O‘zbekiston | 19:34
1387
4 daqiqa o‘qiladi

Urgutdagi “ibtidoiy” poliklinika to‘rt oyda qanday o‘zgardi?

1978 yilda qurilgan xaroba bino, bittagina eski ginekologik kreslo va oddiy tahlil uchun shaharga qatnaydigan odamlar... Bu Urgutning chekka hududidagi 21-sonli poliklinikaning 4 oy oldingi ahvoli edi. Bugun esa bu yerda oyiga 100 nafar chaqaloq xavfsiz sharoitda dunyoga kelmoqda. Qisqa muddat ichida “ibtidoiy” maskan qanday qilib zamonaviy klinikaga aylandi?

Eng og‘iri esa tog‘li hududlarda yashovchi homilador ayollar bilan bog‘liq vaziyat edi. Ahvoli og‘irlashgan bemorlarni qorli va xavfli yo‘llar orqali tuman markaziga olib chiqishga to‘g‘ri kelgan holatlar ko‘p bo‘lgan.

2025 yil 18 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida ushbu poliklinikada bo‘ldi. Tashrif chog‘ida muassasadagi sharoitlar va tutash joylashgan tug‘uruqxonadagi ahvol ko‘zdan kechirildi.

Ayniqsa, tug‘uruq bo‘limidagi manzara muammoning ko‘lamini yaqqol ko‘rsatib bergandi. Bo‘limda ayollar uchun yetarli sharoit yo‘q, zamonaviy jihozlar deyarli mavjud emasdi. Administratsiya rahbari holat bo‘yicha mas’ullarga kerakli ko‘rsatmalarni bergandi.

Oradan to‘rt oyga yaqin vaqt o‘tib, poliklinika, tug‘uruqxona va tez tibbiy yordam bo‘limi to‘liq qayta qurildi. Yangilangan muassasa 2026 yil aprel oyi oxirida aholiga topshirildi.

Bugun bu yer avvalgi manzarani eslatmaydi. 16 ta mahallaga xizmat ko‘rsatuvchi muassasada fizioterapiya bo‘limi uchun o‘nga yaqin zamonaviy qurilma o‘rnatildi. Ilgari bu yerda bittagina eski UVCh apparatidan foydalanilgan.

Avval umuman bo‘lmagan raqamli rentgen apparati va zamonaviy UZI uskunalari ham keltirildi. Ilgari aholi oddiy tahlil uchun ham boshqa hududlarga qatnashga majbur bo‘lgan bo‘lsa, hozir laboratoriyada 30 dan ortiq tahlil turlari shu joyning o‘zida amalga oshirilmoqda.

Tug‘uruq bo‘limidagi o‘zgarishlar esa eng muhim yangilanishlardan biri bo‘ldi. Ilgari bitta ginekologik kreslo bilan cheklangan bo‘limda hozir to‘liq jihozlangan operatsiya bloki tashkil etildi. Avval mavjud bo‘lmagan reanimatsiya xonasi va kislorod konsentratori ham ishga tushirildi.

Muassasa ma’lumotlariga ko‘ra, hozir oyiga qariyb 100 nafar chaqaloq ushbu tug‘uruq bo‘limida dunyoga kelmoqda.

Poliklinika faoliyati ham to‘liq raqamlashtirildi. Qog‘oz shaklida yuritilgan tizim o‘rniga elektron baza joriy qilindi, bemorlar uchun onlayn navbat xizmati ishga tushirildi. Barcha bo‘limlar zamonaviy kompyuter texnikasi bilan ta’minlandi.

Mutaxassislar tarkibi ham kengaymoqda. Oliy toifali pediatr, birinchi toifali rentgenolog ishga jalb qilingan, yosh shifokorlar ham ish boshlagan.

Yangilanishdan keyin muassasaga murojaat qiluvchilar soni ham oshgan. Ilgari bir kunda o‘rtacha 40-50 nafar bemor qabul qilingan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 200-400 nafarga yetgan.

Poliklinika hududida avtoturargoh, sog‘lomlashtirish maydoni tashkil etildi, hudud ko‘kalamzorlashtirildi. Avval mavjud bo‘lmagan kanalizatsiya tizimi va markazlashgan ichimlik suv tarmog‘i ham yo‘lga qo‘yildi.

Bir necha oy oldin tog‘ yo‘llaridagi xavf va yetishmovchiliklar bilan tanilgan bu muassasa bugun aholi yaqinida zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan, yangi bosqichga chiqqan tibbiyot maskani sifatida faoliyat boshladi.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid