Jahon | 08:58
1583
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Erondan tankerlardan haq olmaslikni talab qildi

Donald Tramp Eron hokimiyatiga murojaat qilib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan tankerlardan to‘lov olmaslikni bildirdi. Uning aytishicha, “neft juda tez orada yana oqa boshlaydi”.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Tehronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan neft tankerlaridan to‘lov undirmaslik haqida ogohlantirdi.

“Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan tankerlardan haq olayotgani haqida xabarlar kelmoqda — ular bunday qilmagani ma’qul, — deb yozdi u 9 aprel, payshanba kuni kechqurun o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida. — Agar bu rostdan ham shunday bo‘lsa, buni darhol to‘xtatishi kerak!”

Boshqa bir postida Tramp Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft o‘tkazish masalasida “juda yomon ishlayapti”, deb tanqid qildi: “Ayrimlar hatto buni insofsizlik deyishi ham mumkin. Bu biz kelishgan narsa emas!”

Shu bilan birga, Oq uy rahbari Eron “uning sa’y-harakatlari tufayli” hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligini ta’kidladi va yaqin orada neft “yana oqa boshlashini” aytdi: “Bu Eron yordamida bo‘ladimi yoki usiz — men uchun farqi yo‘q”.

8 aprelga o‘tar kechasi AQSh va Eron uzoq davom etgan janglardan so‘ng ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Ayni paytda, Tehron hokimiyati Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishga tayyor ekanini bildirgan, ammo uni o‘z nazorati ostida saqlab qolish va u yerdan o‘tayotgan kemalardan to‘lov undirish niyati borligini ham ma’lum qilgan.

Kpler tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilinganidan keyin bo‘g‘oz orqali atigi bir nechta kema o‘tgan, jumladan, Eron bayrog‘i ostidagi ikki tanker ham.

Dunyoda neft tashish uchun eng muhim yo‘llardan biri hisoblangan mazkur bo‘g‘oz orqali qatnovni qayta tiklash Trampning so‘nggi haftalarda Eronga qo‘ygan asosiy talablaridan biri bo‘lgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Islom Respublikasi AQSh boshlagan harbiy harakatlarga javob sifatida bo‘g‘ozni to‘sib qo‘ygach, neft narxlari oshib ketgan va bu Trampni ancha murakkab vaziyatga solib qo‘ygan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid