Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Alisherning iltimosiga ko‘ra telefon qilyapman» – Lavrovning suhbatini tinglashdi
Endi iPhone ommalashayotgan vaqtda qishloqdagi «siyosiy hushyor» bolalar «iPhone olmaslik kerak, unga barmoq izini kiritsa, to‘g‘ri amerikaliklarga yuborarkan», deb vahima qilar, qolganlar «sening barmoq izingni amerikaliklar pishirib yeydimi?» deb kulardi.
O‘sha vahimachilar bekorga gapirmaganmi deyman-da, zamon rivojlanib, eng katta siri biror qiz bilan gaplashgani bo‘lgan qishloqdagi bo‘z yigitlar u yoqda tursin, butun boshli Amerika, Rossiyaning katta-katta mulozimlari ham bemalol telefonda gaplasholmay qoldi. Jurnalistlar Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoning telefon suhbati audiosini e’lon qildi. Qisqa audioda qiziq gaplar aytilgan. Xususan, o‘zbekistonliklar yaxshi taniydigan Alisher Usmonov haqida.
«Alisherning iltimosiga ko‘ra...»
Darvoqe, Lavrov va Siyyarto o‘rtasidagi suhbat audiosi haqqoniy, biror tomon bunday suhbat bo‘lmadi, deb chiqmadi. Lavrov amalda audiodagi gaplarni tasdiqlab, «hech qanday taqiqlangan mavzuni gapirmaganman», dedi. Tabiiyki, ikki diplomat o‘rtasidagi suhbatni qaysidir davlat razvedka xizmati yozib olib, OAVga sizdirgan. Jurnalistlarda bunaqa suhbat eshitadigan imkoniyat yo‘q. Audiodagi suhbat 2024 yil 30 avgust kuni o‘tkazilgan. O‘sha kuni Siyyarto Peterburgga borgan. Ikki diplomat inglizcha gaplashgan. Quyida suhbat tarjimasini keltiramiz.
Siyyarto: Salom, Sergey. Men Peterman.
Lavrov: Peter, siz haliyam Peterburgdamisiz?
Siyyarto: Yo‘q, Budapeshtga qaytdim, bir soat bo‘ldi.
Lavrov: Rossiya mediasi bugun rosa siz haqingizda yozdi.
Siyyarto: Chindanmi? Men biror xato gap aytdimmi?
Lavrov: Yo‘q, yo‘q, Ular siz o‘z davlatingiz manfaatini pragmatik tarzda himoya qilayotganingiz haqida yozishdi.
Siyyarto: O, ajoyib. Bu vaziyatning juda aniq tahlili.
Lavrov: Men sizga Alisherning iltimosiga ko‘ra qo‘ng‘iroq qilyapman. Uning singlisiga aloqador ish bilan shug‘ullanyapsizmi-yo‘qmi, u hozirgina shu haqda eslatib qo‘yishimni so‘radi.
Siyyarto: Ismailova xonim, shundaymi?
Lavrov: Ha.
Siyyarto: Ha, albatta. Biz Slovakiya bilan birga uni sanksiya ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha taklif tayyorlayapmiz, keyingi hafta taqdim etamiz. Bu masala kun tartibida bo‘ladi va biz uni ro‘yxatdan chiqarishlari uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz.
Lavrov: Katta rahmat. U juda xursand bo‘ladi. U singlisi uchun juda xavotirda, to‘g‘ri tushunasiz.
Siyyarto: Albatta, tushunaman.
Lavrov: Barcha sohalardagi tenglik uchun kurashda qo‘llovingizni qadrlaymiz.
Yevropa nashrlarining yozishicha, audioda to‘liq suhbat e’lon qilinmagan. Lavrov va Siyyarto suhbatni davom ettirib, Yevropa Ittifoqidan norozi ekanini bayon qilgan. Lavrov ittifoqning tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning harakatlaridan xafsalasi pir bo‘lganini aytgan. Siyyarto esa Borrelni Yevropa Baydeni deb tasvirlagan. Vengriya bosh diplomati Gazpromning Rossiyadagi yangi shtab kvartirasini maqtashga ham ulgurgan.
Gap nimada o‘zi?
Endi audioga qisqacha tushuntirish bersam. Rossiya bosh diplomati Sergey Lavrov Vengriya bosh diplomati Peter Siyyartodan uning mamlakati rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilovaga nisbatan joriy qilingan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini bekor qilishda yordam berishini so‘ragan. Chunki Vengriya Yevropa Ittifoqiga a’zo, tashkilot majlislarida istalgan masalani ko‘tarishi mumkin. Lekin Gulbahor Ismoilova degan ayol Yevropa Ittifoqi ro‘yxatidan chiqarilishi Rossiya hukumatiga nega kerakligi ma’lum emas.
Qizig‘i, mana shu suhbatdan keyin Vengriya chindan Usmonovning singlisiga qarshi sanksiyalarni bekor qilish taklifini ilgari suradi. Suhbatdan yetti oy o‘tib Gulbahor Ismoilova degan ayol va yana ikki kishidan ittifoq sanksiyalari olib tashlanadi. Evaziga Vengriya Yevropa Ittifoqi ikki mingdan ortiq rossiyalikka nisbatan sanksiyalarni yarim yilga uzaytirish taklifini qo‘llashga rozi bo‘ladi.
Tushundingiz-a, Viktor Orban boshchilik Vengriya ikki mingdan ortiq rossiyalikka nisbatan sanksiyalar saqlab qolinishiga faqat Usmonovning singlisi ro‘yxatdan chiqarilishi sharti bilan rozi bo‘ladi. Uch kishi uchun ikki ming kishi. Bunaqasini Isroil va Falastin o‘rtasidagi asirlar almashuvida ham ko‘rmaysiz.
Vengriya va Rossiya
Vengriya Rossiyaning urush davridagi eng yaqin ittifoqchilaridan biriga aylandi. Orban boshchilik mojarlarni Shimoliy Koreya va Erondan keyin Rossiyaning eng qalin ittifoqchisi desak ham bo‘ladi. Chunki Orban urush boshlanganidan buyon Yevropa Ittifoqida Rossiya manfaatlari uchun kurashib keladi.
Oxirgi vaqtlarda ittifoq davlatlari yig‘ilishlardagi gaplar Rossiyaga tezda yetkazilishi, bu Vengriya vakillari tomonidan qilinishini aytib ko‘p norozilik bildirdi. Polsha bosh vaziri Donald Tuskning aytishicha, ittifoqda bu haqda hamma biladi va shunga qarab gapirishadi. Tuskka ko‘ra, mojarlar ruslarga eng kichik detallargacha yetkazib turgan. Washington Post'ga ko‘ra, Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Yevropa Ittifoqi yig‘ilishlari vaqtida muntazam tarzda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga qo‘ng‘iroq qilib turgan. Yevropaliklar hazillashib «Rossiya uzoq yillardan buyon muzokaralar stoli atrofida», deyishadi.
Mavzuga oid
12:25 / 07.03.2026
Vengriyada ushlangan ukrainaliklar vatanga qaytdi
09:42 / 05.03.2026
Putin Vengriya TIV rahbari Siyyartoga ikki harbiy asirni topshirdi
09:45 / 19.02.2026
TIV rahbari: Vengriya Kiyevga dizel yetkazib berishni to‘xtatyapti
13:59 / 21.01.2026