Light | 11:11 / 21.03.2017
20698
3 daqiqa o‘qiladi

Qon guruhini ikki daqiqada aniqlash usuli ishlab chiqildi

Foto: TASS

Chuntsin shahri (Janubi-G‘arbiy Xitoy) olimlari atigi ikki daqiqada insonning qon guruhi va rezus-omilini aniqlash usulini ishlab chiqishdi. China Daily gazetasining xabar berishicha, yangi usul nafaqat vaqt va qiymat jihatidan kamxarj, balki labaratoriyadan tashqarida foydalanish uchun ham qulaydir. 

Qon guruhini aniqlash qon quyish, transplantatsiya, turli kechiktirib bo‘lmaydigan operatsiyalar, homiladorlik va boshqa holatlarda juda muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda shifoxonalarda buning uchun labaratoriya sentrifugalari qo‘llanadi, jarayonning o‘zi esa yarim soatcha vaqtni oladi. Biroq Chuntsin 3-harbiy tibbiyot universitetining nanotibbiyot guruhi mutaxassislari bundan-da zamonaviy usulni ishlab chiqishdi. 

Uning asosida qon kislotaliligiga ta'sirchan reagent yotadi. Suyuqlik namunasi ushbu reaktiv bilan to‘yintirilgan qog‘ozga tushirilganda qonda eng ko‘p tarqalgan oqsillar - albuminlar - ko‘rsatkich bilan reaksiyaga kirishadi. Qon rangining o‘zgarishiga qarab qurollanmagan ko‘z bilan uning rezus omilini aniqlash mumkin bo‘ladi. 

Mazkur dastur bo‘yicha tadqiqotlar 2014 yildan beri olib borilmoqda, olimlar bu vaqt ichida deyarli 3,55 ming qon namunasini o‘rganib chiqishdi, ushbu usul aniqligi esa 99,95 foizni tashkil etdi. 

"Biz yaqin bir-ikki yilda namunalar sonini ko‘paytirib va aniqlik darajasini yanada oshirib, klinik sinovlarni davom ettirmoqchimiz", - deydi tadqiqotlar guruhi rahbari Chjan Xun. Uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot xodimlari jamoasi mazkur usul aniqligini 99,98 foizga ko‘tarmoqchi. 

Mutaxassis shuningdek zarur mahsulotlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun hozirda biokimyoviy kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilayotgani aytdi. 

"Bizning baholarimizga ko‘ra, yangi usul mavjud texnologiyalardan 40 foizga arzon bo‘ladi. Uning yaqin uch yil ichida bozorga chiqishiga umid qilamiz", - dedi Chjan Xun.

Mavzuga oid