Jamiyat | 15:38 / 21.11.2016
19776
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi o‘zbek xonaqohlari tarixiga nazar

Foto: Facebook/Davronbek Tojialiyev

Turkiyaning  Istanbul shahrida XV asrdan boshlab o‘zbek xonaqohlari (Özbekler Tekkesi, Özbekler Dergahı, Özbekler Hangahı) faoliyat yurita boshlagan. Hozirda Istanbul shahrida o‘zbeklar nomi bilan bog‘liq 10 dan ortiq xonaqoh saqlangan. Ba'zilari hozirgacha faoliyatda. Bu haqda bloger Davronbek Tojialiyev “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasida yozib qoldirgan

Istanbuldagi O‘zbek xonaqohlari (Özbek tekkeleri) yurtimizdan kelgan naqshbandiy shayxlar tomonidan qurilgan. Xonaqohlar Movarounnahrdan hajga kelayotgan ziyoratchilar uchun qo‘noq (Turkistondan hajga chiqqanlar Istanbulga kelib, Abu Ayyub al-Ansoriy maqbarasini, so‘ng xalifani ziyorat etishni odat qilishgan edi), mahalliy aholi uchun ilm dargohi — islomiy ta'lim maskani, madaniyat va ijtimoiy markaz vazifasini bajargan. XIX asr oxirlaridan boshlab, ruslar bosqinidan hijrat qilgan turkistonliklar uchun ham bu dargohlar boshpana vazifasini o‘tagan.

Turk tarixchilarining yozishicha, bu xonaqohlar Istanbulning diniy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy hayotida katta o‘rin tutgan. Xonaqoh shayxlari Movarounnahr va boshqa hududlar bilan munosabatlarni iliqlashtirishda xalifaga bevosita ta'sir o‘tkaza olganlar.

Arxiv ma'lumotlariga ko‘ra, o‘zbek xonaqohlari barcha uchun ochiq bo‘lgan, u yerdan faqir-miskinlar arimagan. Diniy bayramlar, muqaddas kechalarda katta qozonlarda osh damlangan. Doimiy diniy-ilmiy anjumanlar, chig‘atoy turkchasi (eski o‘zbekcha) va uyg‘ur tillaridagi ilohiy, she'r kechalari o‘tkazilgan.

Istanbulning Sultonahmet mahallasida joylashgan Buxoro O‘zbeklar xonaqohi (Buhara Özbekler Tekkesi) 1692 yili bunyod etilgan. Xonaqoh tarkibiga masjid, minora, tavhidxona (chillaxona), darsxona, mehmonxona, hujralar, oshxona, omborxona, suvxona va boshqa binolar kirgan. 1925 yili shunday dargohlar ommaviy yopilganidan so‘ng ham Mustafo Kamol Otaturkning maxsus ruxsati bilan bu xonaqohning faoliyati davom etavergan. 2008 yildan bu dargoh Istanbul dizayn markaziga ijaraga berilgan. Buxoro O‘zbeklar xonaqohiga tutash ko‘cha O‘zbeklar ko‘chasi deb ataladi.

Mavzuga oid