Jahon | 15:30
5853
8 daqiqa o‘qiladi

Eronga sulh rejasini yuborgan AQSh, Ukraina osmonidagi minglab dronlar va Xitoy elchixonasiga bostirib kirgan yapon harbiysi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Muzokaralar va urush

Prezident Donald Tramp urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda siljishga erishayotganini aytgan bo‘lsa-da, Eronda urush davom etmoqda.

Chorshanba tongida Isroil Mudofaa kuchlari Tehron bo‘ylab infratuzilma obektlarini nishonga olgan holda bir necha bor zarba berdi. Eron OAVlari zarbalar shaharning turar joy hududiga tekkani va qutqaruvchilar vayronalar ostidan odamlarni qidirayotganini xabar qildi.

Shuningdek, Kuvayt va Saudiya Arabistoni yangi dron hujumlarini qaytarganini bildirdi, biroq dronlar qayerdan uchirilganiga aniqlik kiritmadi. Kuvayt Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, dronlar xalqaro aeroportdagi yonilg‘i bakini nishonga olgan. Oqibatda yong‘in chiqqan, ammo qurbonlar yo‘q.

Eron Muhofizlar korpusi esa Tel-Aviv va Kiryat-Shmonaga, shuningdek, AQShning Kuvayt, Iordaniya va Bahrayndagi bazalariga yangi hujumlar to‘lqinini uyushtirdi.

Tramp seshanba kuni minglab odamlarning yostig‘ini quritgan va tarixdagi eng og‘ir energetik inqirozga sabab bo‘lgan urushni tugatish bo‘yicha «muzokaralar» olib borayotganini aytdi.

New York Times nashri Vashington urushni tugatish uchun Eronga 15 banddan iborat reja yuborganini xabar qildi. Manbalarga ko‘ra, AQSh ushbu 15 bandlik rejani muhokama qilish uchun bir oylik otashkesimga erishmoqchi. Isroil OAVlarining xabar berishicha, ushbu reja quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Eron yadroviy dasturini tugatish;
  • «Hizbulloh» kabi proksi-guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish;
  • Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish.

Reuters ko‘rgan ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiy Tehron BMT Xavfsizlik Kengashi va Xalqaro dengiz tashkilotiga «dushman bo‘lmagan kemalar» Eron rasmiylari bilan kelishilgan holda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tishi mumkinligini bildirgan.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif esa AQSh va Eron o‘rtasida urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga mezbonlik qilishga tayyorligini bildirdi. Pokiston qo‘shni Eron bilan uzoq yillik aloqalarga ega va ayni paytda Tramp ma’muriyati bilan ham munosabatlarni mustahkamlab bormoqda.

Muzokaralar haqidagi xabarlarga qaramay, Pentagon AQSh armiyasining elita 82-havo-desant diviziyasidan minglab askarlarni Yaqin Sharqqa yuborishi kutilmoqda. Bu kuchlar mintaqadagi mavjud 50 ming nafar AQSh harbiylari safiga qo‘shiladi va Vashingtonning mintaqadagi harbiy salohiyatini oshiradi. Bu esa mojaroning uzoq davom etishi borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Rossiya Ukrainaga minglab dronlar uchirdi

24 mart kuni Rossiya Ukraina hududining deyarli barcha qismiga kamikadze-dronlar bilan ommaviy hujum uyushtirdi. Lvovda 13 kishi yaralandi, «Shaheed» dronlaridan biri 16-asrga oid Bernardinlar monastiriga borib urildi.

Kamikadze-dronlar hujumi mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 10:00 da boshlanib, kechki 18:00 dan keyin yakunlandi. Ukraina Harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, oxirgi bir sutka ichida rossiyaliklar rekord darajadagi 948 ta kamikadze-dron uchirgan. Ulardan 906 tasi urib tushirilgan yoki radioelektron kurash vositalari yordamida zararsizlantirilgan.

Prezident Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 40 dan ortiq kishi, jumladan, besh nafar bola jabrlangan.

24 martga o‘tar kechasi Rossiya dron va raketalar bilan bergan zarbasi oqibatida Poltava, Xarkov, Zaporijjya va Xersonda kamida besh kishi halok bo‘lgandi.

Ukraina monitoring kanallarining xabar berishicha, osmonda bir vaqtning o‘zida yuzlab dronlar bo‘lgan va ular Ukraina g‘arbiga «yaxlit devor» bo‘lib yopirilgan. Ba’zi dronlar urib tushirilishni qiyinlashtirish uchun o‘ta past balandlikda uchgan. Taxlilchilarga ko‘ra, bu Ukraina Havo hujumidan mudofaa tizimi resurslarini — ham o‘q-dorilarni, ham shaxsiy tarkibni charchatishga bo‘lgan urinishdir.

Isroil Livan janubini egallamoqchi

Isroil Mudofaa kuchlari Livan janubidagi nazorat hududini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Isroil mudofaa vaziri Israel Kats seshanba kuni ma’lum qildi.

Isroil Litani daryosidan janubdagi hududlar ustidan nazoratni saqlab qoladi, deb ta’kidladi Kats. Isroil armiyasi AQSh urushni tugatish uchun Eron bilan muzokaralar olib borishga urinayotgan bir vaqtda Livanning salmoqli qismini nazorat qilish uchun zamin tayyorlamoqda.

«Evakuatsiya qilingan yuz minglab Livan janubidagi aholi – Isroilning shimoliy hududlari xavfsizligi to‘liq ta’minlanmaguncha Litani daryosidan janubga qaytmaydi», dedi Kats.

Mudofaa vazirining qo‘shimcha qilishicha, Isroil daryo ustidagi beshta ko‘prikni yo‘q qilgan. Uning ta’kidlashicha, «Hizbulloh» ushbu ko‘priklardan qo‘shimcha kuchlarni o‘tkazish uchun foydalangan.

Aslida ushbu ko‘priklar shifoxonalarga borish va dori-darmon tashish uchun foydalanadigan mahalliy tinch aholi uchun ham hayotiy muhim ahamiyatga ega edi.

Xitoy elchixonasiga hujum

Xitoy Tokiodagi elchixonasiga «zo‘ravonlik bilan bostirib kirish» holati yuzasidan Yaponiya hukumatiga keskin norozilik bildirdi va diplomatik taqdimnoma kiritdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Jian ma’lum qildi.

Uning aytishicha, seshanba kuni ertalab o‘zini Yaponiya armiyasi — O‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlarining amaldagi ofitseri deb da’vo qilgan shaxs devordan oshib o‘tib, Xitoy elchixonasiga zo‘ravonlik bilan bostirib kirgan.

«Ushbu shaxs o‘z harakatlari noqonuniy ekanini tan olgan va Xitoy diplomatik xodimlarini o‘ldirish bilan tahdid qilgan», dedi Lin Jian.

Xitoy tomoni ushbu hodisadan chuqur hayratda ekanini bildirib, Tokioni voqeani sinchiklab tergov qilishga, aybdorlarni jazolashga va holat yuzasidan tushuntirish berishga chaqirdi.

Yaponiya Mudofaa vazirligi ushbu hodisa haqidagi xabarlardan xabardor ekanini bildirdi, ammo qo‘shimcha izoh berishdan bosh tortdi.

Osiyodagi ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi aloqalar — o‘tgan yili Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumi Tokioning harbiy javobiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytganidan so‘ng yomonlashgandi.

 

 

Daniyada saylovlar

Seshanba kuni Daniyaning amaldagi bosh vaziri Mette Frederiksen boshchiligidagi Sotsial-demokratlar partiyasi so‘nggi yillardagi eng yomon saylov natijasini qayd etdi.

Daniyaning «beshikdan qabrgacha» tamoyiliga asoslangan ijtimoiy himoya tizimi arxitektorlari bo‘lgan Sotsial-demokratlar parlamentda 38 ta o‘rinni egallashi kutilmoqda. Ma’lumot uchun, to‘rt yil avval ular 50 ta o‘ringa ega edi.

Frederiksenning uchinchi muddatga hokimiyatda qolish imkoniyati butunlay yo‘qolmagan bo‘lsa-da, koalitsiya bo‘yicha muzokaralar haftalab davom etishi mumkin.

Frederiksen o‘z partiyasi mashhurligining pasayishini vazminlik bilan kutib oldi. «Biz urush bilan yuzlashdik, Amerika prezidenti tomonidan tahdidlarga uchradik va o‘tgan deyarli yetti yil ichida atigi 4 foizlik pasayish qayd etdik, menimcha, bu yomon natija emas», dedi u.

2019 yildan beri hokimiyatda bo‘lgan 48 yoshli Frederiksen o‘z saylovoldi kampaniyasini — AQSh bilan munosabatlarni tartibga solish va Ukrainadagi urushga Yevropaning munosabatini shakllantirish ustiga qurgan edi.

Biroq kuzatuvchilarning fikricha, seshanba kuni u – ham so‘l, ham o‘ng qanot siyosiy kuchlar zarbasiga uchradi. Chunki xalqaro masalalar emas, balki mamlakat ichkarisida qimmatchilik saylovchilarning asosiy tashvishiga aylangan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid