Jahon | 20:48
3421
7 daqiqa o‘qiladi

«Men Viktorni yaxshi ko‘raman» – Donald Tramp nega Orbanni qo‘llayapti?

Yevroittifoqda eng uzoq muddat – 16 yildan buyon lavozimda qolayotgan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban yakshanba kungi saylovlarda hokimiyatni boy berishi mumkin. Ammo AQSh va Rossiya Orbanni qo‘llayapti: Tramp saylovchilar bilan telefon orqali gaplashdi, Vensni Budapeshtga yubordi. Kreml ham Yevropadagi maslakdoshini yo‘qotgisi yo‘q.

Viktor Orban va J.D. Vens Budapeshtdagi saylovoldi mitingida / Foto: NYT

Yevropa Ittifoqida eng uzoq muddat lavozimda qolayotgan bosh vazir Viktor Orban 2010 yildan beri Vengriyani boshqarib kelmoqda. U mustaqil ommaviy axborot vositalari va demokratik huquqlarni cheklash orqali o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgan. Biroq, uch yillik iqtisodiy turg‘unlik va yashash xarajatlarining keskin oshishi, shuningdek, hukumatga yaqin oligarxlarning boyishi saylovchilarni g‘azablantirdi.

Reutersʼning yozishicha, Viktor Orbanning saylov kampaniyasi, uning hukumati Moskva bilan til biriktirgani haqidagi xabarlar tufayli ham larzaga keldi.

Orbanning sobiq «sodiq odami» Peter Magyar vengerlarning noroziligidan muvaffaqiyatli foydalana olgan. U va uning o‘ng markazchi «Tisza» partiyasi hozirda ko‘plab so‘rovnomalarda ishonchli tarzda yetakchilik qilmoqda.

Ammo siyosiy tahlilchilar – hali bir qarorga kelmagan saylovchilar, saylov xaritasining Orban partiyasi foydasiga qayta chizilgani noaniqlik kayfiyatini yaratganidan ogohlantirmoqda. Shu bois har qanday natija ehtimoldan xoli emas.

«O‘ta muhim saylov»

9,6 million aholiga ega Vengriyada Markaziy Yevropa muhim o‘rin tutadi. Shu bois saylovlarga stavkalar yuqori.

«Bu Yevropada va Yevropa uchun ko‘p yillardan buyon eng muhim saylovlardan biridir. Rasmiy Moskva Vengriyaga Yevropa Ittifoqi ichidagi qadrli va muammo tug‘diruvchi suhbatdosh sifatida qaraydi. Chunki Orban ruslar bilan energetika aloqalarini saqlab qoladi va Ukrainaga nisbatan Yevropaning har qanday davlatidan ko‘ra ancha qat’iy ohangni qo‘llaydi», deydi Chatham House'ning Yevrosiyo dasturlari direktori Greguar Rus.

Viktor Orban Vengriyadagi saylov kompaniyasida chiqish qilyapti – 27 mart / Foto: Reuters

Tramp ma’muriyatining Orbanni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlashi shu haftada AQSh vitse-prezidenti J.D. Vensning tashrifi bilan yakunlandi. Vens ovoz berish jarayoniga Yevropa Ittifoqining «sharmandali» aralashuvini tanqid qildi. Yevropa Komissiyasi vakili esa saylovlar «faqat fuqarolarning tanlovi» ekanini bildirdi.

Moskva ham darhol bunga ergashdi. Chorshanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Yevropadagi, Bryusseldagi ko‘plab kuchlar Orbanning saylovlarda yana g‘alaba qozonishini xohlamaydi», deb aytdi.

Moskvaga qarshi Yevroittifoq sanksiyalarini tanqid qilib kelayotgan Vengriya Rossiya nefti va gaziga qattiq qaram bo‘lib qolmoqda. Orban Ukrainadagi urushda shikastlangan neft quvuri bo‘yicha nizoni vaj qilib, dekabr oyida kelishilgan Ittifoqning Ukrainaga kreditini bloklab qo‘ydi, Nashrning yozishicha, bu uning Bryussel bilan bo‘lgan ko‘plab nizolaridan oxirgisi edi.

«Men Viktorni yaxshi ko‘raman»

Seshanba kuni prezident Donald Tramp va vitse-prezident J.D. Vens shov-shuvli tomosha va tantanali marosim bilan Vengriyadagi saylov kampaniyasining yakuniy bosqichiga qo‘shildi.

Xususan, Vens Budapeshtda Orbanni shaxsan qo‘llab-quvvatladi. Tramp esa Vengriyaning hukmron partiyasi tarafdorlari bilan to‘lib-toshgan stadionga telefon orqali jo‘shqin maqtovlar yo‘lladi.

«Men Vengriyani yaxshi ko‘raman va Viktorni yaxshi ko‘raman. Sizga aytyapmanki, u ajoyib inson», dedi Vashingtondan telefon orqali gapirgan Tramp. New York Times'ning yozishicha, Trampning so‘zlari Budapeshtdagi konsert arenasiga jaranglab eshitildi.

«Men Viktorning ashaddiy muxlisiman. Men u bilan oxirigacha birgaman», deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Saylovdagi Orbanning eng zaif nuqtasi — Vengriyaning to‘xtab qolgan iqtisodiyoti haqida gapirar ekan, janob Vens uning sevimli argumentlarini takrorlab, Yevropa Ittifoqini aybladi. U korrupsiya va samarasiz boshqaruvni tilga olmadi.

16 yillik hokimiyatdan so‘ng Orban o‘z o‘rnini topishga qiynalmoqda. Chunki uning «Fides» partiyasi yakshanba kungi ovoz berish oldidan o‘tkazilgan ko‘plab so‘rovnomalarda ancha ortda qolmoqda.

Tramp ma’muriyatining yordami foyda beradimi-yo‘qmi, hozircha noaniq. Ular Orbanning ashaddiy siyosiy bazasini birlashtirishi mumkin. Ammo bu Eron bilan bo‘layotgan urushdan xavotirda bo‘lgan vengriyalik saylovchilarni begonalashtirishi mumkin.

Turli qarashlar

«Tisza» yetakchisi, 45 yoshli Peter Magyar esa korrupsiyaga qarshi kurashish, Yevropa ittifoqining muzlatilgan mablag‘larini ochish, eng boylarga soliq solish, shuningdek, Vengriyaning inqirozga yuz tutgan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga va’da berdi.

U saylovlar – Vengriya o‘zini Yevropa davlati sifatidagi o‘rnini mustahkamlashi yoki avtoritar lagerga yanada chuqurroq og‘ib ketishini hal qiladi, deb hisoblamoqda.

«Tisza» yetakchisi Peter Magyar / Foto: Reuters

«Yana bir necha kun va biz rejim o‘zgarishini ko‘ramiz. Bu mamlakatimiz Rossiya qo‘g‘irchog‘iga aylanishining oldini olish uchun eng so‘nggi imkoniyatdir... 'Fides'ga Vengriyani Yevropa Ittifoqidan chiqarib yuborishiga yo‘l qo‘ymaylik», dedi Magyar chorshanba kungi mitingda.

Orban esa Yevroittifoqni tark etishni emas, balki uni ichkaridan isloh qilishni xohlashini aytadi. U bu saylovni «urush yoki tinchlik» o‘rtasidagi keskin tanlov sifatida ko‘rsatib, uning raqiblari Vengriyani Ukrainada davom etayotgan urushga tortib ketishini iddao qilmoqda. «Tisza» bu ayblovni rad etadi.

«Bu saylov Vengriyaning kelajagi haqida. Tanlov aniq: qaramlik va inqiroz — yoki suverenitet, kuch va tinchlik», dedi Orban seshanba kuni.

Tahlilchilarning aytishicha, agar «Tisza» 199 o‘rinli parlamentda oddiy ko‘pchilik ovoz bilan g‘alaba qozonsa, yangi hukumat uchun Orban amalga oshirgan huquqiy va institutsional o‘zgarishlarini bekor qilish g‘oyat qiyin vazifa bo‘ladi. Bu «doimiy qonunchilik blokadasi va siyosiy noaniqlik muhitiga» olib kelishi mumkin.

Shu bilan birga, agar «Tisza» g‘alaba qozonsa «Vengriya iqtisodiyoti uchun katta turtki va Rossiyaga qarshi qat’iyroq sanksiyalarni qo‘llash»ga yo‘l ochiladi.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid