Jahon | 23:16 / 10.04.2026
6562
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng baland osmono‘par binolardan biri 18 yillik tanaffusdan so‘ng qurib bitkaziladi

Osmono‘par bino qurilishi 2009 yilda boshlangan, ammo 2015 yilda birja qulashi tufayli unga egalik qiluvchi kompaniya bankrot bo‘lgan va qurilish to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Foto: Xinhua

Xitoyda, aftidan, allaqachon amalga oshirib bo‘lmaydigan haddan tashqari ambitsiyalar ramziga aylangan dunyodagi eng baland tugallanmagan osmono‘par bino qurib bitkaziladi. Bu haqda Honkongning South China Morning Post nashri yozdi.

«Bir paytlar dunyodagi eng baland tashlandiq osmono‘par bino deb atalgan, Xitoy shimolidagi Goldin Finance 117 binosi qurilishi yakuniy bosqichga o‘tgan ko‘rinadi», deyiladi maqolada.

Osmono‘par bino qurilishi 2009 yilda boshlangan, ammo 2015 yilda birja qulashi tufayli unga egalik qiluvchi kompaniya bankrot bo‘ldi va qurilish to‘xtatib qo‘yildi. Biroq endi obektdagi ishlar qayta tiklandi. Xususan, mart oyi oxirida ishchilar osmono‘par bino tomiga romb shaklidagi tojni o‘rnatishni boshlagani haqida xabar berildi.

Bino mamlakat shimoli-sharqidagi Tyanjin port shahrida joylashgan. Agar obekt loyihaga muvofiq qurib bitkazilsa, uning balandligi 596 metr bo‘lib, dunyodagi eng baland 5- yoki 6- osmono‘par binoga aylanadi.

Qurilish o‘tgan yili obekt egasining qarzlarini restrukturizatsiya qilish va uni davlat investorlari tomonidan sotib olish tufayli qayta tiklandi. Hozir obekt Xitoy ko‘chmas mulk bozorini barqarorlashtirish va unga bo‘lgan ishonchni tiklash uchun muhim loyiha sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ishlar 2027 yilda yakunlanishi kutilmoqda.

Xitoy davlat ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, osmono‘par binoning ichki maydonlari bo‘lajak ijarachilar o‘rtasida allaqachon taqsimlangan. Binolarni 17 ta kompaniya ijaraga oladi, ulardan 7 tasi davlatga tegishli.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid