Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urushning uch oyi o‘tdi: Tramp Eronda yutqazyaptimi?
Tramp uchun qisqa muddatli oson g‘alaba bo‘lishi rejalashtirilgan urush uzoq muddatli strategik muvaffaqiyatsizlikka aylanib borayotgandek ko‘rinmoqda.
Foto: Reuters
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi deyarli har bir alohida hujumlarda g‘alaba qozongan bo‘lishi mumkin. Biroq Islom Respublikasiga hujum qilganidan uch oy o‘tgach, Tramp endi kattaroq savolga duch kelmoqda: u urushda yutqazyaptimi?
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi nazoratni saqlab turibdi, yadroviy yon berishlarga qarshilik ko‘rsatmoqda va Tehron diniy elitasi saqlanib qolgan. Shu sababli, Tramp AQSh harbiylarining taktik muvaffaqiyatlarini geosiyosiy g‘alaba sifatida natijaga aylantira olishiga bo‘lgan shubhalar kuchaymoqda.
Reuters nashri tahlilchilarga tayanib yozishicha, uning to‘liq g‘alaba haqidagi takroriy da’volari asossiz bo‘lib ko‘rinmoqda. Chunki har ikki tomon noaniq diplomatiya va AQShning zarbalarni qayta tiklash borasida tahdidlari o‘rtasida muvozanatni yo‘qotmoqda. Yangi zarbalar esa Eronning butun mintaqa bo‘ylab muqarrar javob qaytarishiga sabab bo‘lishi aniq.
Bundan tashqari, Tramp endilikda AQSh va uning arab ittifoqchilari mojarodan yanada yomonroq ahvolda chiqishi xavfiga duch kelmoqda. Ayni paytda Eron harbiy va iqtisodiy jihatdan zarba yegan bo‘lsa-da, Ho‘rmuzni bo‘g‘ib qo‘ya olishini ko‘rsatib, urush yakunida kattaroq ta’sir kuchi bilan chiqishi mumkin.
Oq uy matbuot kotibi yordamchisi Oliviya Vels AQSh «Shiddatli g‘azab» (Epic Fury) operatsiyasidagi barcha harbiy maqsadlarga erishgani yoki ulardan o‘tib ketganini aytdi. «Prezident Tramp barcha kartalarni qo‘lida ushlab turibdi va barcha variantlarni oqilona tarzda stolda (kun tartibida) saqlamoqda», deya qo‘shimcha qildi u.
Belgilangan muddatdan allaqachon tugadi
Mojaro – Tramp 28 fevral kuni urush boshlaganida belgilagan maksimal olti haftalik muddatdan ikki baravar ko‘p davom etdi.
Dastlab, havo zarbalari to‘lqinlari Eronning ballistik raketa zaxiralarini kamaytirdi. Uning harbiy-dengiz flotining katta qismini cho‘ktirildi va ko‘plab oliy rahbarlari o‘ldirildi.
Ammo Tehron bunga javoban bo‘g‘ozni to‘sib qo‘ydi, bu energiya narxlarining keskin ko‘tarilishiga olib keldi. Eron Isroil va Ko‘rfazdagi qo‘shnilariga hujum qildi. Shundan so‘ng Tramp Eron portlarini blokada qilishga buyruq berdi, biroq bu ham Tehronni o‘z irodasiga bo‘ysundira olmadi.
Eron rahbarlari Trampning g‘alaba haqidagi da’volariga javoban uning kampaniyasini «qaqshatqich mag‘lubiyat» deb tasvirlovchi o‘z tashviqotlarini olib borishdi.
O‘shandan beri MAGA siyosiy bazasi urush masalasida Trampni qo‘llab-quvvatlab turibdi. Ammo, saylovchilar noroziligiga uchrayotgan Respublikachi qonunchilar o‘rtasida bo‘linishlar yuzaga kelgan.
«Trampda aniq yakuniy maqsad yo‘q»
Inqiroz hali tugagani yo‘q. Ba’zi ekspertlar, agar muzokaralar uning foydasiga hal bo‘lsa, Tramp baribir o‘z obro‘sini saqlagan holda chiqish yo‘lini topishi ehtimolini aytmoqda.
Biroq boshqalar esa Tramp uchun urushdan keyingi ayanchli istiqbolni bashorat qilmoqda: «Uch oy o‘tdi. Tramp uchun qisqa muddatli oson g‘alaba bo‘lishi rejalashtirilgan urush uzoq muddatli strategik muvaffaqiyatsizlikka aylanib borayotgandek ko‘rinmoqda», deydi Oq uy ma’muriyatining Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq muzokarachisi Aron Devid Miller.
Tramp uchun bu juda muhim, ayniqsa u mag‘lub sifatida qabul qilinishga o‘ta ta’sirchan ekanini hisobga olinsa. Ammo, uning o‘zi bu haqoratni raqiblariga tez-tez ishlatib kelgan.
Eron inqirozida u o‘zini dunyodagi eng qudratli armiyaning oliy bosh qo‘mondoni sifatida ko‘rmoqda. U ustunlikka ega ekaniga qat’iy ishongan «ikkinchi darajali davlat»ga qarshi turibdi.
Tahlilchilarning fikricha, Tramp hali aniq yakuniy maqsadini belgilab olmagan. Shu bois u o‘zining birinchi muddatida bekor qilgan – 2015 yilgi Eron bilan yadroviy kelishuvning takrorlanishi o‘xshash har qanday murosaga qarshilik ko‘rsatishga moyil bo‘ladi. Chunki, ushbu og‘ir vaziyatda Tramp bunday kelishuvga borsa o‘zining maksimalistik pozitsiyalaridan chekingan kabi ko‘rinib qoladi.
Bosim va tushkunlik
Tramp ikkinchi muddatga saylovoldi kampaniyasida AQSh hech qanday keraksiz harbiy aralashuvlar qilmasligini va’da qilgandi. Biroq u AQShni o‘zining tashqi siyosatidagi yutuqlariga va xorijdagi obro‘siga uzoq muddatli zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan chalkashlikka olib keldi.
Davom etayotgan qarama-qarshilik – AQShda benzin narxining yuqoriligi va noyabr oyidagi oraliq saylovlar arafasida Trampning reytingi pasaygan bir vaqtda yuz bermoqda. Bu esa Tramp va uning partiyasiga kuchli ichki bosimni keltirib chiqargan. Respublikachilar Kongress ustidan nazoratni saqlab qolish uchun kurashmoqda.
Ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, bu bosimlar natijasida bugunga kelib Tramp keskin tanlovga duch kelgan: chiqish yo‘li sifatida kamchiliklarga ega kelishuvni qabul qilish yoki harbiy harakatlarni kuchaytirib, yangi xavflarni bo‘yniga olish. Agar diplomatiya barbod bo‘lsa, uning variantlari qatoriga keskin, ammo cheklangan zarbalar seriyasini berish, buni yakuniy g‘alaba sifatida taqdim etish kiradi.
Yana bir ehtimol shundaki, Tramp o‘zi shama qilganidek, mavzuni o‘zgartirish va osonroq g‘alabaga erishish umidida jamoatchilik diqqatini Kubaga qaratishga harakat qilishi mumkin.
Agar shunday bo‘lsa, u Havana tomonidan yuzaga keladigan qiyinchiliklarni noto‘g‘ri baholab qo‘yishi mumkin, deydi tahlilchilar. Bu xuddi – Trampning ba’zi yordamchilari yopiq eshiklar ortida Eron operatsiyasini Maduroni ushlanishiga xato o‘xshatgani kabi.
Tramp himoyachilardan holi emas
Trampning birinchi muddatidagi sobiq katta maslahatchisi Aleksandr Grey Eron kampaniyasi og‘ir ahvolda qolgani haqidagi fikrlarni rad etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronning harbiy salohiyatiga berilgan og‘ir zarba o‘z-o‘zidan «strategik muvaffaqiyat» bo‘lgan. Urush Ko‘rfaz davlatlarini AQShga yaqinlashtirgan va Xitoydan uzoqlashtirgan. Eron yadro dasturining taqdiri esa hali hal qilinishi kerak.
Biroq Reutersʼga ko‘ra, Trampning voqealar rivojini nazorat qila olmayotganidan g‘azablanayotgani belgilari bor. U o‘z tanqidchilariga tashlanib, ommaviy axborot vositalarini «davlatga xiyonat»da aybladi.
O‘zgaruvchan maqsadlarga erishilmadi
Tramp urushga kirishishdan ko‘zlagan maqsadlari – Eronning yadro quroliga boradigan yo‘lini to‘sish, uning mintaqaga va AQSh manfaatlariga tahdid solish qobiliyatiga chek qo‘yish ekanini aytgandi. Bundan tashqari, u eronliklar o‘z hukmdorlarini ag‘darishini osonlashtirishni ham niyat qilgan.
Hozircha uning o‘zgarib turadigan maqsadlaridan birortasiga erishilgani haqida hech qanday belgi yo‘q. Ko‘plab tahlilchilar bunga erishish dargumon ekanligini aytmoqda.
Yaqin Sharq bo‘yicha milliy razvedka xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Jonatan Panikofning aytishicha, Eron vayronkor zarbalarga duch kelgan bo‘lsa-da, uning hukmdorlari Trampdan ko‘ra ko‘proq iqtisodiy qiyinchiliklarga uzoqroq bardosh bera olishiga ishonmoqda.
Trampning urushdagi asosiy e’lon qilingan maqsadi — Eronni yadrosizlantirish ham amalga oshmay qolmoqda. Chunki Tehron o‘z dasturini sezilarli darajada jilovlashga unchalik xohish bildirmadi.
Ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, urush – Eronni o‘zini himoya qilish uchun yadro qurolini ishlab chiqishga bo‘lgan sa’y-harakatlarini kamaytirish o‘rniga, kuchaytirishga undagan bo‘lishi mumkin.
Trampning e’lon qilgan yana bir maqsadi — Eronni qurolli proksi-guruhlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish edi. Bu ham bajarilmay qolmoqda.
Trampning muammolariga qo‘shimcha ravishda, u endilikda o‘ldirilgan o‘tmishdoshlaridan ham ashaddiyroq deb hisoblangan Eronning yangi rahbarlari bilan ish olib bormoqda.
AQSh yetakchisi shuningdek, Yevropadagi an’anaviy ittifoqchilari bilan munosabatlarini yemirmoqda. Yevropaliklar o‘zlari bilan maslahatlashilmagan urushda yordam berish haqidagi chaqiriqlarni rad qilishdi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, Xitoy va Rossiya esa bu vaqt ichida AQSh harbiylarining Eron taktikasiga qarshi kamchiliklari va uning ba’zi qurol-yarog‘ zaxiralari kamayib ketganidan saboq olishdi.
Brukings instituti tahlil markazining katta ilmiy xodimi Robert Kaganga ko‘ra, Erondagi natija AQShning Vetnam yoki Afg‘onistondan chiqib ketishidan ham yomon bo‘lishi mumkin. Chunki, u mamlakatlar «global raqobatning asosiy teatrlaridan uzoqda edi». Eron bilan esa vaziyat boshqacha.
Mavzuga oid
19:31
AQSh mamlakat ichidagi chet elliklardan Green Card arizalari qabul qilishni cheklaydi
11:58
Pentagon NUJlarga oid hujjatlarning navbatdagi qismini e’lon qildi
19:50 / 24.05.2026
Rubio Eron bilan muzokaralarda «sezilarli o‘sish» borligini aytdi
14:18 / 24.05.2026