Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina yana Tuapsega zarba berdi
Ukraina bir oy ichida to‘rtinchi bor Tuapsega hujum qildi. Permda esa neft obektlaridagi yong‘in o‘chirilmoqda. Ikki shaharda ham ekologik falokat yuzaga kelgan.
AFP / Scanpix / LETA
Tuapse. Ukraina 1 mayga o‘tar kechasi Krasnodar o‘lkasining Tuapse shahriga navbatdagi marta zarba yo‘lladi. Region operativ shtabiga ko‘ra, dengiz terminali hududida yong‘in chiqqan. Olovni o‘chirish uchun 100 dan ortiq kishi va 40 dan ortiq texnika jalb etilgan. Rasmiylar hech kim yaralanmagani haqida ma’lum qilgan.
Ukrainadagi Exelinova+ monitoring pabligi xabar qilishicha, terminal hududida neft mahsulotlari saqlanayotgan bir necha rezervuar yonib ketgan. Guvohlar tomonidan olingan kadrlarda Tuapse osmonida quyuq qora tutun ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.
AFP / Scanpix / LETA
Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev Ukrainaning Tuapse bo‘ylab yangi zarbasi yuzasidan munosabat bildirmadi. Uning telegram-kanalida 1 may bayrami munosabati bilan tabrik e’lon qilingan, gubernator o‘lka aholisiga ularning xonadonida «doimo tinchlik, ezgulik va farovonlik hukm surishi»ni tilagan.
Ukraina so‘nggi haftalarda muntazam ravishda Tuapseni o‘qqa tutmoqda. 16 apreldan buyon ukrain dronlari Tuapsedagi dengiz terminali va ushbu terminal bilan bitta kompleks tarkibida bo‘lgan mahalliy neftni qayta ishlash zavodiga bir necha bor hujum qilgandi. Shaharda keng ko‘lamli yong‘inlar chiqqan, har bir holatda olovni o‘chirish uchun bir necha kundan vaqt sarflangan. Neftni qayta ishlash zavodidagi oxirgi yong‘in 30 aprel kuni, navbatdagi zarba yo‘llanishi arafasida o‘chirilgandi.
Neft obektlarida chiqqan yong‘inlar tufayli Tuapsedagi ekologik vaziyat keskin yomonlashgan: shaharga bir necha bor «neft yomg‘iri» tushgan, daryo va dengizda neft mahsulotlari qoldiqlari aniqlangan (ularni yig‘ishtirib olish ishlari davom etmoqda). Neftni qayta ishlash zavodidagi so‘nggi yong‘in vaqtida ko‘chalarga qaynab turgan neft sizib chiqqan.
Perm. O‘t o‘chiruvchilar Perm shahri va uning tashqarisida 29 va 30 aprel kunlari «Transneft» va «Lukoyl» kompaniyalari obektlariga yo‘llangan zarbalar oqibatida chiqqan yong‘inlarni o‘chirishda davom etmoqda.
Mahalliy «Perm 36,6» telegram-kanalida e’lon qilingan foto va videolarda shahar osmonini qora tutun qamrab olgani aks etgan. Jurnalistlarga ko‘ra, shahar yo‘nalishini o‘zgartirgan va endi tutun Perm o‘lkasining janubiy rayonlari tomon yo‘nalgan. «Perm aholisi biroz yengil tortdi: hid yoki yo‘qoldi, yoki kamaydi», – deya yozadi kanal mualliflari. Shu bilan birga, Permda «neft yomg‘iri» yog‘ishi davom etmoqda.
Permdagi ekologik falokat ko‘lami va oqibatlari bo‘yicha Tuapsedagidan kam emas, deyishgan ekologlar «Agenstvo» nashriga. Ulardan biri anonimlik sharti bilan tutun va «neft cho‘kindilari» tarkibida «eng zararli moddalar – poliaromatik uglevodorodlar», shu jumladan, birinchi darajali xavfli kanserogen – benzol mavjudligini aytgan.
Boshqa bir ekspertning aytishicha, Perm o‘lkasidagi yong‘inlar «hatto Tuapsedagi yong‘inlardan ham kuchliroq, demak, xavfliroq bo‘lishi mumkin». «Bu xuddi Tuapsedagi kabi yong‘in, menimcha, u yerdagi zaharli va kanserogen moddalar havoda bir xil», – degan «Ekozashita!» ekologik guruhi vakili Vladimir Slivyak «Agenstvo» nashriga.
Perm o‘lkasi gubernatori Dmitriy Maxonin 1 may kuni sanoat maydonidagi yong‘inni o‘chirish joyiga borgani haqida yozgan (bu neftni qayta ishlash zavodimi yoki neft haydash stansiyasimi, aniq emas). Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Urusov yong‘in qurshab olinganini ma’lum qilgan.
Gubernator Rospotrebnadzor havo sifatini doimiy ravishda nazorat qilishda davom etayotganini ta’kidlagan: «Probalar muntazam ravishda olinmoqda, ifloslantiruvchi moddalar bo‘yicha ortiqcha ko‘rsatkichlar qayd etilmagan. Aholi uchun hech qanday xavf yo‘q».
Ukraina Kremlni urush olib borish uchun ishlatiladigan daromad manbayidan mahrum qilish maqsadida Rossiyadagi neft obektlariga ketma-ket zarbalar bermoqda. Bloomberg xabariga ko‘ra, aprel oyida Ukraina 2025 yil dekabridan keyingi davrda Rossiyaning neft obektlariga maksimal miqdorda hujum uyushtirgan. Agentlik hisoblashich, Ukraina bir oy ichida Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari, dengizdagi obektlar hamda neft mahsulotlari tashiladigan quvurlar bo‘ylab kamida 21 marta zarba yo‘llagan.
Bloomberg yozishicha, aprel oyida Rossiyaning to‘qqizta neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini to‘xtatgan. OilX tahlil kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarining o‘rtacha unumdorligi kuniga 4,69 million barrelgacha pasaydi, bu 2009 yil dekabridan beri eng past ko‘rsatkichdir.