O‘zbekiston | 20:09 / 01.08.2023
15001
7 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilayotgan elektr uzilishlariga izoh berdi

Vazirlikka ko‘ra, uzilishlar iyun oyida asosan ta’mirlash ishlari, iyulda esa anomal issiq bilan bog‘liq bo‘lgan. Majburiy cheklov miqdori iyul oyida avvalgi oyga nisbatan 5 barobarga oshib, yoz boshidan beri jami 210 mln kWh'ga yetgan. Shu bilan birga, yetkazib berish hajmlari bo‘yicha ham rekordlar o‘rnatilgan.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

O‘zbekiston Energetika vazirligi so‘nggi kunlarda “yoqilg‘i-yenergetika sohasida murakkab vaziyat yuzaga kelgani” haqida ma’lumot berdi. Aytilishicha, mamlakatning deyarli barcha hududlarida kunning ma’lum vaqtida elektr energiyasini uzishga majbur bo‘linmoqda.

Jumladan, iyun oyida jami 34,8 mln kWh majburiy cheklov kiritilgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich iyul oyining o‘tgan 31 kuni mobaynida 175 mln kWh'ni tashkil qilgan. Yoz fasliga o‘tilganidan beri jami 210 mln kWh majburiy cheklov qo‘llanilgan.

Vazirlikning izohlashicha, iyun oyida tizimda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini xavfsiz olib borish maqsadida qator hududlarda maqsadli o‘chirishlar amalga oshirilgan. Natijada birgina Toshkent shahrining o‘zida 542 ta transformator podstansiyasi va 592,36 km elektr uzatish tarmoqlari mukammal, 923 ta transformator hamda 702,3 kilometr havo tarmog‘i joriy ta’mirlangan. Shuningdek, 930,6 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 228 ta transformator punktlari yangilangan.

“Sag‘bon”, “Yunusobod”, “Qo‘qon”, “Karvon”, “Qorasuv”, “Yalang‘och”, “Tuzel” va “Sergeli-35” podstansiyalaridagi 9 ta kichik quvvatli transformator katta quvvatlisiga almashtirildi.

Ayni paytda ham “Yunusobod-Siti”, “Toshkent-Siti”, “Olmos”, “Yangi O‘zbekiston” hamda “Yangihayot” industrial zonalari uchun podstansiyalar qurish hamda ularni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yangi elektr uzatish tarmoqlarini bunyod qilish ishlari pudratchi tashkilotlar tomonidan davom etmoqda.

Bu ishlarni xavfsiz bajarish va elektr montyorlarning sog‘lig‘i hamda hayotiga tug‘ilishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish maqsadida kunning ma’lum vaqtlarida tegishli hududlardagi iste’molchilar elektr ta’minotidan vaqtincha uzib qo‘yilmoqda”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Iyul oyida esa, asosan, ob-havoning haddan tashqari isib ketgani elektr energetikasini uzluksiz yetkazib berishda qiyinchilik tug‘dirgan.

Vazirlik nafaqat O‘zbekiston, butun dunyo bo‘ylab anomal issiq harorat hukm surgani, xalqaro ekspertlar tomonidan 2023 yil iyul oyida “oxirgi ming yillikda kuzatilmagan” darajada issiq bo‘lgani aytilayotganini ta’kidlaydi. Kuchli issiq harorat esa sovitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishning karrasiga oshishiga olib kelmoqda. Natijada kabellar kuyib ketyapti, transformatorlar ishdan chiqmoqda. Avariya oqibatlarini bartaraf etish esa ham katta mablag‘, ham ko‘p vaqt yo‘qotilishiga sabab bo‘lyapti.

Izohlanishicha, avariya yuz bermasligi uchun bir nechta fiderlarni tarmoqdan majburiy o‘chirib qo‘yib, qator xonadonlar, budjet tashkilotlari va tadbirkorlik sub’yektlarini vaqtincha uzib turish – eng maqbul chora. Bu kutilmagan avariyaviy holatlarning oldini olishga hamda mablag‘ va vaqt tejalishiga xizmat qiladi.

“Oddiy aytganda, qaysidir hududni quyosh tig‘ida tashqaridan, ortiqcha yuklama tufayli esa ichidan qizib ketgan kabelni sovitish maqsadida 2-3 soatga tarmoqdan uzib turish keyinchalik kabel va transformatorning yonib ketishi hamda iste’molchilar 10-12 soatlab elektr energiyasiz qolishlaridan ko‘ra afzalroq yechimdir.

To‘g‘ri, iste’molchi hamisha haq. Qolaversa, siz, azizlarni uzluksiz va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash – bizning burchimiz.

Bu borada tizim tashkilotlari tomonidan juda katta ishlar qilinyapti. Xususan, oxirgi paytlarda kunlik ishlab chiqarish o‘rtacha 107,8 foizni, oylik ishlab chiqarish o‘rtacha 106,2 foizni, yillik ko‘rsatkich esa 101,8 foizni tashkil qilyapti.

So‘nggi kunlarda bir qator yangi ishlab chiqarish quvvatlari – Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1500 MW bo‘lgan issiqlik stansiyasining 500 kW kuchlanishli 2 ta elektr uzatish tarmog‘i, Bo‘stonliq tumanida quvvati 200 kW bo‘lgan “Ispaysoy” mikroGESi hamda Yashnobod tumanida 30 mingdan ziyod xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan yangi “Olmos” podstansiyasi ishga tushirildi”, – deyiladi Energetika vazirligi axborotida.

Rasmiylar “iste’mol ham shunga yarasha bo‘layotgani”ni qayd etgan. Masalan, bugungi kunda o‘rtacha iste’mol kuniga 11 200 MW'ga teng bo‘lmoqda. Hatto kunning ayrim paytlarida, asosan, issiq harorat zabtiga olgan chog‘da elektr energiyasi sarfi ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmiga teng, ba’zan talab undan ham ortib ketyapti.

“Buni birgina iyul oyining o‘zida sutkalik iste’molda ikki marta rekord ko‘rsatkichning qayd etilgani ham yaqqol tasdiqlaydi. Xususan, 12 iyul kuni respublika bo‘yicha jami iste’mol 247,5 mln kWh'ni tashkil qilgan bo‘lsa, 26 iyul kuni 250,7 mln kWh'ga yetib, sutkalik rekord yana bir karra yangilandi.

Biroq hozirgi sharoitda “Nima qilsa ham uzluksizlikni ta’minlayman”, deya zarur ehtiyot choralarini ko‘rmaslik, muqarrar avariya holati yuz berishi mumkinligini anglagan holda, barqarorlikka erishish istagida ortiqcha kuchlanishga o‘tila boshlagan hududlarni tarmoqdan uzmaslik ham yechim emas, aksincha, katta muammoga olib keladi”, – deyiladi bayonotda.

Vazirlik bunday vaziyatda energiya tejamkorlikka qat’iy rioya qilish, xonadonlarda ham barcha xonani emas, bittasini sovitish, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan sug‘urish, zarurat bo‘lmagan hollarda, ayniqsa, kunduz kunlari lampochkalarni o‘chirib qo‘yishga chaqirgan.

“Xalqimizdan bugungi anomal issiq sharoitida Energetika vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari tarafidan amalga oshirilayotgan majburiy choralarni to‘g‘ri tushunishlarini hamda qo‘llab-quvvatlashlarini so‘raymiz”, – deya rasmiy izohini yakunlagan O‘zbekiston Energetika vazirligi.

Mavzuga oid