Jahon | 08:27
957
3 daqiqa o‘qiladi

Eron bilan urush Kongressda ham bahslarga sabab bo‘lmoqda

AQSh Vakillar palatasi prezident Donald Trampning Kongress ruxsatisiz Eronga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirishini taqiqlovchi rezolyutsiyani ma’qulladi. Hujjatni demokratlar bilan bir qatorda bir necha respublikachilar ham qo‘llab-quvvatladi.

Foto: AP

AQSh Kongressining quyi palatasi — Vakillar palatasi Donald Trampga Kongress tasdig‘isiz Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettirishni taqiqlovchi rezolyutsiyani qabul qildi.

CBS News ma’lum qilishicha, bu Eron bilan bog‘liq mojaro masalasida Vakillar palatasining birinchi marta Oq uy pozitsiyasiga qarshi chiqqan holati bo‘ldi.

Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, rezolyutsiyani 215 nafar kongressmen qo‘llab-quvvatlagan, 208 nafari esa qarshi chiqqan. Hujjat demokratlardan tashqari to‘rt nafar respublikachi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangani sababli qabul qilindi.

Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, Eron bilan urush Trampning o‘z partiyadoshlari orasida ham tobora kamroq qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bundan avval, 19 may kuni AQSh Senati ham Trampni parlament ruxsatisiz Eronga qarshi urush olib borishni to‘xtatishga majbur qiluvchi rezolyutsiyani ko‘rib chiqishni ma’qullagan edi. O‘shanda hujjatni 50 nafar senator qo‘llab-quvvatlagan, 47 nafari qarshi chiqqan.

Reuters agentligi qayd etishicha, hatto rezolyutsiya Kongressning har ikki palatasida qabul qilingan taqdirda ham, Tramp unga veto qo‘yishi ehtimoli juda yuqori.

1973 yilda qabul qilingan “Harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun”ga muvofiq, AQSh prezidenti Kongress roziligisiz faqat 60 kun davomida harbiy harakatlar olib borishi mumkin. Bu muddat tugagach, u yo harbiy amaliyotlarni to‘xtatishi, yoki Kongressdan rasmiy ruxsat olishi lozim.

Tramp 2026 yil 1 may kuni Kongressga Eron bilan urush “yakunlangani” haqida xabar bergan bo‘lsa-da, amalda harbiy harakatlar davom etmoqda. Xususan, may oyi boshida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Kuvayt va Bahrayndagi AQSh bazalariga qarata raketa va dronlar uchirganini ma’lum qilgan. Bunga javoban AQSh harbiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi Keshm orolida joylashgan Eron harbiy obektiga zarba bergan.

Tramp esa uning ma’muriyati Eron rahbariyati bilan urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarni davom ettirayotganini ta’kidlamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid