O‘zbekiston | 12:13 / 13.12.2025
2472
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Rustamboyev Nepalda elchi sifatida rasman faoliyat boshladi

O‘zbekistonning Nepaldagi birinchi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida) Sardor Rustamboyev Nepal prezidenti Ramchandra Paudelga ishonch yorliqlarini topshirdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: "Dunyo" AA

Nepal rahbari O‘zbekistonning birinchi elchisi tayinlanganini olqishlab, Toshkent bilan ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Suhbat davomida ikki tomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Nepal tomoni gidroenergetika, turizm va ta’lim sohalarida o‘zaro aloqalar uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligi aytilib, global iqlim o‘zgarishi va tog‘lar ekologiyasi kabi dolzarb masalalar bo‘yicha birgalikda ishlashga bo‘lgan o‘zaro qiziqish bildirildi.

Suhbat yakunida prezident Ramchandra Paudel Nepalning uzoq muddatli do‘stona sheriklikka sodiqligini tasdiqlab, O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Nepal o‘rtasida diplomatik munosabatlar 2018 yil 26 yanvar kuni o‘rnatilgan. Sardor Rustamboyev 2024 yil yanvar oyida Dehlida o‘z faoliyatini boshlagan, bundan oldin esa O‘zbekistonning Fransiya va Portugaliyadagi diplomatik vakolatxonasiga rahbarlik qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid