Jahon | 09:15
719
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh NIS uchun vaqtinchalik litsenziya muddatini yana 30 kunga uzaytirdi

AQSh Moliya vazirligi huzuridagi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Serbiyaning NIS neft kompaniyasiga sanksiyalar sharoitida faoliyat yuritish imkonini beruvchi vaqtinchalik litsenziya muddatini yana 30 kunga uzaytirdi. Bu qaror kompaniya faoliyatini uzluksiz davom ettirish hamda «Gazprom» ulushini sotish jarayonini yakunlash uchun qo‘shimcha vaqt beradi.

Foto: AP

Serbiya energetika vaziri Dubravka Djyedovich-Xandanovich ma’lum qilishicha, OFAC NIS kompaniyasi uchun berilgan vaqtinchalik litsenziyani yana bir oyga uzaytirgan. Shu tariqa kompaniya AQSh sanksiyalari amal qilayotgan sharoitda ham o‘z operatsion faoliyatini davom ettira oladi.

Vazirning aytishicha, Panchevo shahridagi neftni qayta ishlash zavodi xom neftni qayta ishlashni to‘xtatmagan va ishlab chiqarish jarayoni davom etmoqda.

NIS 2025 yil yanvar oyida kompaniya kapitalida «Gazprom» ishtirok etgani sababli AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Vashington «Gazprom neft» hamda u bilan bog‘liq kompaniyalarga tegishli umumiy 56 foiz aksiyalar sotilishini talab qilmoqda. Sanksiyalar kuchga kirgach, Xorvatiya orqali o‘tuvchi Adriatika neft quvuri (JANAF) bo‘ylab neft yetkazib berish to‘xtatilgan, natijada Panchevodagi neftni qayta ishlash zavodi ham ishini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Avvalroq Vengriyaning eng yirik neft-gaz kompaniyasi — MOL «Gazprom» va «Gazprom neft»ga tegishli ulushlarni sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. OFAC dastlab ushbu bitimni 2026 yil 22 mayga qadar yakunlash muddatini belgilagan, ammo keyinchalik bu muddatni bir necha marta uzaytirdi.

Ayni paytda «Gazprom neft» NIS aksiyalarining 44,9 foiziga egalik qiladi. Yana 11,3 foiz aksiya «Gazprom»ning investitsiya bo‘linmasi tasarrufida. Serbiya hukumati esa kompaniyaning 29,9 foiz aksiyalariga ega.

NIS Serbiya energetika tizimi uchun strategik ahamiyatga ega kompaniya hisoblanadi. U mamlakatning benzin va dizel yonilg‘isiga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 80 foizini, aviatsiya yonilg‘isi va og‘ir mazutga bo‘lgan talabning esa 90 foizdan ortiq qismini ta’minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid