O‘zbekiston | 22:27 / 07.04.2026
2885
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat organi yoki mansabdor shaxsning noqonuniy qarori tufayli yetkazilgan zararni qoplash tartibi belgilanadi

Senatning navbatdagi majlisida «Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi va ma’qullandi.

Foto: Getty images

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda davlat organi yoki mansabdor shaxsning noqonuniy qarori tufayli yetkazilgan zararni qoplash yagona qonunchilik hujjati bilan tartibga solinmasdan, 10 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari bilan belgilangan.

Ammo fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplashda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan pul to‘lovlarini amalga oshirishning aniq mexanizmlari mavjud emas. Shu bois ushbu sohadagi munosabatlarning va tartib-taomillarning qonuniy asoslarini mustahkamlash alohida qonun hujjatini qabul qilish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Ta’kidlanishicha, mazkur Qonun yuqorida qayd etilgan masalalarning huquqiy yechimi bo‘lib, uning maqsadi davlat hokimiyati vakolatlariga ega bo‘lgan organning yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof faoliyati tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash hamda zararning o‘rnini regress tartibida undirishni tartibga solishdan iboratdir.

Zararning o‘rni qoplab berilganda va keyinchalik zarar yetkazgan aybdor shaxsga nisbatan qonunga muvofiq regress huquqi yuzaga kelgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aybdor shaxs faoliyat yuritayotgan yoki muqaddam ishlagan davlat organiga talabnoma kiritishi belgilanmoqda.

Qonunda qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik va shaffoflik kabi asosiy prinsiplar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, mulkiy zararlarni qoplash uchun hududiy maqsadli jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish va ularning manbalari aniq ko‘rsatilmoqda.

Senatorlar qayd etganidek, Qonunning qabul qilinishi qonunga xilof qarorlar tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘risidagi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga hamda aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga xizmat qiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid