Jahon | 20:37 / 30.04.2026
6911
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik aviatashuvchi kema rekord darajadagi missiyadan so‘ng uyiga qaytadi

Dunyodagi eng yirik USS Gerald Ford samolyot tashuvchi kemasi Eronga qarshi urushda va Venesuela rahbari Nikolas Maduroni qo‘lga olishda qatnashgan 300 kundan ortiq rekord darajadagi suzishdan so‘ng uyiga qaytadi.

Foto: Makis Karsonakis/Reuters

The Guardian nashrining yozishicha, amerikalik ikki rasmiy aviatashuvchi kema yaqin kunlarda Yaqin Sharqni tark etishini va may oyi o‘rtalarida Virjiniyadagi o‘z portiga qaytishini ma’lum qilgan.

O‘tgan hafta mintaqaga USS George Bush aviatashuvchisi yetib keldi, natijada Yaqin Sharqda Amerikaning uchta shunday kemasi joylashtirildi - bu 2003 yildan beri kuzatilmagan holat. USS Abraham Lincoln kemasi ham yanvar oyidan beri mintaqada.

Shu oyda USS Gerald Ford aviatashuvchisi Norfolk harbiy-dengiz bazasidan ketganidan keyin deyarli 10 oyni dengizda o‘tkazib, Vetnam urushidan keyingi eng uzoq muddatli suzish bo‘yicha Amerika rekordini yangiladi.

Avvalroq bu rekord 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi paytida 294 kun dengizda bo‘lgan USS Abraham Lincoln kemasiga tegishli edi. Shu bilan birga, bu hozir hisobdan chiqarilgan «Miduey» aviatashuvchisiga tegishli bo‘lgan suzish rekordiga yetmaydi. U 1972 va 1973 yillarda 332 kun davomida dengizda bo‘lgan.

USS Gerald Ford o‘z sayohatini O‘rtayer dengizi yo‘nalishidan boshladi. Keyin oktabr oyida Karib dengiziga yo‘naltirildi, bu mintaqadagi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik dengiz kuchlarini oshirish doirasida amalga oshirildi.

Aviatashuvchi Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha harbiy operatsiyada ishtirok etdi. Keyin Eron bilan munosabatlar keskinlashganda Yaqin Sharqqa yo‘l olib, yangi janglarda ishtirok etdi.

Aviatashuvchi Eron bilan urushning dastlabki kunlarida O‘rtayer dengizida edi, keyin esa mart oyi boshida Suvaysh kanalidan o‘tib, Qizil dengizga chiqdi. Biroq, kir yuvish xonalaridan biridagi yong‘in aviatashuvchini ta’mirlash uchun O‘rtayer dengiziga qaytishga majbur qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid