15:50 / 02.01.2022
51926
Energiya uchun subsidiyalar – boy davlatlar ko‘tara olmayotgan yukni nega O‘zbekiston ko‘tarmoqchi?

1930-yillar. Fors ko‘rfazi. Sohil bo‘yidagi cho‘llarda yashab kelayotgan arab qabilalarining asosiy boyligi – tuyalar. Baliq tutish, marvarid ovlash bilan kun ko‘rishadi. Biroq keyin – neft va gaz topilgach, ko‘rfazdagi arablarning hayoti o‘zgara boshladi.

1970-yillarga kelib bu yurtlar Britaniya imperiyasidan mustaqil bo‘ldi va biz biladigan Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon va Qatar davlatlari tashkil topdi. Aksari kichik va kam sonli aholiga ega bo‘lgan bu «renter davlatlar» hozirda global tasdiqlangan neft xomashyosi zaxiralarining uchdan bir qismiga hamda dunyo gaz zaxiralarining beshdan bir qismiga egalik qiladi.

Yangi mamlakatlarning hukmron oilalari vaqt o‘tib neft va gaz eksportidan kelgan tushumlarni mahalliy aholi bilan baham ko‘ra boshladi. Shu tariqa, Fors ko‘rfazi mamlakatlarining aholisi dunyodagi eng boy xalqlar qatoriga kirdi.

Masalan, Qatarda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot shu topda 50 000 dollarni, BAAda 36 284 dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun: O‘zbekistonda bu raqam 1750 dollarga teng.

Aslida bu davlatlarning fuqarolari bundan ham badavlatroq, chunki Fors ko‘rfazida yashovchilarning ko‘p qismi – neft va gaz eksporti daromadlarida ulushga ega bo‘lmagan chet ellik ishchilar.

«Energiya qirolliklari» degan kitob muallifi Jim Kreyn neft sabab arablarning turmush tarzidagi tub o‘zgarishlarni tavsif etadi. 1970 yilda deyarli hech bir xonadonda elektr energiyasi, demak, muzlatgich yoki konditsioner yo‘q edi. Biroq, 2010 yilga kelib energiya iste’moli shu darajaga yetdiki, aholi jon boshiga hisoblanganda bu mamlakatlar dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichidan 10 barobar ko‘p energiya iste’mol qilishni boshlagan. Mahalliy aholi energiya tejamkorligi o‘ta past bo‘lgan Toyota Land Cruiser kabi, 100 kilometrga taxminan 16 litr benzin sarflaydigan mashinalarni sotib ola boshlashdi. Hukumatlar deyarli hamma joyda, hatto ko‘chalar, stadionlarda konditsioner o‘rnatishdi.

1971 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan davrda ichki neftga bo‘lgan talab Kuvaytda 521 foizga, Qatarda 12 500 foizga va BAAda 27 733 foizga oshdi.

Bularning barchasi ushbu mamlakatlar hukumatlari energiyani subsidiya qilgani (mahalliy iste’molchiga energiyani sotib olishda moddiy yordam berishi) bilan bog‘liq edi. Ushbu subsidiyalar neft va gazning jahon bozorlari belgilagan real narx va ichki bozordagi narx o‘rtasida katta tafovut yaratdi.

Mazkur holat elita va xalq o‘rtasidagi «ijtimoiy shartnoma»ning markaziy qismi sifatida qabul qilinar edi – hukumatlar katta miqdordagi energiya subsidiyalarini aholining siyosiy roziligi evaziga ajratardi.

1972 yildan 2012 yilgacha bo‘lgan davrda Fors ko‘rfazida elektr energiyasi iste’moli.

Oxir-oqibat, bu davlatlar eksport qilganidan ko‘ra o‘zlari ko‘proq neft va gaz iste’mol qila boshlashdi... Bu esa deyarli butunlay ushbu resurslar eksportiga bog‘liq bo‘lgan iqtisodiyotlar uchun katta yo‘qotishlarni anglatardi.

Arab davlatlari hukumatlari kun kelib bu – iqtisodiy mantiqi kam bo‘lgan siyosat to‘xtatilishi kerakligini tushunib yetishdi: energiya subsidiyalari mamlakatlarning iqtisodiy barqarorligini xavf ostiga qo‘yishi mumkin edi. 2014 yilda neft narxi 50 foizga tushib, Fors ko‘rfazi davlatlari budjetiga katta bosim o‘tkazdi. Iqtisodiy bosim va yangi hukmdorlarning siyosiy irodasi birlashib, subsidiyalash siyosati isloh qilinadigan bo‘ldi. Subsidiyalar butunlay bekor qilinmagan bo‘lsa ham, butun mintaqada sezilarli darajada kamaydi: 2015 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan uch yillik davrda benzin narxi Kuvaytda 41 foiz, Qatarda 134 foiz va BAAda 51 foizga oshdi.

2015 va 2017 yillar oralig‘ida Fors ko‘rfazida energiya manbalari va elektr energiyasi narxlari.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday iqtisodiy tizimning isloh qilinishi mazkur mamlakatlarni tezlikda yaqinlashib kelayotgan iqtisodiy inqirozdan saqlab qoldi.

Subsidiyalarni qisqartirish orqali tejalgan pullar ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirildi. Oson va shu bilan birga baland maosh to‘lanadigan davlat sektoridagi ish o‘rinlarini kafolatlash kuzatildi. Garchi bu mahalliy aholi o‘rtasida malaka oshirishni rag‘batlantirmasa-da, iqtisodiy jihatdan hozirgi kunda ushbu mamlakatlar avvalgidan ko‘ra yaxshiroq ahvolda.

Nega yuqoridagilarni yozdim? O‘zbekiston Qatardan 29 barobar qashshoqroq bo‘lsa-da, bu kabi boy davlatlar uchun juda qimmatga tusha boshlagan iqtisodiy unsurni ikkilanmay «ko‘tarib yuribdi». 2020 yilda O‘zbekiston 50,4 million dollarlik tabiiy gaz import qildi va davlatning gaz eksporti 4,7 baravar kamaydi. 2021 yilda O‘zbekiston rasman tabiiy gazning netto-importchisiga aylandi. 2020 yilda biz «Lukoyl»dan turkman gazini 0,9 milliard kub metr hajmida sotib olgandik, 2021 yil birinchi choragining o‘zidayoq bu ko‘rsatkich 1,5 milliard kub metrgacha oshdi.  

Biz boy arab davlatlari kabi resurslarga egalik qilish va eksport qilish o‘rniga ularni sotib olishimizga qaramay, qimmatbaho, qazib olinadigan yoqilg‘ilardan foydalanishni hamon subsidiyalashtirmoqdamiz. 2018 yildan beri subsidiyalar hajmi pasayib borayotgan bo‘lsa-da (bu qisman pandemiya davrida neft narxining global pasayishi bilan izohlanadi), ular hali ham YaIMning 6,6 foizini tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, Jahon bankining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, ta’limga xarajatlarimiz yalpi ichki mahsulotning atigi 5,1 foizini, sog‘liqni saqlashga esa 5,3 foizni tashkil etadi.

Meni kambag‘allarga gaz va elektr energiyasidan foydalanishga yordam beradigan subsidiyalarga qarshi gapirganim uchun aqldan ozganga chiqarishga shoshilmang, quyida mazkur iqtisodiy siyosat qanday qilib mamlakatimizning kam ta’minlangan fuqarolariga zarar yetkazayotganini tushuntirib beraman.

O‘zbekiston dunyodagi eng arzon elektr energiyasiga ega bo‘lgan davlatlar ichida. Bu yaxshi bo‘lib tuyulishi mumkin, biroq bunday past narxlar iqtisodiyotimizni uzoq muddatda katta xavf ostiga qo‘yadi.

Biz bilan birga eng arzon elektr energiyaga ega mamlakatlarga nazar tashlaymiz: Liviya, Angola, Sudan va boshqa – nihoyatda kambag‘al davlatlar. Arzon elektr energiyasining istehzosi shundaki, u aynan kambag‘al mamlakatlarda uchraydi.

Bunday davlatlar o‘z aholisini energiya bilan butunlay qamrab olmaydi va bu vaziyat subsidiyalarga qaramay emas, balki aynan subsidiyalar sabab vujudga keladi. Hukumat energiya narxini qancha pastroq ushlashga harakat qilsa, elektr energiyasi bilan doimiy ravishda ta’minlay olishi mumkin bo‘lgan xonadonlar soni shuncha oz bo‘ladi. Subsidiyalar infratuzilmadagi bo‘shliqlarni yaxshilashga emas, balki ularning kelib chiqishining asosiy sababi hisoblanadi.

Energiya ta’minoti xususiylashtirilsa yoki hech bo‘lmaganda kamroq miqdorda subsidiyalashtirilsa, infratuzilmani kengaytirish va shu orqali ko‘proq uy xo‘jaliklarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun imkon paydo bo‘ladi.

Energiya subsidiyalari yana bir sababga ko‘ra yomon: ular iqtisodiy tengsizlikni chuqurlashtiradi. Nega? Chunki avtomobilga ega bo‘lgan shaxs subsidiyalarning ko‘proq ulushini oladi, chunki u arzonroq narxda benzin sotib oladi, mashinasi bo‘lmagan kishi esa bu iqtisodiy choradan deyarli foyda topmaydi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda hozircha AI-80 benzini uchun subsidiya saqlanib qolmoqda va bu holatning o‘zi ham davlat mablag‘larini havoga uchiradi – subsidiyalangan AI-80ni, tan olaylik, boshqa marka benzinga qo‘shib sotish imkonini kamdan kam sotuvchi qo‘ldan boy beradi va davlat yordami egasiga yetib bormaydi.

Katta – ko‘p xonali uyi bor boy oila uyini isitish uchun,a uyida ko‘proq elektr uskunalari ishlatishi sabab kambag‘al oiladan ko‘ra ko‘proq energiya sarflaydi va... muvofiq ravishda, davlatdan ko‘proq subsidiya oladi.

Boshqacha aytganda, energiya subsidiyalari ko‘proq kambag‘allarning mablag‘larini soliqlar shaklida olib, ularni ko‘proq boylarga «yordam» sifatida taqsimlaydigan iqtisodiy tuzilmani yaratadi. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, Misrda aholining eng kambag‘al 40 foizi benzin subsidiyasining atigi 3 foizini, tabiiy gaz subsidiyasining esa 7 foizini oladi.

O‘zbekiston o‘rtacha import tariflarini 2017 yildagi 14,9 foizdan 2019 yilda 5,6 foizgacha pasaytirdi, bu shubhasiz yaxshi. Ajablanarlisi – aynan shu paytning o‘zida O‘zbekiston hali ham avtomobillar uchun import bojlarining yuqori tariflarini saqlab turibdi. Bu esa avtomobil egalarini soliqqa tortish degani. Tabiiy gaz va benzin kabi energiya manbalarini esa subsidiyalashtirmoqda. Bu avtomobil egalarini rag‘batlantirishga teng.

Ikki qarama-qarshi siyosat bir-birining iqtisodiy rag‘batlarini bekor qiladi, ammo mamlakat budjeti ko‘p narsani yo‘qotadi va soliqlar unumsiz ravishda sarflangani qoladi. Bunday buzuq savdo siyosatini qo‘llash o‘rnida barqaror iqtisodiy o‘sishni davom ettirmoqchi bo‘lsak, erkin savdoni qabul qilishimiz kerak. Tariflar ham, subsidiyalar ham bizning yo‘limizda to‘siq bo‘lib xizmat qiladi va ularning hammasini kamaytirish yoki butunlay isloh qilish yo‘llari haqida qayg‘urishimiz kerak.

Shu yerda ba’zi muhim mulohazalarni aytib o‘tish kerak. Energiya subsidiyalari sohasini isloh qilish kompleks choralar bilan birga o‘tkazilishi lozim. Chunki ko‘p yillik nuqsonli energetik tizim shunchaki subsidiyalardan xoli qilinib, «isloh» qilinishi iste’molchining egniga og‘ir yuk bo‘lib minishi, narxlar asossiz yuqorilashiga olib keladi. Avvalo, sohani sog‘lom bozor munosabatlariga o‘tkazish lozim. Aytish lozimki, O‘zbekiston bir qator energiya ishlab chiqaruvchi, «Tolimarjon» IES kabi korxonalarni xususiylashtirishga qiziqish bildirmoqda. Moliya vaziri Timur Ishmetov hukumatning bu irodasini 2021 yil oktyabr oyida tasdiqlagan edi.

Sohada raqobat kuchayishi oqibatida yuqori ehtimol bilan elektr energiyasi narxi pastlashini hisobga olsak, korxonalar ikkiga bo‘linishi – energiyani generatsiya qiluvchi va iste’molchiga uni sotuvchi korxonalarga bo‘linishi lozimligini aytish kerak. Bu bilan ishlab chiqarishda hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan chiqimlarni yakuniy iste’molchi egniga yuklamaslik va energiya ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida narx raqobatini yanada oshirish mumkin bo‘ladi.

Elektr energiyasini ishlab chiqarish va sotish bilan birga, uni iste’molchiga yetkazish kerak. Bu ikki bosqichdan iborat: yuqori voltli liniyalar orqali amalga oshiriladigan transmissiya va past voltli o‘tkazish liniyalari orqali amalga oshiriladigan taqsimlash. Bu ikki soha yuqori chiqimlar bilan bog‘liq bo‘lgani sabab, tabiiy monopoliyalar «hovlisi» bo‘lib, unda yagona kompaniyaning faoliyat yuritishi jumla bozorning manfaatiga ishlab turibdi.

Boshqacha aytganda, elektr energiyani yetkazishda iqtisod qilish qiyin, chunki bu sohaga raqobatni kirgizish deyarlik imkonsiz, davlat esa xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘tkazish liniyalarini o‘zida saqlab turishga majbur. Biroq davlat buni o‘zida olib turish o‘rniga xususiy kompaniyalarni – samarali menejment va iste’molchilarga xizmat qilishning ilg‘or uslublarni qo‘llay oladigan kompaniyalarni yollashi mumkin. Bu esa sifatga ta’sir qilmay qolmaydi. Xususan, buzilishlar va avariyalar tezroq bartaraf etiladi.

Qolganini esa aytmasa ham bo‘ladi: energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarni xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish jarayoni albatta ishonchli, shaffof vositalar, masalan, auksion va tenderlar orqali amalga oshirilishi lozim. Aks holda jami aholi ziyon ko‘radi.

Energiya subsidiyalari islohoti, garchi qiyin jarayon bo‘lsa-da, O‘zbekistonni barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘liga yetaklayotgan bozorni liberallashtirish islohotlarini davom ettirishi kerak.

Energiya subsidiyalariga sarflangan mablag‘lar ta’limga yo‘naltirilsa yoki aholi o‘rtasida teng taqsimlansa, iqtisodiy tengsizlikning tez kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan muqobil choralar sifatida ishlaydi.

Albatta, qimmatroq energiya hech kimga yoqmaydi, bu – murakkab ijtimoiy va siyosiy tanlov, ammo hozirda olib borilayotgan subsidiya tizimi o‘zgarmasa, iqtisodiyotimizga katta putur yetishi mumkin.

Shahzod Yo‘ldoshboyev,
Georgetown universiteti talabasi, AQSh.

Kun.uz kolumnistlarni hamkorlikka chorlab qoladi. Dolzarb mavzulardagi mualliflik maqolalarini @Muhammadshakur Telegram-manziliga yuborish mumkin.

Mavzuga oid
Top