Hozir yon-atrofga qaralsa, juda ko‘p bolalarning qo‘lida smartfon. Hatto ayrimlar hali tili chiqmagan va yurishni ham bilmaydigan bolalarining xarxashasiga chidashdan ko‘ra, ularni telefon bilan tinchlantirishni afzal ko‘rmoqda. Mutaxassislar o‘z o‘rnida mobil qurilmalar bilan ko‘p vaqt o‘tkazilishi bolalarning diqqat, xotira va fikrlash jarayonlariga ta’sir o‘tkazishini aytmoqda. Xo‘sh, bunday holatda robototexnika bolalarni smartfonga qaramlikdan qutqaruvchi vositaga aylana oladimi? Kun.uz muxbiri shu savolga javob izladi.
Amerika pediatriya akademiyasi saytida e’lon qilingan maqolada 2–4 yoshdagi bolalar kuniga o‘rtacha 2 soat, 5–8 yoshdagi bolalar esa kuniga o‘rtacha 3,5 soat vaqtini mobil qurilmalarda sarflayotgani qayd etilgan. Mutaxassislar bolalarning smartfonlarda buncha ko‘p vaqt sarflashi ularning diqqat, xotira va fikrlash jarayonlariga ta’sir qilibgina qolmay, balki umumiy rivojlanish jarayoni, nutq shakllanishi hamda ijtimoiy faolligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
O‘z o‘rnida mutaxassislar gadjetlarga bo‘lgan qiziqishni yo‘q qilish, cheklash o‘rniga, uni to‘g‘ri tomonga yo‘naltirishni tavsiya qilmoqda. Shu yo‘nalishlardan biri sifatida robototexnika tilga olib kelinmoqda.
Robototexnika — bolaga nafaqat o‘yin, balki real hayotga yaqin muammolarni hal qilish imkonini beradi. Bu esa unda mantiqiy fikrlashni kuchaytiradi va bilimni amaliyot bilan bog‘laydi.
Bolalarning rivojlanishida ota-onaning roli ham juda katta. Farzandning qiziqishlarini erta aniqlash va uni to‘g‘ri yo‘naltirish — kelajakdagi salohiyatini shakllantirishda asosiy omillardan biri.
“Ota-onalar farzandi yig‘lamasligi uchun to‘g‘ri tarbiyalash o‘rniga qo‘liga telefon berib, televizor yoqib qo‘ymoqda. Bu bolaning tarbiyasiga juda salbiy ta’sir qiladi. Mening farzandim ham bir yoshidanoq telefon o‘ynashni boshladi — oqibatda bolalarga qo‘shilmaydigan, faqat multfilm dunyosiga kirib ketadigan bo‘lib qoldi”, — deydi farzandlarini robototexnika kurslarida o‘qitayotgan Malika Tursunova.
Uning aytishicha, robototexnika darslaridan so‘ng farzandlarida tezda o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, boshqalar bilan muloqotga kirishishi osonlashgan. Vazifalarni ham tezroq bajarishni boshlagan.















