Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
500 yil odamlardan yashirilgan shahar va Buyuk devor sirlari – Chin yurtiga safar
Xitoyni tushunish uchun uni o‘qish kamlik qiladi. Uni ko‘rish, uning ichiga kirish kerak. Bu mamlakat – shunchaki davlat emas, balki ming yillik tarix nafas olayotgan ulkan bir olam.
Kun.uz jamoasi bu gal dunyoning eng qudratli davlatlaridan biri – nafaqat texnologiyasi, balki boy tarixi bilan ham hayratga soluvchi Chin yurtiga safar qildi. Bizning ilk manzilimiz Pekinning qoq markazida joylashgan, dunyodagi eng mashhur saroylardan biri – Gugun majmuasidir. Xalq orasida u “Taqiqlangan shahar” nomi bilan tanilgan. Shuningdek, mamlakat ramzi – Buyuk Xitoy devorini ham ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
U shaharga kirish taqiqlangan edi
Nega “taqiqlangan”? Chunki qariyb besh asr davomida bu yerga imperator iznisiz kirgan odam qattiq jazoga tortilgan. Bu darvozalar ortida oddiy inson uchun yopiq, mutlaq hokimiyat hukmron bo‘lgan dunyo yashagan.


Bugun esa bu mahobatli darvozalar barcha uchun ochiq.
Gugun qurilishi XV asr boshlarida boshlanib, o‘n yildan ortiq davom etgan. Uni barpo etishda millionlab ishchilar va eng sara ustalar ishtirok etgan. Natijada deyarli alohida shaharga teng ulkan majmua paydo bo‘lgan.
Qadimiy afsonaga ko‘ra, saroyda 9999 yarimta xona bo‘lgan. Chunki mukammal 10 ming raqami faqat osmonga xos deb hisoblangan. Imperator esa o‘z qarorgohini undan bir pog‘ona past tutish orqali “kamtarlik”ni namoyon qilgan, deyiladi.
Bu yerda yurganingda vaqt go‘yo sekinlashib qolgandek. Hamma narsa – devorlar, hovlilar, hatto havo ham tarix bilan to‘lib turganday.
Har bir detalda ma’no bor
Gugunda hech bir narsa tasodifiy emas. Tomlarning tillarang bo‘lishi – imperatorlik qudrati ramzi. Qalin poydevorlar esa shunchalik mustahkam qurilganki, dushmanlar yer ostidan yo‘l ochib kira olmagan.


Saroy hududidagi katta mis qozonlar ham bejiz qo‘yilmagan. Ular yong‘in chiqqan taqdirda suv saqlash uchun xizmat qilgan. Qishda muzlab qolmasligi uchun hatto ostida olov yoqilgani haqida ma’lumotlar bor.
Qizig‘i shundaki, Gugunda bunday qozonlar yuzlab bo‘lgan. Saroy binolarining asosiy qismi yog‘ochdan qurilgani uchun yong‘in xavfi doim yuqori hisoblangan. Shu sababli bu qozonlar hudud bo‘ylab strategik tarzda joylashtirilgan – ular yong‘inga qarshi ilk himoya chizig‘i vazifasini bajargan.
Ayrim qozonlar oddiy misdan yasalgan bo‘lsa, eng muhim hisoblanganlari hatto tilla suvi yuritilgan holda tayyorlangan. Bu nafaqat amaliy ehtiyoj, balki saroy ichidagi iyerarxiyani ham aks ettirgan.
Manbalarda qayd etilishicha, bosqinlar paytida ayrim qozonlar talon-toroj qilingan, chunki ular qimmatbaho metall sifatida baholangan.
Bu bir qarashda oddiy detal orqali bir muhim haqiqat ochiladi: Gugunda hatto yong‘inga qarshi tizim ham tasodifiy emas, balki oldindan puxta o‘ylangan va qat’iy tartib asosida ishlagan.
Shu ma’noda, saroy – faqat hashamat emas, balki aniq qoidalarga bo‘ysungan murakkab mexanizm ham bo‘lgan.
Arslonlar saroyni qo‘riqlaydi
Saroydagi har bir darvoza oldida sizni mahobatli tosh arslonlar kutib oladi. Ular shunchaki bezak emas.


O‘ng tomondagi erkak arslon panjasi bilan sharni bosib turibdi – bu imperatorning butun dunyo ustidan hukmronligi ramzi.
Chap tomondagi urg‘ochi arslon esa bolasini asrab turibdi – sulola davomiyligi va oila mustahkamligi timsoli.
Xitoyliklarning ishonishicha, bu arslonlar yomon niyatli odamlarni saroyga yaqinlashtirmaydi.
So‘nggi imperator taqdiri
Bu devorlar qariyb besh asr davomida dunyoning eng qudratli insonlariga boshpana bo‘lgan.
XV asrdan XX asr boshlarigacha bu yerda ikki sulolaning 24 nafar imperatori yashagan. Ammo tarix shafqatsiz.
1912 yilda Xitoyda monarxiya tugatildi. So‘nggi imperator Pu I esa o‘z saroyida hukmdor emas, balki mahbusga aylanadi. Oradan bir necha yil o‘tib, u bu yerdan butunlay chiqarib yuboriladi.
Shu bilan besh asrlik davr yakunlanadi. Va ilk bor “taqiqlangan” shahar oddiy xalq uchun ochiladi.
Saroy ichidagi sokin olam
Saroyning shimoliy qismida butunlay boshqa muhit hukm suradi.


Bu yer – imperator oilasi dam olgan bog‘. Qadimiy daraxtlar, mayda toshlardan yasalgan mozaik yo‘laklar va sokin muhit – qattiqqo‘l tizim ichidagi nafis dunyodek tuyuladi.
Bu yerda yurganda odam o‘zini saroy shovqinidan uzoq, alohida bir makonda his qiladi.
Bugun Gugun dunyoda eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzeylardan biri. Muzeyga yiliga 19 milliongacha sayyoh tashrif buyurmoqda.
Gugun – Xitoyning yuragi. Uni to‘liq ko‘rish uchun bir kun kamlik qiladi. Ammo u qoldiradigan taassurot uzoq saqlanadi.
Buyuk Xitoy devori: qo‘rquvdan qurilgan inshoot
Bu – shunchaki devor emas, ko‘p asrlik qo‘rquv, himoya va matonatning ifodasi.
Buyuk Xitoy devori bir vaqtning o‘zida qurilgan yagona inshoot emas. U turli davrlarda, turli sulolalar tomonidan bosqichma-bosqich barpo etilgan murakkab mudofaa tizimidir. Ilk devorlar miloddan avvalgi III asrda paydo bo‘lgan.

Keyingi asrlarda devor bir necha bor qayta qurildi, kengaytirildi va mustahkamlandi. Ayniqsa, Min sulolasi davrida u hozirgi ko‘rinishga keltirildi.
Devorning asosiy maqsadi – dushmanni to‘xtatishdan ko‘ra, uning harakatini sekinlashtirish va nazorat qilish bo‘lgan. Bu yerdagi minoralar va signal tizimi orqali har qanday xavf haqida xabar tez yetkazilgan.
Lekin bu devorning yana bir qiyofasi bor. Aytishlaricha, uni qurish jarayonida minglab odamlar halok bo‘lgan. Shuning uchun ayrimlar uni “yer ustidagi eng uzun qabriston” deb ham atashadi.
Bu yerda turganingda shamol qattiq uradi, zinalar esa kutilganbdan ancha tik va notekis. Har qadamda inson nafaqat balandlikni, balki tarixni his qiladi.
Harbiy hiyla va muhandislik
Devor bo‘ylab ma’lum masofalarda kuzatuv minoralari joylashgan. Bu minoralar bir vaqtlar signal berish nuqtasi bo‘lgan. Dushman ko‘ringanda olov yoqilgan va xabar zanjir kabi tezlikda poytaxtga yetib borgan.


Zinalarning turli balandlikda qurilgani ham bejiz emas, bu dushman harakatini sekinlashtirish uchun o‘ylab topilgan harbiy hiyladir.
Ayrim g‘ishtlarda esa ularni yasagan ustalarning ismlari muhrlangan. Bu o‘sha davrdagi o‘ziga xos sifat nazorati bo‘lgan deyish mumkin.
Tarixning tirik guvohi
Bugun Buyuk Xitoy devori dunyodagi eng mashhur turistik manzillardan biriga aylangan. Har yili millionlab odamlar bu yerga kelib, asrlar osha saqlanib qolgan ulkan inshootni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.
Lekin bu devorni faqat raqamlar va ko‘rsatkichlar orqali tushunish qiyin. Uning ustida yurganingda, har bir qadaming go‘yo tarix bilan yuzma-yuz kelgandek bo‘ladi. Shamol devor bo‘ylab erkin yuguradi, atrofdagi tog‘lar esa bu tarixiy obidaga yanada mahobat berib turibdi. Bu yerda inson o‘zini juda ham kichik his qiladi.

Buyuk Xitoy devori – bu o‘tmishda qolib ketgan yodgorlik emas. U hali ham “tirik”. Chunki u hali ham odamlarni hayratga solyapti, o‘ylantiryapti va tarix bilan bog‘lab turibdi.
Biz bu safarda Xitoyning o‘tmishi bilan yuzma-yuz keldik. Ammo bu mamlakat faqat tarixdan iborat emas.
Keyingi materialimizda biz mutlaqo boshqa Xitoyni ko‘ramiz, ya’ni osmono‘par binolar, “aqlli” shaharlar va kelajak texnologiyalari olamini. Xitoy qanday qilib kelajakni barpo etmoqda? Bu haqida navbatdagi sayohatimizda.
Mavzuga oid
21:32 / 21.04.2026
Xitoyda sobiq amaldor Tszenbin korrupsiya uchun o‘limga hukm qilindi
17:59 / 20.04.2026
Sotsialistik lagerdagi bo‘linish - ikki do‘st davlat, Xitoy va Vetnam nega urushgandi?
16:24 / 19.04.2026
Robot poygada inson o‘rnatgan rekordni yangiladi
22:08 / 16.04.2026