Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron AQSh va Isroilni sulhni buzganlikda ayblab, BAA, Kuvayt va Bahraynga zarbalar berdi
Fors ko‘rfazi mamlakatlari bir necha soat oldin imzolangan ikki haftalik Amerika-Eron sulhiga qaramay, Eron tomonidan zarbalar berilgani haqida xabar qilmoqda.
Foto: AFP
Al Jazeera xabariga ko‘ra, 8 aprel kuni ertalab BAA havo hujumidan mudofaa kuchlari Erondan uchayotgan qanotli va ballistik raketalar, shuningdek, dronlarni «faol ravishda to‘xtatgan».
Kuvayt armiyasi mamlakat janubidagi «hayotiy muhim» neft obektlari, elektr stansiyalari va suv tozalash inshootlariga dronlar tomonidan zarbalar berilgani haqida xabar qildi. «Eronning shiddatli dushmanona hujumlari» tufayli infratuzilmaga jiddiy zarar yetgani aytilmoqda. Kuvayt harbiylari ma’lumotlariga ko‘ra, jami 28 ta dron urib tushirilgan.
Bahrayn Ichki ishlar vazirligi ham Eron tomonidan hujumlar bo‘lgani va ikki kishi yaralanganini ma’lum qildi. «Eron dronini urib tushirish oqibatida ikki fuqaro yengil jarohat oldi, Sitra [mamlakat markazidagi sanoat-energetika hududi] hududidagi bir qator uylarga zarar yetdi», deyiladi vazirlik bayonotida.
Ertalab portlashlar Bahrayn poytaxti Manamada ham eshitilgan, deb xabar berdi AFP. Fors ko‘rfazi mamlakatlariga zarbalar Eron davlat ommaviy axborot vositalari AQSh bilan sulh kuchga kirganidan bir necha soat o‘tib, ertalabki «dushman hujumlari» haqida e’lon qilganidan keyin sodir bo‘ldi. IRNA davlat agentligining ta’kidlashicha, mahalliy vaqt bilan ertalab soat 10 atrofida Eronning Fors ko‘rfazidagi Lavan orolidagi neftni qayta ishlash zavodiga zarba berilgan. Biroq, obektga kim hujum qilgani aniqlanmagan.
Prezident Donald Tramp Eronga bergan ultimatum muddati tugashidan taxminan bir yarim soat oldin u bilan 14 kunlik sulh tuzganini e’lon qildi. Oq uy rahbari so‘zlariga ko‘ra, Tehron AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri de-fakto yopilgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokdan chiqarishga rozi bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Erondan 10 banddan iborat taklif olgan va uni muzokaralar uchun «ishchi asos» deb biladi. Tramp, shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida to‘planib qolgan kemalarga yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Tehronda sulhga rozilik tasdiqlandi. Shu bilan birga, mamlakat Milliy xavfsizlik oliy kengashi Eron «buyuk g‘alabaga erishgani va jinoyatchi Qo‘shma Shtatlarni o‘n banddan iborat rejasini qabul qilishga majburlaganini» aytdi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, o‘z navbatida, kemalar Eron harbiylari bilan muvofiqlashtirilgan holda ikki hafta ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishi mumkinligini tasdiqladi. CNN nashrining Oq uydagi manbasiga ko‘ra, Isroil ham ikki haftalik sulhga qo‘shilgan.