Jahon | 21:32
1393
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda sobiq amaldor Tszenbin korrupsiya uchun o‘limga hukm qilindi

Uning uyi yerto‘lasida o‘tkazilgan tintuv chog‘ida umumiy og‘irligi 13,5 tonna bo‘lgan oltin quymalari va 23 tonna naqd pul topilgan edi.

Foto: Sinxua

Xitoyning Xaykou shahri sobiq meri Lou Tszenbin korrupsiya va uzoq yillar davomida mansabini suiiste’mol qilgani uchun o‘lim jazosiga hukm etildi, deb xabar berdi MSN.

2,8 million aholisi bo‘lgan Xaykou janubiy Xaynan provinsiyasining poytaxti hisoblanadi. Lou Tszenbin 2019 yilda hibsga olingan edi. Uning uyi yerto‘lasida o‘tkazilgan tintuv chog‘ida umumiy og‘irligi 13,5 tonna bo‘lgan oltin quymalari va 23 tonna naqd pul topilgan. Rasmiylar topilgan narsalar qiymati 4,5 milliard dollarni tashkil etishini ma’lum qildi.

Tergov Lou Tszenbinning uzoq yillar davomida shaxsiy maqsadlarda xizmat mavqeini suiiste’mol qilganini aniqladi. U pora evaziga turli biznesmenlar, jumladan, quruvchilar manfaatlarini ilgari surgan, ma’lum loyihalarga ruxsat bergan yoki ularni to‘xtatgan, shartnomalar taqdim etish bo‘yicha homiylik ko‘rsatgan, tijorat faoliyati turlariga litsenziyalar bergan va hokazo. 2025 yil may oyida Lou Tszenbin partiyadan chetlatildi.

Lou Tszenbinga o‘lim hukmi chiqarildi, ijro ikki yilga kechiktirildi. Agar ushbu muddat davomida sobiq amaldor boshqa noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etmasa, shuningdek, huquq-tartibot organlariga boshqa jinoyatlarni ochishda yordam berishda davom etsa, o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosiga yoki hatto qat’iy belgilangan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtiriladi.

Lou Tszenbin o‘z faoliyatini 1990 yilda davlat xizmatida boshlagan. 1993 yilda Xitoy Kommunistik partiyasiga a’zo bo‘lgan. Xaykou meri etib tayinlanishidan oldin Tszenbin Xaynan va Sichuan provinsiyalarining davlat va partiya organlarida turli lavozimlarda ishlagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid