Jahon | 21:13 / 07.06.2026
1181
11 daqiqa o‘qiladi

Tramp Netanyahuni so‘kdi, Zelenskiy Putinga xat yozdi – hafta dayjesti

Hafta davomida Zelenskiy Putinga xat yozib navbatdagi marta erkakchasiga, yakkama-yakka uchrshashishni taklif qildi, Rossiya prezidenti yana rad etdi. Amerika prezidenti Tramp Isroil bosh vaziri Netanyahuni bo‘ralatib so‘kdi. Qrimda energetik inqiroz avj oldi, Madrid qayta qurish arafasida. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini yodga olamiz.

«Sen jinnimisan?»

Haftaning eng esda qolarli voqeasi Tramp va Netanyahu janjali bo‘ldi. Ikki lider Isroilning Livandagi harakatlari sabab tortishib qolgan va Tramp suhbat davomida bir necha marta qo‘pollashib, haqoratli so‘zlar ishlatgan. Gap shundaki, Isroil Livanni bombalashni davom ettirgani sabab Eron Amerika bilan muzokaralardan chiqishini aytdi. Bu Trampga yoqmadi, shu sabab u Netanyahuga baqirganini tushunish mumkin.

Bu suhbat tafsilotlari Amerikaning Axios nashri orqali sizdirildi. Bu ishonchli manba, bunday insaydlar ko‘p marta ular orqali sizdirilgan. Isroil tomoni o‘z manbalari orqali Tramp Netanyahuni so‘kkani yolg‘on, deb xabar sizdirishga urindi, lekin endi isroilliklar gapiga o‘zidan boshqa hech kim ishonmayapti.

Tramp «Isroil bizga muhtoj, bizsiz hech nima qilolmasdi», deb yuqoridagi gaplarni qaysidir ma’noda tasdiqladi. «Yo‘q, men ajoyib do‘stim Netanyahuni «F» harfidan boshlanadigan mashhur so‘kish bilan siylamadim», deb chiqqani ham yo‘q.

Ana shunaqa, Isroil orqamda Amerika bor deb Livan bilan kelishgandan keyin ham bu davlatni hech qanday asossiz bombalab yotgandi. Qarasa, Isroilning orqasida turgan davlatga bu ish yoqmadi, chunki o‘sha davlat uyida katta maraka boshlab qo‘ygan, butun dunyodan mehmon kutyapti. Uy to‘la mehmon bo‘lsa-yu, kap-katta davlar ko‘chaga chiqib urushib yursa, uyat bo‘ladi.

Aslida bir davlat prezidenti boshqa bir davlat rahbarini so‘kkani sariq chaqaga arzimaydigan xabar, lekin bu ikki davlat Yaqin Sharqda urush boshlab qo‘yib, uni tugatolmayotgani inobatga olinsa, bu so‘kish nimalargadir ishora qiladi. Avvalo urush boshlash xato bo‘lganini kamida so‘kkan prezident his qila boshlaganini. So‘kish eshitgan narigisiga esa farqi yo‘q, u butun dunyo so‘kishiga ham odatlanib qoldi.

Maktub

Hafta davomida Ukraina prezidenti Zelenskiy Rossiya prezidenti Putinga xat yozib, navbatdagi marta yakkama-yakka uchrashishni taklif qildi. Kattagina xatda Zelenskiy Putinga sizlab murojaat qildi, lekin uni diplomatchasiga bo‘ralatib tanqid qildi, urushning yagona sababchisi deb atadi. Xat yakunida Zelenskiy Putinga Rossiyada sodir bo‘lgan revolyutsiyani eslatgan.

Putin Zelenskiyning xatiga javob berarkan uni «qo‘pollik alomatlari bor» deb atadi, yakkama-yakka uchrashish taklifini yana rad etdi. Zelenskiy Putinning bu javobini kuchsiz deb atadi: «Rossiya yana urushni tanladi. Bugungi javobni hamma eshitdi, kuchsiz javob. U shunchaki urushni tugatishni istamayapti. Uning urushi faqat o‘ziga va undan pul topayotganlarga yoqishini tan olishni istamaydi», dedi Zelenskiy.

Qrimda benzin inqirozi

Haftaning eng muhim voqealaridan biri Ukrainaga tegishli bo‘lgan, Rossiya 2014 yil o‘z tarkibiga qo‘shib olgan Qrimda benzin taqchilligi yuzaga kelgani bo‘ldi. Qaysidir davlatdagi «zapravka»da benzin yo‘qligi bilan nima ishimiz bor, deyishga shoshilmang. O‘sha davlat biz bilan juda yaqin iqtisodiy va siyosiy munosabatda, eng yaqin iqtisodiy hamkorimiz. Biz o‘sha davlatdan benzin olamiz va eng muhim avtoyoqilg‘i ana shu davlatdagi eng strategik hudduda taqchil bo‘lib qoldi. Bu aslo bee’tibor qoldiradigan holat emas.

Ukraina Rossiyaning quruqlik qismini Qrim bilan bog‘laydigan «Novorossiya» trassasini «o‘lim yo‘li»ga aylantirib, u yerdan yarimorolga benzin, dizel tashiyotgan yuk mashinalarni o‘qqa tutmoqda. Yuzlab mashinalar dron hujumi sabab yonib ketgan. Oqibatda yoqilg‘i Qrimgacha yetib bormay, taqchillik yuzaga keldi.

«Oreshnik» o‘qlanmagan ekan

O‘tgan hafta Rossiya Ukraina poytaxti Kiyevga «Oreshnik» degan ballistik raketa otgani esingizda bo‘lsa kerak. Bu 36 ta bo‘lakka bo‘linib portlaydigan raketa yadroviy kallakni ham olib ucholadi, shu sabab uning zich aholi yashaydigan shaharga tashlanishi hech qanday urush qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi.

«Oreshnik» Kiyevga tashlanishi ruslar tomonidan katta xursandchilik bilan qarshi olindi. Rossiya propagandasi juda ko‘tarinkilik bilan «harbiy aerodrom yo‘q qilganini» aytib chiqdi. Lekin Rossiya prezidenti Putin birgina bayonoti bilan propagandani biroz uyaltirib qo‘ydi.

Esingizda bo‘lsa, ukrain nashrlari «Oreshnik» aslida bitta emas, ikkita bo‘lgani, biri Rossiya nazoratidagi Donetskka tushgani haqida yozgandi. Vladimir Vladimirovich bu versiyani tasdiqladi, «Oreshnik» chindan ikkita bo‘lgan ekan. Lekin nyuans bor, Rossiya propagandasi «Kiyevning kulini ko‘kka sovurdi» deb chiqqan «Oreshnik» Putinning aytishicha, aslida jangovar qo‘llanilmagan ekan. Ya’ni, uning ichi bo‘sh bo‘lgan, Kiyev va Donetskka o‘qlanmagan raketa otilgan.

Va eng dahshati Putinning boshqa gapi. Uning aytishicha, raketa jangovar bo‘lmagan holatda otilgach, dronlar uning izini tekshirib chiqqan. Ya’ni, raketa sinov tariqasida Ukraina shaharlariga otilgan. Butun boshli raketalar poligonda emas, millionlab tinch aholi yashaydigan shaharlarda sinalayotganini aytgandik. Putinning gapidan kelib chiqadiki, ruslar «Oreshnik»ni poligonda emas, Kiyevga otib sinab ko‘rgan.

Kiyev ham mayli, dushman shahri deylik, lekin nega bitta raketa Rossiya bosib olgan Donetskka otildi? Rossiya u yerlarni o‘z konstitutsiyasiga kiritgan-ku, nahotki donetskliklarni o‘z odami deb qabul qilmayapti? Asosan ruscha gapiradigan odamlar yashaydigan shaharga sinov uchun ballistik raketa tashlashni qanday talqin qilish mumkin?

Urush qanday boshlanganini eslang. Putin «Rossiya Ukrainadagi rus tilida gaplashadigan aholini himoya qilish uchun» «SVO» boshlaganini aytgandi, lekin u boshlagan urushdan eng ko‘p aynan Ukraina sharqidagi ruscha gapiradigan, millati rus bo‘lgan, azaldan Rossiyani yaxshi ko‘rgan ukrainaliklar jabrlandi.

«Real»da qayta qurish

Qayta qurish deganda SSSR parchalanishi arafasida Mixail Gorbachev amalga oshirgan davlat siyosati ko‘z oldimizga keladi. Lekin bugun zulm imperiyasidagi «perestroyka» haqida emas, Yevropa markazidagi qayta qurishga to‘xtalmoqchiman.

Madridning «Real» klubi ana shunday qayta qurish arafasida turibdi. Klub prezidentligi uchun saylov avjida, Rikelme degani chiqib «Holandni olib kelaman, Kloppni olib kelaman», deb yotibdi. Dunyo futbolining tirik afsonasi Florentino Peres «Ronaldu darajasidagi transfer» va’da qildi, ikki yaxshi himoyachi bilan kelishib bo‘ldi, Mourino allaqachon «Real» uchun futbolchi tanlamoqda. Xvicha yoki Olise Madridga kelishi mumkin.

Xullas, kim yutsa ham, «Real»da katta qayta qurish qilmoqchi. Chunki ikki yillab katta sovrinsiz qolishni Madridda juda og‘riqli qabul qilishdi. Hammasi saylovda kim yutishiga bog‘liq. Peres yutishiga shaxsan men shubha qilmayman, lekin Rikelme sensatsiya qilishi ham mumkin.

Aslida kim yutishi boshqa masala, bu yerda eng e’tiborlisi – jarayonning o‘zi. Bizda klub prezidentini, aytaylik, viloyat hokimi biror yordamchisi bilan maslahatlashib tayinlaydi. «Real»da esa klub prezidenti bo‘lish uchun butun boshli saylov bo‘ladi, uncha-muncha davlatlarda bunaqa intrigali saylov ko‘rmaysiz, nomzodlar to‘laqonli saylov rejasi e’lon qiladi.

Raqobat bo‘lgach, rivojlanish ham shunga yarasha bo‘ladi. Madrid hokimi Ispaniya sport vazirligi qoshidagi Madrid muzofoti sport boshqarmasi rahbari bilan birga «Real» klubiga hech kim tanimaydigan biror «chinovnik»ni rahbar qilib tayinlaganida, bu klub hozirgidek ikki yil YeChLni yutolmaslikni fojia deb qabul qilmagan, katta tarix yozolmagan bo‘lardi.

Hafta iqtibosi

Bu gal hafta iqtibosi NATO bosh kotibi Mark Ryuttega tegishli bo‘ldi. Ukrainada Zelenskiy bilan uchrashgan kotib 9 may paradiga Kiyev tomonidan ruxsat berilganini hazil bilan esladi. «Ukraina shunchalik muvaffaqiyatli harakat qila boshladiki, Putin 9 may paradini mana bu odamning ruxsati bilangina o‘tkaza oldi», deb Zelenskiyni ko‘rsatdi NATO bosh kotibi.

Hafta suratlari

Doimgidek videoni hafta suratlari bilan yakunlaymiz. Birinchi surat Kubada olingan. Mahalliy aholi vakili o‘z idishlarini suvga to‘ldirib olmoqda. Amerika energiya blokadasi o‘rnatgan bu okean ichidagi davlatda vaziyat shunchalikka bordiki, odamlarga ichimlik suvi yetkazib berish muammoga aylanib qoldi.

Va mana shu odamlari ichimlik suvini arang topib ichayotgan davlat Amerikaday qudratli davlatga xavf tug‘dirayotgan ekan. Sem amakining jiyanlari, sal kurakda turadigan gaplarni gapirsangizchi, biqiningizdagi Kuba yordamga mujtoj, urushga emas.

Ikkinchi surat Yunonistonda olingan, undan hech qanday siyosiy ma’no qidirib o‘tirmang. Yunon hamkasbimiz Aris Messinis to‘lin Oyni Poseydon ibodatxonasi fonida mahorat bilan suratga olgan. Suratchilik ham ovchilikka o‘xshaydi men sizga aytsam: fursatni kutasan va tepkini bosasan. Ishing o‘xshasa, mana shunday ajoyib rasm olib, urushlar ichidagi dunyoga go‘zallik degan tushunchaki bir necha soniyaga bo‘lsa ham qayta eslatasan... Omon bo‘ling.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid