Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyoning eng kuchli suvosti flotlari ma’lum qilindi
2026 yil uchun tuzilgan jahon suvosti flotlari reytingi AQSh, Xitoy va Rossiya atom flotlari hamda strategik uzoq harakatlanish imkoniyatlari tufayli suvosti urushida ustunlik qilayotganini ko‘rsatadi.
Foto: AP
Army Recognition nashri jurnalistlari 12 mamlakat flotini tahlil qilib, bugungi kunda kuch qurilmasi turi, avtonomlik, yashirinlik darajasi va harbiy doktrina oddiy son ko‘rsatkichidan ko‘ra muhimroq ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlagan. Atom flotlari global zarba berish va javob qaytarish imkoniyatlarini ta’minlasa, zamonaviy atomsiz submarinalar mintaqaviy tiyib turish strategiyalarini tobora faol shakllantirmoqda. Amerikaning Virginia toifasidagi qayiqlarini joylashtirishdan tortib, Xitoyning strategik raketa tashuvchi suvosti kemalarini ko‘paytirishgacha bo‘lgan jarayon suvosti urushini son emas, balki chidamlilik, aniqlik va maxfiylik musobaqasiga aylantirmoqda.
Aslida to‘liq “top-10”ni tuzish uchun 12 mamlakatni ko‘rib chiqish talab etiladi. Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti baholash tamoyillariga yaqin yondashuv asosida shakllantirilgan ushbu guruhga Rossiya, AQSh, Xitoy, Eron, KXDR, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Gretsiya kiritilgan. Masala kimda suvosti kemalari ko‘proq ekanidagina emas, balki har bir flot nimalarga mo‘ljallanganini tushunishdadir: yadroviy tiyib turish, chuqur zarbalar, dengiz blokadasi, “bastion”larni himoya qilish, qirg‘oqbo‘yi hududlarda raqibni zaiflashtirish, suvosti kemalariga qarshi kurash yoki bahsli akvatoriyalarda strategik kuch namoyishi.
Jahon iyerarxiyasining eng yuqori pog‘onasida AQSh, Rossiya va Xitoy turibdi. Bu ularning ko‘lami, yadroviy avtonomligi va strategik ta’siri bilan izohlanadi. Faqat shu uch davlatgina suvosti urushida shunday yuqori bosqichni shakllantiradiki, bunda vazifa endi oddiy kemalarni yo‘q qilish emas, balki kafolatlangan javob zarbasini ta’minlash, razvedka olib borish, aviatashuvchi va raketa guruhlariga hamrohlik qilish, shuningdek, kuchli himoyalangan platformalardan uzoq masofali oddiy va yadroviy zarbalar berishdan iborat bo‘ladi. Bu nuqtai nazardan, suvosti kuchlarining tuzilishi milliy strategiya bilan chambarchas bog‘liq.
AQSh eng universal suvosti derjavasi bo‘lib qolmoqda, chunki uning floti to‘liq atom flotidan iborat va butun dunyo bo‘ylab harakat qila oladi. Ko‘p maqsadli suvosti kemalari, qanotli raketa tashuvchilar va strategik raketa tashuvchilar uyg‘unligi yashirin razvedka, suvosti kemalariga qarshi kurash, quruqlikka zarba berish hamda yadroviy tiyib turishgacha bo‘lgan barcha vazifalarni qamrab oladi. Flotning asosini Virginia toifasidagi kemalar tashkil etadi, Columbia dasturi esa yadroviy triadaning ishonchliligini saqlashda muhim o‘rin tutadi. AQShning asosiy ustunligi nafaqat sonda, balki dunyoning istalgan nuqtasida uzoq vaqt davomida va maxfiy tarzda harakat qila olish qobiliyatidadir.
Rossiya eskalatsiyani boshqarish va yashovchanlikka asoslangan doktrinasi tufayli yuqori ligadagi o‘rnini saqlab qolmoqda. Uning floti tarkibiga strategik raketa tashuvchilar, qanotli raketa tashuvchilar, atom ko‘p maqsadli qayiqlar va mintaqaviy dengizlar uchun mo‘ljallangan dizel-elektr submarinalar kiradi. Markaziy element — “bastion mudofaasi” konsepsiyasi, ya’ni shimoliy va Arktikadagi yaxshi himoyalangan patrul hududlarida raketa tashuvchilarni asrash bilan birga zarba berish imkoniyatini saqlab qolish. Amaliy jihatdan Rossiya suvosti kemalari global ishtirokdan ko‘ra ko‘proq strategik qasos, harbiy teatrlarni izdan chiqarish va muhim nishonlarga kutilmagan zarbalar berishga yo‘naltirilgan.
Xitoy reytingdagi eng tez rivojlanayotgan kuch sifatida mintaqaviy mudofaadan okean miqyosidagi suvosti flotini shakllantirishga o‘tmoqda. Xitoy harbiy-dengiz kuchlari tez sur’atda o‘smoqda va “birinchi orol zanjiri”dan tashqarida uzoq muddatli amaliyotlar uchun atom suvosti kemalariga tobora ko‘proq tayana boshladi. 093 turidagi kemalar zarba va kuzatuv vazifalarini bajarsa, 094 turidagi raketa tashuvchilar yadroviy tiyib turishning dengiz komponentini shakllantirmoqda. Xitoy doktrinasi hali ham qirg‘oq suvlarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lsa-da, uning uzoq dengizlarda harakat qilish va aviatashuvchi guruhlariga hamrohlik qilish tomon evolyutsiyasi yaqqol ko‘rinmoqda.
Uchlikdan keyin Eron son har doim ham haqiqiy qudratni anglatmasligini ko‘rsatmoqda. Rasman uning floti Ghadir turidagi kichik qayiqlar, qirg‘oqbo‘yi Fateh kemalari va eski Kilo submarinalari hisobiga katta ko‘rinadi. Ammo AQSh bilan urush chog‘idagi yo‘qotishlar uning amaldagi imkoniyatlarini jiddiy kamaytirgan. Shu bilan birga, Eron doktrinasi boshidanoq okean amaliyotlariga mo‘ljallanmagan: suvosti kemalari tor bo‘g‘ozlarni nazorat qilish, minalash va Ho‘rmuz bo‘g‘ozida pistirma taktikasi uchun xizmat qiladi. Ya’ni bu flot strategik kuchdan ko‘ra qirg‘oqbo‘yi tiyib turish vositasidir.
KXDR son jihatidan Eronga yaqin, ammo doktrinasi bilan farq qiladi va ayrim jihatlarda kattaroq tahdid tug‘diradi. Uning suv osti kemalari asimmetrik bosim, qo‘rqitish va boshlang‘ich dengiz yadroviy komponentini yaratish vositasi sifatida qaraladi. Texnik jihatdan ortda qolgan bo‘lsa-da, Pxenyan buni raketa qurollari va noodatiy platformalar bilan qoplashga urinmoqda. Bu yerda bashorat qilib bo‘lmaslikning o‘zi strategiyaning bir qismiga aylangan.
Yaponiya va Janubiy Koreya atomsiz suvosti kuchlarining eng yuqori darajasini namoyon etadi. Yaponiyaning Taigei kabi yangi avlod kemalari litiy-ion akkumulyatorlaridan foydalanib, yuqori avtonomlik va maxfiylikni ta’minlaydi. Cheklangan akvatoriyalarda bu ularni juda samarali qarshi ta’sir vositasiga aylantiradi. Janubiy Koreya esa bundan ham ilgarilab ketgan: KSS-III toifasidagi kemalar havodan mustaqil qurilma, zamonaviy akkumulyatorlar va raketalar uchun vertikal ishga tushirish qurilmalari bilan jihozlangan. Bu ularni hatto atom energetikasisiz ham strategik tiyib turish elementiga aylantiradi.
Hindiston oraliq o‘rinni egallaydi: uning floti mintaqaviy nazorat vazifalarini Arihant turidagi raketa tashuvchilar orqali dengiz yadroviy komponentini rivojlantirish bilan birlashtiradi. Biroq an’anaviy kuchlarni modernizatsiya qilish bir tekis kechmayapti. Turkiya esa o‘z sanoat bazasini rivojlantirishga tayanyapti. Reis toifasidagi suvosti kemalari va MILDEN loyihasi texnologik mustaqillikka erishish hamda mintaqaviy ta’sirni kuchaytirishga qaratilgan.
Buyuk Britaniya va Fransiya son jihatidan kichikroq bo‘lsa-da, juda kuchli suvosti derjavalari bo‘lib qolmoqda. Ularning to‘liq atom flotlari kafolatlangan yadroviy tiyib turish va global hozirlikka yo‘naltirilgan. Gretsiya esa ushbu ro‘yxatdagi eng kichik flotga ega, ammo uning ahamiyati geografiya bilan kuchayadi: Egey dengizida hatto cheklangan kuchlar ham raqibni samarali tiyib tura oladi.
Reytingning asosiy xulosasi shundan iboratki, suvosti kuchlarini soniga qarab emas, balki vazifasi va qo‘llash maqsadiga qarab baholash kerak. AQSh, Rossiya va Xitoy ko‘lam va strategik imkoniyatlar uyg‘unligi tufayli yetakchi hisoblanadi. Buyuk Britaniya va Fransiya sifat miqdordan muhimroq ekanini ko‘rsatadi. Yaponiya va Janubiy Koreya atomsiz flotlar ham katta salohiyatga ega ekanini tasdiqlaydi. Hindiston va Turkiya strategik avtonomiyaga olib boruvchi turli yo‘llarni namoyon etadi. Eron va KXDR esa hatto nisbatan kuchsiz flotlar ham, agar ular tiyib turish va noaniqlik strategiyasiga qurilgan bo‘lsa, xavfli bo‘lishi mumkinligini eslatadi.