Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Permga qatorasiga ikkinchi kun dronlar hujum qildi
Yong‘in oqibatida shahar uzra qora tutun ko‘tarilgan. Rasmiylar sukut saqlamoqda.
Planet Labs PBC / Reuters / Scanpix / LETA
30 aprel kuni Ukraina Permga dronlarning yopirilma hujumini amalga oshirdi – bu holat qatorasiga ikkinchi kun kuzatilmoqda. Perm – Rossiyaning aholi soni milliondan oshiq bo‘lgan shaharlari orasida o‘n beshinchi o‘rinda bo‘lib, Rossiya va Ukrainaning rasmiy chegarasidan qariyb 1400 kilometr masofada joylashgan.
Tongda Perm o‘lkasida dronlar hujumi xavfi e’lon qilinib, mahalliy aeroport bir necha soatga yopib qo‘yildi. Havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar ishga tushdi, televideniye orqali ham xavf haqida ogohlantirishlar berildi.
Bir necha oliy ta’lim muassasalari, xususan, Perm davlat universiteti hamda Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining (REU) mahalliy filialida darslar onlayn formatga o‘tkazildi. Shu bilan birga, maktablar va bolalar bog‘chalarining katta qismi ishlashda davom etgan: dronlar hujumi xavfi rejimi vaqtida bolalar yo‘laklarda va sport zallarida yashirinishgan. Bundan tashqari, shaharda jamoat transporti faoliyatiga o‘zgartirishlar kiritilgan hamda 1 mayga rejalashtirilgan salyut bekor qilingan.
OSINT-pabliklar ma’lumotiga ko‘ra, dronlar nishoni Rossiyaning eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri bo‘lmish «Lukoyl-Permnefteorgsintez» (PNOS) bo‘lgan; keyinroq bu ma’lumotni Ukraina xavfsizlik xizmati ham rasman tasdiqladi. Ushbu zavod Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi bo‘yicha sakkizinchi o‘rinda turadi.
Astra nashri aniqlik kiritishicha, dronlar rezervuar parkiga kelib urilgan. Korxonada kuchli yong‘in boshlangan, u yerda ko‘tarilgan tutun ustuni shaharning barcha nuqtalaridan ko‘rinib turibdi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, tutun 120 kilometr masofaga cho‘zilgan.
Rasmiylar esa shaharda ro‘y berayotgan voqealar haqida deyarli ma’lumot bermayapti. Mintaqadagi hududiy xavfsizlik vazirligi tafsilotlarni keltirmasdan, Perm «ostonasida» «bir necha» dron urib tushirilgani haqida xabar bergan.
Perm o‘lkasi gubernatori Dmitriy Maxonin bugun o‘z telegram-kanalida «sanoat maydonchalaridan biriga» qilingan hujum haqida birgina xabar qoldirgan, shu bilan birga, regionda dronlar hujumi oqibatlari aks etgan foto va videolarni e’lon qilish taqiqlanganini alohida qayd etgan. Perm shahri meri Eduard Sosnin esa hujum yuzasidan hech qanday munosabat bildirmagan. RF prezidenti matbuot kotibi RF Dmitriy Peskov ham har kungi brifingida Permdagi vaziyatga to‘xtalmadi.

Rospotrebnadzorning hududiy boshqarmasi Permdagi aholi yashash kvartallarida havo sifati ketma-ket ikkinchi kun monitoring qilinayotgani va «vaziyat nazorat ostida» ekanini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, aholiga kuyindi hidi paydo bo‘lganida yoki salomatligi yomonlashgan holatlarda ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etilgan.
«Perm 36,6» telegram-kanali yozishicha, shahardagi davlat xizmatchilari «portlashlar haqidagi xabarlarga e’tibor bermaslik va „shunchaki ishlashda davom etish“ga undalmoqda».
29 aprel kuni Ukraina dronlari «Transneft» kompaniyasining Perm shahridan bir necha kilometr masofada joylashgan ishlab chiqarish-dispetcherlik stansiyasiga zarba bergandi. U yerda kuchli yong‘in boshlangan, shaharda esa «neft yomg‘iri» yog‘gandi. Rasmiylar bu holat haqida ham sukut saqlashgan, maktablar va bolalar bog‘chalari odatiy rejimda ishlashda davom etgandi.