Jahon | 12:31
559
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko 250 nafar siyosiy mahbusni ozod qildi

AQShning maxsus vakili Jon Koul Belarusdagi siyosiy mahbuslarning yangi guruhi ozod etilganini “muhim humanitar bosqich” deb atadi. Buning evaziga Vashington Belarus moliya sektori va kaliy ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi.

Foto: AP

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Amerika sanksiyalarini yanada yumshatish evaziga 250 nafar mahbusni ozod qildi. Bu haqda 19 mart, payshanba kuni AQShning Vilnyusdagi elchixonasi ma’lum qildi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, 235 nafar kishi Belarusda qolgan, qolganlari esa Litvaga yuborilgan.

Ozod qilishlar Lukashenko Vashington bilan munosabatlarni normallashtirish va sanksiyalarni bekor qildirish maqsadida, siyosatni yumshatish evaziga olib borayotgan muzokaralar jarayoni natijasi bo‘ldi. Siyosiy mahbuslarning yangi guruhi ozod qilingani haqida Lukashenko bilan AQSh prezidentining maxsus vakili Jon Koul o‘rtasida Minskda bo‘lib o‘tgan muzokaralardan keyin e’lon qilindi. Koul siyosiy mahbuslarning ozod qilinishini “muhim humanitar bosqich” va Donald Trampning “to‘g‘ridan to‘g‘ri, qat’iy diplomatiya”ga sodiqligining belgisi deb atadi.

Bundan oldingi safar, ya’ni dekabr oyida, amerikalik rasmiylar Lukashenko bilan uchrashgan edi — o‘shanda Vashington ayrim sanksiyalarni yumshatganini e’lon qilgan, 123 nafar mahbus esa ozod qilinib, Ukraina va Litvaga olib o‘tilgan edi. Belarus huquqni himoya qilish tashkiloti “Vyasna” ma’lumotlariga ko‘ra, 19 mart kungi ozod qilishlar e’lon qilinishidan oldin mamlakatda 1100 nafardan ortiq siyosiy mahbus bor edi.

Ozod etilganlar orasida “Vyasna” volontyorlar tarmog‘i koordinatori Marfa Rabkova ham bor. U 2020 yil sentabrida hibsga olingan va o‘zi rad etgan “ekstremizm” hamda boshqa moddalar bo‘yicha ayblovlar bilan 14 yil 9 oy qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Uning tarafdorlari Rabkova qamoqda bo‘lgan paytda sog‘lig‘i bilan jiddiy muammolarga duch kelganini xabar qilgan.

Vashington yangi guruh siyosiy mahbuslar ozod qilinganiga javoban Belarus moliya sektoriga nisbatan cheklov choralarini yumshatishga rozi bo‘ldi. Jumladan, Belinvestbank, Taraqqiyot banki va Belarus Moliya vazirligi sanksiyalardan chiqarildi. Shuningdek, “Belaruskaliy”, Belarus kaliy kompaniyasi, “Agrorozkvit” kaliy kompaniyalari hamda mamlakat Moliya vazirligiga nisbatan qolgan barcha sanksiyalar ham to‘liq bekor qilindi.

Koulning aytishicha, Lukashenko yaqin orada AQShga tashrif buyurishi mumkin — bu ko‘p yillik rahbar uchun katta yutuq bo‘ladi, chunki u uzoq yillik yakkalanishdan so‘ng g‘arb bilan munosabatlarni tiklashga intilmoqda. Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin ittifoqchisi hisoblanadi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlagan, biroq Belarus qo‘shinlarini jang harakatlarida ishtirok etish uchun yubormagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid