Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyadagi fabrikada o‘zbekistonlik va bangladeshlik ishchilar mushtlashdi
Sankt-Peterburg yaqinidagi parrandachilik fabrikasida ommaviy mushtlashuv yuz berdi.
Rossiyaning Leningrad viloyati, Kirov tumani, Priladogskiy qishlog‘idagi parrandachilik fabrikasida O‘zbekiston va Bangladeshdan borgan ishchilar ommaviy mushtlashuv uyushtirdi.
Mojaro 12 may kuni «Sinyavinskiy» parrandachilik fabrikasida sodir bo‘lgan. Mushtlashuvda 60 ga yaqin kishi ishtirok etgan. 20 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatildi, 7 nafarining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.
Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, mushtlashuvdan so‘ng 12 nafar «eng faol ishtirokchi» politsiya bo‘limiga olib ketilgan.
Rasmiy xabarda ular 21 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlaridan birining fuqarolari sifatida ko‘rsatilgan. Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, mojaroga kelib chiqishi O‘rta va Janubiy Osiyodan bo‘lgan odamlar o‘rtasidagi og‘zaki janjal sabab bo‘lgan.
«Fontanka» nashri korxonaning ijrochi direktoriga qo‘ng‘iroq qildi. Mushtlashuv sabablari, ishtirokchilar va jabrlanganlar soni haqidagi savollarga u javob bermadi va suhbatni to‘xtatdi. Keyinroq u jurnalistlarga voqea «tekshirilayotgani»ni aytdi.
Hodisa tafsilotlari aniqlanmoqda. Politsiya jinoiy ish qo‘zg‘atish masalasini hal qilmoqda.