda
Eron hukumati seshanba kuni mamlakat xavfsizlik xizmati rahbari Ali Larijoniy o‘ldirilganini tasdiqladi. U AQSh–Isroil hujumining birinchi kunida Oliy rahnamo Ali Xominaiy o‘ldirilganidan beri nishonga olingan eng yuqori martabali shaxs edi.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi dushanba kungi Isroil hujumida Larijoniyning o‘g‘li va uning o‘rinbosari Alirizo Bayat ham halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ushbu maqsadli qotilliklar AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi keskinlik pasayishidan darak bermayotgan bir paytda sodir bo‘ldi.
Shuningdek, Isroil harbiylari Tehronda yana bir «aniq zarba» natijasida ko‘ngillilarning «Basij» harbiylashgan tuzilmasi qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniy ham halok bo‘lganini bildirdi.
Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, Eron Isroil tomonidan Ali Larijoniyning o‘ldirilishiga javoban Tel-Avivga kassetali raketalar bilan zarba bergan.
Isroilning ta’kidlashicha, Eron havoda bir nechta kichik portlovchi moddalarga bo‘linib, keng maydonga tarqaladigan va ularni urib tushirish qiyin bo‘lgan kassetali kallaklardan foydalangan. Seshanba oqshomida Tel-Avivga qilingan hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu bilan Isroildagi urush qurbonlari soni kamida 14 kishiga yetdi.
Fevral oyi oxirida AQSh–Isroil hujumlari boshlanganidan beri Eronda taxminan 3000 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Eron hujumlari Iroq va Fors ko‘rfazi davlatlarida, shuningdek, AQSh qo‘shinlari orasida o‘limga sabab bo‘ldi. Livanda esa Isroil hujum boshlaganidan beri 900 dan ortiq odam halok bo‘lgan.
Urush boshidan buyon Fors ko‘rfazi davlatlari AQShning diplomatik missiyalari va harbiy bazalariga, shuningdek, neft infratuzilmasi, portlar, aeroportlarida 2000 dan ortiq raketa va dron hujumlariga duch keldi. Ularning aksariyati Birlashgan Arab Amirliklariga qaratilgan.
Saudiya Arabistoni chorshanba kuni kechqurun xavfsizlik masalasini muhokama qilish uchun qator arab va islom davlatlari tashqi ishlar vazirlarining maslahat yig‘ilishiga mezbonlik qiladi.
Tramp jamoasida urush sababli iste’fo
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatidagi yuqori lavozimli xavfsizlik mulozimi iste’foga chiqdi. Milliy terrorizmga qarshi kurash markazini boshqargan Jo Kent Tramp ma’muriyatida Erondagi urush sababli iste’foga chiqqan birinchi yuqori martabali mulozim bo‘ldi.
«Men vijdonan Eronda davom etayotgan urushni qo‘llab-quvvatlay olmayman. Eron xalqimizga hech qanday bevosita xavf tug‘dirmadi. Biz bu urushni Isroil hamda uning qudratli lobbisi bosimi ostida boshlaganimiz kundek ravshan», deb yozdi Kent ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan maktubida.
Ayrim ekspertlarning ta’kidlashicha, xalqaro urush qonunlariga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari urush boshlashi uchun bevosita xavf mavjud bo‘lishi talab etiladi.
Kent azaldan o‘zining «Avvalo Amerika» (America First) g‘oyalari bilan tanilgan va AQShning xorijdagi harbiy aralashuvlariga qarshi ekanini aytib kelgan. Shunga qaramay, ushbu e’lon kutilmagan voqea bo‘ldi.
Kent bo‘ysunadigan Milliy razvedka idorasi direktori Tulsi Gabbard esa «prezident Tramp o‘z ixtiyoridagi barcha ma’lumotlarni sinchiklab ko‘rib chiqqach, Erondagi rejim bevosita xavf tug‘diradi degan xulosaga kelganini» aytdi.
Aslida Milliy razvedka kengashi urush boshlanishidan oldin ham, keyin ham AQSh aralashuvi xatarlariga urg‘u beruvchi bir nechta hisobotlar e’lon qilgandi.
Iste’fo haqida izoh bergan Donald Tramp Kentni «yaxshi yigit», ammo «xavfsizlik masalasida kuchsiz», deb atadi. Trampning aytishicha, Kentning iste’fo maktubi unga — «uning ketgani yaxshi bo‘lganini» anglashiga sabab bo‘lgan.
Oq uy matbuot kotibi Karolin Levittning aytishicha, Kentning Trampga yo‘llagan maktubida «yolg‘on da’volar» mavjud.
Rossiya Kubaga birdamlik bildirdi
Rossiya Kuba bilan birdamlikda ekanini bildirdi. Bu AQSh prezidenti Donald Trampning kommunistlar boshqaruvidagi ushbu orol-respublika bilan «nima xohlasam shuni qila olaman» degan gaplaridan keyin yuz berdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Trampning ismini tilga olmagan holda, o‘zi «Ozodlik oroli» deb atagan hudud atrofida keskinlikning kuchayishidan jiddiy xavotir bildirdi.
«Rossiya Kuba hukumati va qardosh xalqi bilan o‘zining tebranmas birdamligini yana bir bor tasdiqlaydi. Biz suveren davlatning ichki ishlariga qo‘pol ravishda aralashishga urinishlarni, qo‘rqitish va noqonuniy bir tomonlama cheklovchi choralarni qo‘llashni keskin qoralaymiz», deyiladi vazirlik bayonotida.
Kreml Kuba rahbariyati bilan aloqada ekanini va Moskva barcha mumkin bo‘lgan yordamni ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi.
Tramp Kubaga iqtisodiy bosimni kuchaytirib, mamlakatning shundoq ham eskirgan elektr energiyasi ishlab chiqarish tizimini ishdan chiqargan neft blokadasini joriy qildi.
New York Times gazetasining xabar berishicha, Kuba prezidenti Migel Dias-Kanelni lavozimidan chetlatish AQShning asosiy maqsadidir. Muzokaralardan xabardor bo‘lgan manbalarga ko‘ra, amerikaliklar kubalik muzokarachilarga Dias-Kanel ketishi kerakligini bildirgan. Biroq keyingi qadamlarni kubaliklarning ixtiyoriga qoldirishgan.
Nigeriyada xudkushlik hujumi
Nigeriyaning shimoli-sharqidagi Mayduguri shahrida taxminiy xudkushlik portlashlari seriyasi natijasida kamida 23 kishi halok bo‘lib, o‘nlab odam jarohatlandi.
Shtat politsiyasining ma’lum qilishicha, portlashlardan biri gavjum Mayduguri bozoriga, ikkinchisi universitet o‘quv gospitali darvozasiga, uchinchisi esa pochta bo‘limi yaqiniga to‘g‘ri kelgan.
«Dastlabki tergov natijalari shuni ko‘rsatadiki, bu hodisalar gumon qilinayotgan xudkush-terrorchilar tomonidan amalga oshirilgan», dedi shtat politsiyasi o‘z bayonotida. Rasmiylarga ko‘ra, hujumlarda jami 23 kishi halok bo‘lgan, yana 108 kishi esa «turli darajadagi jarohatlar olgan».
Hozircha hech bir guruh ushbu taxminiy hujumlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani yo‘q. Rasmiylar hujumni «Boko Haram» va u bilan bog‘liq turli guruhlarga bog‘lamoqda.
AQSh aviatashuvchisi bortida yong‘in
Eronga qarshi amaliyotlarga jalb qilingan AQShning «Gerald R. Ford» aviatashuvchisi bortdagi yong‘indan so‘ng vaqtincha portga kirishi kutilmoqda.
Amerikaning eng yangi va dunyodagi eng yirik aviatashuvchisi hisoblangan kema hozirda Qizil dengizda joylashgan. Rasmiylarning Reutersʼga aytishicha, u vaqtincha Gretsiyaning Krit orolidagi Souda ko‘rfaziga borishi kutilmoqda.
Ëng‘in o‘tgan haftada kemaning asosiy kir yuvish xonasida chiqqan. 200 ga yaqin dengizchi tutun bilan bog‘liq jarohatlar bo‘yicha tibbiy yordam olgan. Yong‘inni nazoratga olish uchun 20 soatdan ko‘proq vaqt ketgan va u taxminan 100 ta yotoq joyiga ta’sir qildi. Bir harbiy xizmatchi jarohatlari tufayli kemadan (samolyotda) olib ketilgan, dedi rasmiy.
Yong‘in boshlanganidan so‘ng, AQSh harbiylari kemaning harakatlantiruvchi qurilmasiga zarar yetmagani va aviatashuvchi to‘liq ish holatida ekanini ma’lum qilgan edi. Bortida 5000 dan ortiq dengizchi bo‘lgan «Ford» 75 dan ortiq harbiy samolyotlarga, shuningdek, havo harakatini boshqarish va navigatsiyaga yordam beradigan murakkab radarga ega.
Harbiy kema to‘qqiz oydan beri safarbar etilgan bo‘lib, u Yaqin Sharqqa yetib kelishidan oldin Karib dengizida Venesuelaga qarshi amaliyotlarda ham ishtirok etgandi. Safarbarlik muddatining uzoqligi bortdagi dengizchilarning ruhiy holati va harbiy kemaning tayyorgarligi borasida ham savollarni keltirib chiqargan.
Mavzuga oid
16:29 / 17.03.2026
Kobuldagi shifoxonaga zarba bergan Pokiston, Bag‘dodda hujumga uchragan AQSh elchixonasi va Kubada “blackout” – kun dayjesti
14:35 / 16.03.2026
Ittifoqchilaridan yordam so‘ragan Tramp, Netanyahuning «o‘limiga» oid xabarlar va Qozog‘istonda referendum – kun dayjesti
14:40 / 14.03.2026
Trampning Eronga yangi tahdidi, Germaniyaning rus nefti bo‘yicha xavotirlari va AQSh bilan muzokaralar boshlagan Kuba – kun dayjesti
15:24 / 13.03.2026