Jahon | 22:10 / 05.04.2026
1243
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda internet o‘chirilishi bo‘yicha jahon rekordi qayd etildi

Eronda 36 kundan beri internet blekauti davom etmoqda. Mamlakatda internet 28 fevral kuni deyarli butunlay o‘chirilgandi.

Foto: Atta Kenare/AFP/Getty Images

Eronda internetning o‘chirilishi kuzatuvlar tarixidagi eng uzoq davom etgan umummilliy internet uzilishiga aylandi. NetBlocks xalqaro internet monitoring xizmati xabariga ko‘ra, mamlakatda 36 sutkadan ortiq yoki 870 soatdan buyon internet aloqasi yo‘q.

«Hech qaysi urush butun mamlakatni internetdan to‘liq uzib qo‘ymagan», deyiladi xabarda.

NetBlocks Erondagi vaziyatni boshqa mamlakatlar va hududlar bilan solishtirib, Myanmadagi namoyishlar vaqtida kuzatilgan internet uzilishlari, shuningdek Kashmir (Hindiston) va Tigray (Efiopiya)dagi voqealarni misol keltirgan.

Mualliflar, shuningdek, Eron va Shimoliy Koreyadagi internet muammolarini ham taqqoslagan. Garchi KXDRda bu muammolar keng ko‘lamli va davomiy tusga ega bo‘lsa-da, ta’kidlanishicha, ularni Erondagi «blekaut» bilan solishtirib bo‘lmaydi, chunki Shimoliy Koreya hech qachon global tarmoqqa ulanmagan.

NetBlocks AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlagan 28 fevral kuni mamlakatda internet deyarli butunlay o‘chirilganini ma’lum qilgandi. 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid