Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Beshqo‘rg‘on bozorida yirik yong‘in – voqea joyidan reportaj
5 aprel kuni Toshkentdagi Beshqo‘rg‘on bozorida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. 8 ming kv m maydonni egallagan yong‘in uzoq davom etdi va ko‘tarilgan tutun shaharning olis nuqtalarigacha ko‘rinib turdi.
Olov savdo do‘konlaridan tashqari ko‘plab avtomobillarga ham tiklab bo‘lmas darajada talafot yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Kun.uz muxbiri hodisa joyida bo‘lib, reportaj tayyorladi.
Toshkent shahrida xalq orasida Ippodrom nomi bilan mashhur bo‘lgan hududdagi Beshqo‘rg‘on bozorida 5 aprel kuni yong‘in sodir bo‘ldi. Kun.uz muxbiri hodisa joyida bo‘lib, reportaj tayyorladi.
“Olov juda kuchli bo‘ldi, juda yondi. Mashinalar ham yondi. Juda ko‘p odamlar zararga uchradi. Ko‘p mashinalar qolib ketdi. Iloji boricha do‘konlarni chiqardik. Olov kuchayib ketdi, o‘t o‘chiruvchilar keldi, suvi ham yetmay qoldi. Mana shu yo‘llar “probka”ligi sababli. Yong‘in ombordan kelib chiqdi, birinchi marta bunaqa olovni ko‘rdik.
Mashinalarning oynasini sindirib bo‘lsa ham yordam qildik shu insonlarga. Qolgani qoldi”, — deydi hodisa guvohiga aylangan fuqaro.
“Qo‘shni binoda bizning do‘kon bor. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman o‘zim. Bu do‘konimizda, men o‘zim bugun dam olishda edim. Bolalar telefon qilib, yong‘in bo‘lyapti deganda, yetib keldim. Kelsam, o‘zi juda ko‘pchilik shu yerda yurgan, o‘tib qaytgan, kimdir eshitgan, bozordagi tanish-bilishlar chiqib, hamma kimdagadir yordam berib, bir-biriga, baribir insoniylik xislati bor-da bizda, yordam berib, hamma narsani imkon qadar maksimal olib chiqishga harakat qildi hamma. Allohga shukur, bizning binoga zarar yetmadi”, deydi yana bir guvoh.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati yong‘in qamrab olgan hudud taxminan 8000 kvadrat metrni tashkil etganini ma’lum qildi.
“Yong‘in kelib chiqishining dastlabki taxmini yo‘q. Hozirda yong‘in surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi laboratoriyasi u yerda ish olib bormoqda hozirda. Yong‘inning qo‘shimcha ma’lumoti beriladi dastlabki taxmin bo‘lishi bilan. Bu yerda kunduzi aynan yong‘in xabari kelib tushganda, birinchi xabarda bizlarga do‘kon yonayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushdi. Qutqaruv ekipajlari aytilgan manzilga yetib kelganda, yong‘inning maydoni kattaligi va aynan bozor hududidagi bir nechta do‘konlar yonayotgani aniqlandi. Tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q aytilgan manzilda. Faqatgina, hozirda mana, bir fuqarolar tomonidan shunaqa xabar kelyaptiki, yong‘in joyidagi tutunni ko‘rib, mana hozirda ko‘rib turganimizdek, hali ham yong‘in sodir bo‘lyapti, degan shubha uyg‘onyapti. Xavotirga o‘rin yo‘q. Tutun chiqishining sababi, bu yerda kiyim-kechak do‘konlari yongan. Kiyim-kechak bo‘lgan do‘konlarda va mato yonganda o‘zidan tutun chiqadi, to to‘liq yong‘inning ichidagi matolarni ichidan titib olib tashlamaguncha. Hozirda xuddi shu ishlar olib borilmoqda: kiyim-kechaklarni to‘liq tashqariga chiqarish, suvlab, suv bilan bo‘ktirish ishlari olib borilmoqda. Qizg‘ish chiroq esa u yong‘in olovining chirog‘i emas. Bu proyektorlar chirog‘i. Qutqaruvchilar ishlash uchun qo‘shimcha yoritish uchun sharoit yaratib berilyapti. Yong‘in 8000 kvadrat metrda, yong‘indan zarar ko‘rgan bozor hududi. Hozirda yong‘in tahlil ishlari olib borilmoqda. Joriy yilning hozirgi kunigacha Toshkent shahrida barcha bozorlarda tegishli tartibda profilaktik ko‘riklar, har bitta bozorda tekshiruvlar olib borilgan va tegishli tartibda kamchiliklar yuzasidan bozor rahbariyatiga berilgan. Chunki avval xabar berganimdek, men shaxsan o‘zim Toshkent shahridagi bir nechta bozorlarda tekshiruvlar o‘tkazganman. Aniqlangan tekshiruvda kamchilik bo‘lgan va bir nechta bozorlar — fuqarolarning xabari bor, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan — ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan. Hozirda aynan bu bozor bo‘yicha yong‘in sodir bo‘lgani sababi aniqlanmoqda. Buning bir nechta sabablari bo‘lishi mumkin. Endi taxminga tayana olmaymiz. Hozirda aniq sababi aniqlanishi bilan, albatta, axborot beramiz. Ichkarida hozirda to‘rt-beshta avtomobil, yengil avtomobillar qolib ketgan. U yerda ham qolib ketish sababi — bozorning tor yo‘lakida ayrim fuqarolar o‘z avtomobilini tashlab ketadi. Bu oldindan kurashib kelinadi, aynan bozor rahbariyati tomonidan, biz tomondan, ya’ni yo‘laklarni qutqaruv texnikalariga to‘sib qo‘ymaslik bo‘yicha. Hozir mana guvoh bo‘lishi mumkin, aynan yo‘laklarni to‘sib qo‘yish nimaga olib keladi. Ham bozor yonib ketadi, ham qutqaruv texnikasi kira olmaydi va shu bilan bir qatorda to‘rt-beshta avtomobil, yengil avtomobillar yonib ketgan. Har bitta do‘kon egalari o‘z tovar-moddiy boyligini tashqariga olib chiqish choralari ko‘rildi. Ko‘pi yonib ketdi va ko‘pi olib chiqishga erishildi. Faqatgina hozir bozor hududi o‘rab olingan. Chunki u bozor hududida ko‘p tovar-moddiy boyliklar bo‘lganligi uchun Ichki ishlar vazirligi va tegishli organlar tomonidan o‘rab olingan. Tutun quyuq bo‘ldi. Tutunda qutqaruvchilarimizning qiyinchiligiga qaramasdan, aynan yong‘inning o‘chog‘iga kirish va tutunning aynan ichida ishlashda qiyinchilik bo‘ldi, chunki ko‘rish mutlaqo yo‘q edi. Bozor hududi yopiq bo‘lganligi uchun tepa tomonlari, atroflari tutun quyuq bo‘lgan. Lekin qiyinchilikni umuman olganda qiyinchilik demaymiz, chunki qutqaruvchilar har doim bu narsa bilan duch keladi. Bu ularning vazifasi hisoblanadi”.
FVV hozircha yong‘in yetkazgan zarar miqdori hisoblanayotgani, jarohatlanganlar va vafot etganlar yo‘qligini ma’lum qildi.