Jahon | 07:47
3381
4 daqiqa o‘qiladi

Mamlakatlarning oziq-ovqat mustaqilligi reytingi e’lon qilindi

Oziq-ovqat xavfsizligi - bu faqat yetarli miqdorda kaloriya masalasi emas, balki muvozanatli ovqatlanish uchun zarur bo‘lgan barcha oziq moddalar spektrini ta’minlash masalasi hamdir.

Foto: RIA Novosti

Yangi xaritada har bir mamlakat yettita asosiy oziq-ovqat guruhidan nechtasini o‘z ishlab chiqarishi hisobiga ta’minlay olishi aks ettirilgan. Ma’lumotlar Nature Food jurnali tadqiqotiga asoslangan. Natija hayratlanarli: dunyoda faqat bitta davlat o‘zining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini imporsiz to‘liq qondira oladi.

Tahlil asosiy toifalarni — don, meva, sabzavot, sut mahsulotlari, go‘sht, baliq va dukkakli o‘simliklarni qamrab olgan bo‘lib, mamlakatlarning oziq-ovqat mustaqilligi haqida yanada to‘liqroq tasavvur beradi. Hatto AQSh, Xitoy va Rossiya kabi yirik agrar davlatlar ham ushbu yo‘nalishlarning kamida bittasi bo‘yicha importga qaram.

Barcha yettita mahsulot guruhi bo‘yicha o‘zini to‘liq ta’minlay oladigan yagona mamlakat — Gayana. Bundan tashqari, u faqat ichki ehtiyojni qoplabgina qolmay, kraxmalli mahsulotlar va mevalarni ortiqcha miqdorda ham ishlab chiqaradi. Shu bois u jahon oziq-ovqat mustaqilligi xaritasida yaqqol istisno sifatida ko‘zga tashlanadi.

Xitoy va Vetnam bu ko‘rsatkichga juda yaqin bo‘lib, yettita toifaning oltitasi bo‘yicha o‘zini ta’minlaydi. Biroq har ikki mamlakatda ham sut mahsulotlari ishlab chiqarish yetishmaydi, bu esa tarmoqning tuzilmaviy cheklovlari bilan izohlanadi. Reyting yetakchilari ham kamida bitta yo‘nalish bo‘yicha importga qaram bo‘lib qolmoqda.

Rivojlangan mamlakatlar ko‘pincha kutilgandan pastroq natija ko‘rsatadi. Masalan, Kanada va AQSh yettita toifaning faqat to‘rttasinigina qoplay oladi. Ular go‘sht, sut mahsulotlari va don ishlab chiqarishda kuchli pozitsiyalarga ega bo‘lsa-da, meva va sabzavot bo‘yicha importga sezilarli darajada bog‘liq.

Bu manzara ko‘p jihatdan geografiya va iqlim bilan belgilanadi. Shimoliy mamlakatlarda ekin o‘sishi davrining qisqaligi yangi mahsulotlar yetishtirishni cheklaydi. Natijada, hatto yuqori rivojlangan agrar tizimlar ham faqat ichki resurslar hisobiga muvozanatli ratsionni to‘liq ta’minlay olmaydi.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika eng kam o‘zini o‘zi ta’minlay oladigan hududlar qatoriga muntazam kirib keladi. Buning asosiy sabablaridan biri — suv resurslarining yetishmasligi: ushbu hudud hissasiga jahon aholisining taxminan 6 foizi to‘g‘ri keladi, biroq qayta tiklanuvchi toza suv zaxiralarining 2 foizidan ham kam qismi shu yerga to‘g‘ri keladi. Bu esa qishloq xo‘jaligi rivojini jiddiy tarzda cheklaydi.

Baliq ishlab chiqarish ham jahon miqyosidagi asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, jahon baliqchiligining taxminan 91 foizi Osiyo hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunday yuqori darajadagi jamlanish ko‘plab mamlakatlarni dengiz mahsulotlari importiga qaram qilib qo‘yadi, hatto ular go‘sht yoki o‘simlik mahsulotlari bilan o‘zini mustaqil ta’minlay olsa ham.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid