1979 yil 17 fevral kuni Xitoy armiyasi chegarani buzib o‘tib, do‘st davlat – Vetnamga bostirib kiradi. O‘rtada urush boshlanadi va u bir oy davom etadi. Ana shu muddatda har bir tomon 50 mingdan oshiq harbiydan ayriladi. O‘n minglab tinch aholi qurbon bo‘ladi. Xo‘sh, o‘shanda bu ikki davlat nega urushgan edi?

Bugun Vetnam va urush so‘zlari tilga olinganda barchaning xayoliga 1965-1975-yillarda bo‘lib o‘tgan Amerika-Vetnam urushi keladi.

Biroq 20 asrning ikkinchi yarmida Vetnam ishtirokida yana bir urush bor. Xitoy-Vetnam urushi deb nom olgan bu to‘qnashuvda ikki do‘st davlat Xitoy va Vetnam o‘zaro jang qilgan.

Xitoy-Vetnam urushi haqida SSSR tarixida ma’lumotlar kam berilgan. Sovet tarix darsliklariga bu urush tafsilotlari kiritilmagan.

Chunki Xitoy va Vetnam SSSR boshchiligidagi sotsialistik lagerga kirardi. Sovetlar esa sotsialistik lager “do‘st va inoq davlatlardan tashkil topganini” iddao qilardi.

Shu sababli rasmiy Moskva o‘z ta’sir doirasi ostidagi ikki davlat o‘rtasidagi urushni “do‘stlik, qardoshlik” haqidagi balandparvoz gaplarga ishonib yurgan sovet xalqi bilishini xohlamagan.

Xitoy-Vetnam urushidan oldingi vaziyat

Bugun Vetnam sotsialistik respublikasi deb ataladigan davlatning tashkil topishi oson bo‘lmagan. Ikkinchi jahon urushidan keyin ham Vetnam joylashgan Hindixitoy yarimoroli yevropaliklar nazoratida edi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng hududda ikki marta urush bo‘ladi. Birinchi Hindixitoy urushi deb nomlangan urush 1946-1954-yillarda bo‘lib o‘tadi.

Bu urushda Hindixitoydagi xalqlar mustaqillik uchun kurashishadi va natijada Vetnam, Laos hamda Kamboja mustaqillikka erishadi. Hudud shundan so‘ng ham tinchimaydi va endi kommunistik hamda kapitalistik tuzum tarafdorlari o‘zaro urushni boshlab yuboradi.

Ana shu paytda Vetnam ham ikkiga bo‘linadi. Uning shimoliy qismini kommunistik tuzum tarafdorlari, janubiy qismini kapitalistik tuzum tarafdorlari egallaydi.

1965 yilda Vetnamdagi fuqarolar urushiga AQSh ham qo‘shiladi va bu yerda 10 yil jang qiladi. Oxir-oqibat amerikaliklar mag‘lub bo‘ladi va 1975 yilda o‘z qo‘shinlarini janubiy Vetnamdan olib chiqadi.