Turizm | 19:04
19773
4 daqiqa o‘qiladi

Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari e’lon qilindi

Chiptalar toifalarga ajratilgan bo‘lib, O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy mehmonlar va bolalar uchun alohida narxlar belgilangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

17 mart kuni Toshkent shahrida ochilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, markaz har kuni soat 09:00 dan 22:00 gacha, dam olish kunlarisiz ishlaydi. Bu esa, ayniqsa, ishdan keyin oila bilan kechqurun tashrif buyurish imkonini beradi. Bunday amaliyot O‘zbekiston muzeylari uchun ilk bor joriy etilmoqda.

Chiptalar toifalarga ajratilgan bo‘lib, O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy mehmonlar va bolalar uchun alohida narxlar belgilangan.

Kirish narxlari quyidagicha:

1. Guruhli ekskursiyalar (O‘zbekiston fuqarolari uchun):

— Kattalar: 60 000 so‘m (2 soat)

— Bolalar (7–17 yosh): 25 000 so‘m (2 soat)

— 7 yoshgacha — bepul

2. Individual tashriflar:

— Kattalar: 120 000 so‘m (kun davomida)

— Bolalar: 50 000 so‘m

3. Xorijiy mehmonlar uchun:

— Kattalar: 25 dollar + 10 dollar qo‘shimcha xizmatlar

— Bolalar: 20 dollar (2 soat)

— Individual: 45 dollar

4. Fast Track (tezkor kirish):

— O‘zbekiston fuqarolari uchun: 250 000 so‘m (5 kishigacha)

— Xorijiylar uchun: 100 dollar (guruh)

— Premium: 150 dollar (individual, 3 soat)

— Bolalar: 30 dollar

Kechqurungi soatlarda narxlar talabga qarab o‘zgarishi mumkin. Chiptalar onlayn va markaz kassalarida sotiladi. Elektron biletlar QR-kod bilan ta’minlangan.

Chipta narxiga ko‘p tilli professional gidlar hamrohligi, noyob eksponatlar va tarixiy artefaktlar bilan tanishish hamda Markaziy Osiyoning jahon ilmi va islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini aks ettiruvchi namoyishlar kiradi.

Chiptalar belgilangan vaqt oraliqlari bo‘yicha sotiladi, bu esa navbatlarning oldini olish va tashrifchilar oqimini tartibga solishga xizmat qiladi.

Qonunchilikka muvofiq quyidagi toifalar uchun imtiyozlar mavjud:

— I va II guruh nogironlari

— nogiron bolalar va ularning hamrohlari

— “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari

— Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari

Ekskursiyalar o‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘tkaziladi.

Tashrifchilar Qur’on zaliga kirish imkoniga ega bo‘ladilar. U yerda bir milliondan ortiq Swarovski kristallari yordamida yaratilgan arxitekturaviy-badiiy mepping orqali nurli dinamik muhit hosil qilingan. Dasturga to‘rtta “vaqt kapsulasi” ham kiritilgan bo‘lib, ular turli tarixiy davrlarga sho‘ng‘ish imkonini beradi. Interaktiv va raqamli installyatsiyalar orqali mintaqaning ilmiy va madaniy merosi namoyon etiladi.

Markazda robot-gidlar, ko‘p tilli audiogidlar va virtual sayohat formatlari kabi qo‘shimcha xizmatlar ham joriy etilmoqda.

Shuningdek, ijtimoiy dasturlar ishlab chiqilmoqda:

— maktab o‘quvchilari va talabalar uchun imtiyozli tashriflar

— ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar uchun bepul dasturlar

Markaz kutubxonasiga kirish bepul bo‘ladi. Yoshlar uchun ta’limiy maydonlar, seminarlar, treninglar va tanlovlar tashkil etiladi. Yosh tadqiqotchilar uchun maxsus dasturlar va kovorking zonalar ham yaratiladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid