Gurjistonga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbari O‘zbekiston prezidentining so‘nggi yigirma yildan ortiq vaqt ichida Gurjistonga amalga oshirgan birinchi davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Muzokaralarda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport-tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, turizm va madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarni tashkil etganini, joriy yil boshidan esa bu ko‘rsatkich 100 million dollardan oshganini qayd etdi. Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish hamda bu borada qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishildi.

Shuningdek, Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan faol foydalanish, Gurjistonda logistika xabi, sanoat zonasi va O‘zbekiston mahsulotlari uchun shourum tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Muzokaralarda «Boku – Tbilisi – Kars» temiryo‘lini barpo etilayotgan «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘l magistrali bilan bog‘lash imkoniyatlarini o‘rganish taklifi ham ilgari surildi.

Bundan tashqari, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, energetika, farmatsevtika, oziq-ovqat va yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, raqamlashtirish, axborot texnologiyalari, raqamli bank xizmatlari hamda turizm sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shu bilan birga, qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish taklifi bildirildi, O‘zbekistonning Gurjistondagi elchixonasini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Tomonlar erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni tayyorlashga kelishib oldi.