Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vengriya Yevropa tomon tanlov qildi - Ursula fon der Lyayyen
“Vengriya Yevropa tomon tanlov qildi. Yevropa hamisha Vengriyani tanlagan”, - deb yozdi Ursula fon der Lyayyen X ijtimoiy tarmog‘ida Vengriyadagi saylovlarda g‘alaba qozongan Peter Madyarning “Tisa” partiyasini tabriklar ekan.
Foto: Darko Bandic/AP
Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen yakshanba, 12 aprel kuni, Vengriyadagi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan va konstitutsion ko‘pchilikni qo‘lga kiritgan muxolifatchi Peter Madyarning “Tisa” partiyasi g‘alabasini olqishladi.
“Vengriya Yevropa tomon tanlov qildi. Yevropa hamisha Vengriyani tanlagan”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida, ingliz va vengr tillarida post qoldirib.
“Mamlakat o‘zining Yevropa yo‘liga qaytmoqda. Ittifoq yanada kuchaymoqda. Bugun kechqurun Yevropaning yuragi Vengriyada yanada kuchliroq uryapti”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Germaniya kansleri Fridrix Mers ham Madyarni tabrikladi.
“Kuchli, xavfsiz va eng avvalo birlashgan Yevropa yo‘lida hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutyapman”, — deb ta’kidladi Germaniya hukumati rahbari X tarmog‘ida.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful esa o‘z navbatida Vengriya xalqi siyosiy o‘zgarishlar yo‘lini tanlaganini ta’kidladi.
“Umid qilamanki, endi mamlakat Yevropada va Yevropa bilan birga o‘zining ulkan imkoniyatlaridan yana foydalanadi”, — dedi Germaniya diplomatiyasi rahbari, shu bilan birga saylovdagi juda yuqori ishtirok darajasiga ham e’tibor qaratdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron X tarmog‘ida Peter Madyar bilan telefon orqali muloqot qilgani va uni tabriklaganini ma’lum qildi. Fransiya rahbari venger siyosatchisini “yanada suveren Yevropa”ni birgalikda ilgari surishga chaqirdi.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ham Peter Madyarni saylovdagi g‘alaba bilan tabrikladi. Italiya hukumati unga faoliyatida muvaffaqiyat tilaydi, deb yozdi o‘ng qanot hukumat rahbari X tarmog‘ida.
U o‘z postida Viktor Orbanga ham so‘nggi yillardagi faol hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi va uni o‘zining do‘sti deb atadi.
“Bilamanki, u muxolifatda bo‘lsa ham, o‘z mamlakatiga xizmat qilishda davom etadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Vengriyadagi voqealarni tarixiy palla deb atadi.
“Bu nafaqat Vengriya, balki Yevropa demokratiyasi uchun ham tarixiy palladir”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida va ikki mamlakat xavfsizligi hamda farovonligi yo‘lida vengr hamkasbi bilan ishlashini qo‘shimcha qildi.
Saylov komissiyasi vakillari bahosiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok darajasi rekord ko‘rsatkich — 79 foizga yetgan.
Ovozlarning 91,9 foizi sanab chiqilgan natijalarga ko‘ra, “Tisa” partiyasi 53,72 foizdan ortiq ovoz to‘plamoqda. Viktor Orbanning hukmron “Fides” partiyasi esa 37,67 foiz ovoz olgan.
Saylov komissiyasi bundan oldin ham muxolifat yetakchisi Peter Madyar va uning o‘ng-markazchi “Tisa” partiyasi 199 o‘rinli yangi parlamentda 138 ta o‘rinni qo‘lga kiritishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Bu parlamentdagi o‘rinlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini anglatadi.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban mag‘lubiyatni tan oldi.
“Nima bo‘lishidan qat’i nazar, hatto muxolifatda bo‘lsak ham, mamlakatga xizmat qilamiz”, — dedi u 12 aprel kuni kechqurun Budapeshtda o‘z tarafdorlari oldida.
Mavzuga oid
08:37
Vengriyada hokimiyat almashmoqda: Orban mag‘lubiyatni tan oldi
20:48 / 10.04.2026
«Men Viktorni yaxshi ko‘raman» – Donald Tramp nega Orbanni qo‘llayapti?
08:32 / 07.04.2026
Vengriya Rossiya gazi keladigan quvurni harbiy nazoratga olmoqda
09:17 / 06.04.2026