19:43 / 19.11.2020
8550
Ular ham bizning farzandimiz. Imkoniyati cheklangan bolalar o‘qishidagi muammolarni kim hal qiladi?

O‘zbekistonda 21 mingdan ortiq imkoniyati cheklangan bolalar ta'lim oladi. Ko‘zi ojiz, eshitishi zaif o‘quvchilar alohida maktablarda o‘qitiladi. Pandemiya sharoitida onlayn ta'limga o‘tilishi bunday bolalar ta'limidagi muammolarni yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi.

Foto: Pinterest

Xalq ta'limi vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, respublikada 86 ta jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bor bolalar uchun ixtisoslashgan maktab va maktab-internatlar mavjud. Ularda jami 21 363 nafar o‘quvchi ta'lim oladi.

Hozir maxsus maktablarda 1–4-sinflar an'anaviy shaklda o‘qimoqda. Uyi yaqin 5­­–12-sinf o‘quvchilari qatnab, qolganlari esa onlayn shaklda o‘qimoqda. Shunda mazkur yo‘nalishdagi taxminan 45-47 foiz o‘quvchi onlayn shaklda o‘qimoqda.

Imkoniyati cheklangan bolalar oddiy bolalarga qaraganda ko‘proq e'tiborga muhtoj, pandemiya sharoitida ular uchun ta'limning masofaviy yo‘lga qo‘yilishi yana yangi muammolar yuzaga chiqishiga olib keldi.

Ko‘zi ojiz bolalarni masofaviy o‘qishda nimalar qiynamoqda?

Oqmurod Otamurodov, 77-sonli ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internati matematika-informatika fani o‘qituvchisi:

— Ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchilar uchun ixtisoslashgan maktabda biz bolalarning ko‘z kasalliklaridan kelib chiqib darsni taqsimlaymiz. Ko‘z kasalliklari turlicha va ko‘zga og‘irlik tushmasligi uchun bolalarning har biriga individual yondashiladi. Sog‘lom bolalarga qaraganda, ko‘rish bilan muammosi bor bolalarning yozish tezligi 2-3, gohida 4 baravar past bo‘ladi. O‘qish tezligi esa 2-3 baravar past bo‘ladi. Ular barmoq sezgisi asosida o‘qiydi, uchi to‘mtoq maxsus qalam – grifel asosida qog‘ozni o‘yib yozishadi. Bu energiya talab qiladi.

Ba'zida bitta tenglama bir nechta betga yoziladi, 12 varaqli daftar 10tagina misol bilan to‘lib qolishi mumkin.

Odatiy darslarda o‘qituvchilar geometriya kitobi bo‘lmagani uchun o‘qituvchilar geometrik shakllarni qo‘lda yoki Brayl printerida chop etib, o‘quvchilarga ko‘rsatar edi. Tasavvur hosil qilish uchun shu usuldan foydalanganmiz.

Pandemiya sharoitida esa onlayn o‘qish ta'limga ta'sir qildi. Masalan, ko‘p joylarda internet tezligi yaxshi emas, aksar o‘quvchilarda sensor ekranli telefonlar yo‘q, ota-onasida shunday telefon borlar ham ularning ishdan qaytishini kutib qolishadi.

Shuningdek, umumta'lim maktablarida bitta fan bir darslikdan iborat bo‘lsa, ko‘zi ojizlar maxsus maktabida bir kitob 6–7, matematika darsliklari 8–9ta kitobdan iborat bo‘ladi. Pandemiyada darsliklarni tez-tez kutubxonadan almashtirib turish imkoni ham ko‘pida yo‘q.

Bundan tashqari, o‘qituvchilarning ovozli tarzda mavzularni tushuntirishining o‘zi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi uchun yetarli bo‘lmayapti. Chunki biror yangi mavzu boshlashdan oldin undagi elementlar obdon tushuntirilib, o‘quvchilarda tasavvur paydo bo‘lgach, keyin u haqida ma'lumot berilardi. Hozir onlayn darsda mavzu birdaniga tushuntirib ketilsa, bolalar hali tasavvur paydo bo‘lmasdan ma'lumotlarni o‘zlashtira olmaydi.

Internet trafigi yetarli bo‘lmagani uchun kichik megabaytli materiallardan foydalanishga harakat qilyapmiz. Bu ham bolalar bilan ishlashni qiyinlashtirmoqda.

O‘quvchilar bajargan uyga vazifalarni tekshirish imkoni esa juda kam. Sababi Brayl alifbosida yozilgan varaqlar rasmga olib yuborilsa, uni boshqa odam o‘qiy olishi qiyin.

Eshitishi zaif bolalar masofaviy ta'limida qanday muammolar bor?

Dilmurod Yusupov, Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti qoshidagi Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti, inklyuziv rivojlanish va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar masalalari bo‘yicha tadqiqotchi:

— Ayni paytda olib borilayotgan teledarslarda surdotarjima ham berib boriladi. Lekin boshlang‘ich sinf kar-soqov bolalar imo-ishora tilini yaxshi bilishmaydi. Bundan tashqari, efirga uzatilayotgan darslarni eshitishi zaif bolalarga tushuntirish uchun nafaqat surdotarjimon, balki surdopedagog ham kerak. Masalan, fizika fanini bolalarga tarjima qilib berayotgan shaxs shu fanni ham yaxshi bilishi kerak. Shunchaki tarjima qilib ketadigan bo‘lsa, o‘quvchi fanni o‘zlashtira olmaydi.

Eshitishi zaiflar o‘qiydigan internatlardagi o‘quv dasturlari umumta'lim maktablarinikidan farq qiladi. Imkoniyati cheklangan bolalar bir yil ko‘proq o‘qishadi va ularning dasturlari nisbatan osonlashtirilgan. Masalan, eshitishi zaif bolalar ingliz tili o‘qishmaydi.

Taklif: 7-sinf umumta'lim maktabi bilan 7-sinf kar va zaif eshituvchilar maxsus maktablarining o‘quv dasturlarida farq bor. Shuni hisobga olib, darslarni to‘g‘ridan to‘g‘ri surdotarjima qilmasdan, bunday bolalar uchun alohida kanal ochish orqali surdopedagoglar yordamida dars o‘tish ko‘proq samara berishi mumkin.

To‘g‘ri, bu inklyuziv ta'lim qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi, lekin hozir maxsus internatlarda ta'lim berilayotganini hisobga olib, imkoniyati cheklangan bolalar uchun alohida dasturlar ishlab chiqilishi lozim.

Xalq ta'limi vazirligi darslarning surdotarjima bilan berilayotgani haqida hisobotlarida aytib o‘tishi mumkin, lekin vazirlik bu muammoni imkon qadar ichiga kirib hal qilishi kerak. Chunki bolalarning o‘zlashtirishi birinchi darajali ahamiyatga ega.

«Surdotarjimonlar soni qo‘l bilan sanagulik...»

— O‘zbekistonda imo-ishora tili mavqeyi hali to‘liq aniqlanmagan. Bizda qonunchilik bo‘yicha imo-ishora tili insonlararo muloqot vositasi sifatida ta'riflangan. Boshqa davlatlarda imo-ishora tili davlat tili sifatida e'tirof etiladi va uni rivojlantirish uchun davlat yordam beradi. Lekin bizda na imo-ishora tili rivojlangan, na imo-ishora tarjimonlari yetarli.

Toshkent shahrining o‘zida surdotarjimonlarni qo‘l bilan sanash mumkin. Umuman, surdotarjimonlik unchalik jozibali kasb ham emas. Bu kasbni, asosan, ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari gapira olmaydigan kishilar tanlaydi.

OTMlarda imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun alohida kvota ajratilgan, lekin o‘qitish uchun ham sharoit yetarli emas. Masalan, universitet yoki hukumatning o‘zi kar-soqov talabalar uchun surdotarjimonlar xizmatini, ko‘zi ojiz talabalar uchun esa matnni o‘qib beruvchilar (Reader) xizmatini taklif qilishi lozim. Chet elda bu amaliyot bor.

Bizga ta'lim tizimi yaqin Rossiyada eshitish qobiliyati cheklangan har bir fuqaro yiliga federal budjet hisobidan 40 soatgacha surdotarjimadan foydalanish huquqiga ega, ko‘r-karlar esa 240 soatgacha tiflosurdotarjima (muloqotning daktil (barmoqli), barmoqlar bilan so‘zlashish, kaftga-kaft uslubi orqali imo-ishora) xizmatlarini olishlari mumkin. Qo‘shni Qozog‘istonda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan yiliga 30 soatgacha imo-ishora tili bo‘yicha mutaxassis xizmati ko‘rsatiladi. Ammo O‘zbekistonda imo-ishora xizmatlarining minimal soatlari qonuniy ravishda belgilanmagan va nogironlarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatiga kiritilmagan.

Taklif: Agar O‘zbekistonda ham davlat budjeti mablag‘lari hisobidan surdotarjima, tiflosurdotarjima xizmatlari ko‘rsatilsa, bu kasbga qiziquvchilar ham ko‘paygan bo‘lar edi. Bundan tashqari, bu ta'lim olish sifatiga ham ta'sir qilgan bo‘lar edi.

«Moodle'dagi ma'lumotlarni gapiruvchi dasturlar yordamida o‘qib bo‘lmaydi»

Mirali G‘iyosov, talaba:

— Nogironligi bor shaxslar turli tarafdan imkoniyati cheklangan bo‘lishi mumkin. Oyog‘i yoki qo‘li ishlamaydigan yoshlar o‘qishga borishga, mustaqil harakatlanishga qiynaladi. Ular uchun pandemiya boshlangach uyda ta'lim olish nisbatan qulayroq bo‘ldi, menimcha. Lekin ko‘zi ojiz imkoniyati cheklanganlar uchun masofadan ta'lim olish ancha qiyin.

Men universitet talabasiman. Ko‘pchilik OTMlarda Moodle tizimi orqali darslar davom etmoqda. Bundagi eng katta muammo – Moodle'dagi ma'lumotlarni ko‘zi ojiz foydalanuvchilar uchun moslashtirilgan gapiruvchi dasturlar yordamida o‘qib bo‘lmasligida.

Platformaga yuklangan ma'lumotlarni olib kimgadir o‘qitishga to‘g‘ri keladi. Buning esa imkoni deyarli yo‘q. O‘zim mustaqil o‘qishga harakat qilaman desam esa o‘zbek tilidagi ilmiy asarlarni o‘qib bera oladigan nutq sintezatori yo‘q.

Men kompyuterda mustaqil va ancha yaxshi ishlay olaman, lekin kompyuter texnologiyalaridan mustaqil foydalana olmaydigan ko‘zi ojizlar ham ko‘p. Pandemiya davrida ular jamiyatdan battar uzilib qolishdi. Onlayn ta'lim sharoitida har qancha harakat qilinsa ham, ko‘zi ojizlar uchun samarali usullarni topish qiyin bo‘lmoqda.

O‘qituvchilar ham talabalarni tushunishi, aloqani samarali tashkil etishi kerak. Masalan, bir darcdan yangi o‘qituvchi dars o‘ta boshlasa va u guruhdagi imkoniyati cheklangan talabalarni bilmasdan turib, ulardan sog‘lom insonlar bilan bir narsani talab qilmasliklari kerak. Masalan, men o‘zim xohlasam ham, Moodle platformasi orqali o‘qiy olmayman.

Bunday paytda imkoniyati cheklangan talaba o‘z dunyosida, o‘z qobig‘ida qolib ketishi mumkin.

«Imkoniyati cheklangan bolalarning aksarida kompyuter yo‘q»

Oybek Isoqov, O‘zbekiston nogironlar uyushmasi raisi:

— Bizga masofaviy ta'lim bilan bog‘liq ko‘p arizalar keladi. Muammo shundaki, ko‘pchilik nogiron bolalarda kompyuter yo‘q.

Ikkinchi asosiy muammo – internet qimmatligi. Bu bo‘yicha bizning takliflarimiz ham bor. Ko‘p davlatlarda imkoniyati cheklangan o‘quvchi, talabalarga kompyuterlar tekinga foydalanishga beriladi. Mayli, davlatning bunga imkoni bo‘lmas. Shuning uchun imkoniyati cheklangan yoshlar uchun kompyuterlar kredit asosida berilsa, yaxshi bo‘lardi.

Bundan tashqari, imkoniyati cheklanganlarga internet trafiklari uchun oylik to‘lovlarda hech bo‘lmasa 30 foiz chegirma qilib berilsa, yaxshi bo‘lardi. Sababi, imkoniyati cheklangan shaxslarning nafaqa puli yuqori emas: 450 ming so‘m, eng ko‘proq pul oladiganlari ham 650 ming so‘m atrofida nafaqa oladi. Ular qaysi pulga kompyuter olishi, internet trafigiga yetkazishi mumkin? Ta'lim olayotgan imkoniyati cheklanganlar shu tomonlama qiynalmoqda.

Imkoniyati cheklangan bolalar ham prezident bo‘lishni orzu qila olishi kerak

O‘tgan yili O‘zbekistonda o‘tgan xalqaro tadbirlardan biriga taniqli bloger va trener Vladimir Vaskevich kelgan edi. Bolaligidan mutlaqo ko‘rmaydigan rossiyalik bloger 20dan ortiq davlatga sayohat qilgan.

Vladimir Vaskevich tadbirda o‘tirganlarga shunday degan edi:

Vladimir Vaskevich

«Men 24 yoshdaman. Garchi ko‘zlarim ojiz bo‘lsa-da, shu kunga qadar dunyoning 20dan ortiq davlatida bo‘lganman. O‘zbekistonning ham ko‘pgina joylarini bilaman. Imkoniyati cheklangan bolalar ham boshqalar qatori katta narsalarni orzu qilishga, o‘rganishga haqli.

Imkoniyati cheklangan bolalarga texnologiyalardan foydalanishni chuqurroq o‘rgatish kerak. Ular bu orqali ta'lim olishi, barcha qatori ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi, o‘z bloglarini yuritishi mumkin. Tyexnologiyalar imkoniyati cheklangan odamlarga ishlash, oilasini ta'minlash imkonini ham beradi».

Vladimir zalda o‘tirgan yuzdan ortiq odamlarni bir muddat ko‘zlarini yumgan holda dunyoni tasavvur qilib ko‘rishga chaqirgandi.

«Ko‘rib turganingizday, hech narsa siz kutganday qo‘rqinchli emas. Men mana shu qorong‘u dunyoda yashab, bolaligimdan futbol o‘ynashni, yaxtalarga chiqishni o‘rganganman, prezident bo‘lishni xohlaganman», – degandi ko‘zi ojiz sayohatchi forum ishtirokchilariga qarata.

O‘zbekistonda ham imkoniyati cheklangan bolalar ko‘p narsalarga erishishi, prezident bo‘lishni orzu qilishi mumkin. Agar ularning ta'lim olishi va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun sharoit yaratishga imkon qadar ko‘proq harakat qilinsa.

Zilola G‘aybullayeva,
Kun.uz muxbiri.

Top