Qamishlar orasidan otilgan o‘q. Ovchilar hayotidan eksklyuziv reportaj
Saksovul panasi va qamishlar orasi — bu Qizilqum cho‘li bilan tutashib ketgan Aydarko‘l sohillarida mohir ovchilar panalab, o‘ljaning kelishini poylaydigan eng qulay joy. Ayni kunlarda ham ov mavsumi boshlangan, Aydarko‘l osmoni notinch, erta tong va yarim tunda miltiq tovushlari atrofdagi sukunatni buzib turadi.
Ko‘l sohillarida ham qushlar, ham cho‘l hayvonlari borligi tufayli ov ishqibozlarining sevimli joyiga aylangan. Har yili ov mavsumida bu manzilga turli viloyatlardan yuzlab ovchilar keladi. Ular orasida tabiatni sevuvchi, ruxsatnomaga ega mohir ovchilar ham, ovni daromad manbaiga aylantirib olgan, yovvoyi tabiatga ozor yetkazuvchi brakonerlar ham bor.
Navoiylik ovchi Elyor Yo‘ldoshevning ta'kidlashicha, ovning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Avvalo, kutish kerak. Qaysi kundir ov baroridan keladi, qaysidir kuni esa yo‘q. Hozir ovchilar asosan o‘rdak ovlamoqda ekan. G‘oz kamligi uchun ancha mashaqqat bilan otiladi.
Yana bir ovchi Hamza Razzoqov esa ov jarayoni haqida shunday deydi:
“Ov miltig‘imdan 15 yildan beri foydalanaman. O‘qni esa asosan o‘zimiz tayyorlaymiz, buning uchun barcha apparatlarimiz bor. O‘q otiladigan hayvonga qarab turlicha tayyorlanadi. Masalan, g‘oz uchun alohida, o‘rdak uchun alohida. Ov jarayoni men uchun xobbi. Ovga chiqsam dam olaman. Tabiatimiz juda chiroyli, havo toza. Qarang, qanday go‘zal joylar. Bu yerlarga kelmaslik mumkinmi?! Odam suvni ko‘rib, qamishlarni ko‘rib maza qiladi. Tepadan qushlar uchadi. Ko‘p otmaymiz, ov yo‘llanmasida nechta belgilangan bo‘lsa, shuncha ovlaymiz. Barchasini qonuniy qilamiz, ruxsatnomamiz bor, “Ovchilar jamiyati”dan yo‘llanma olamiz”.
Kunduzi ko‘lga qo‘ngan qushlar tunda shamol kuchaysa, atrofdagi kichik ko‘llarga uchib o‘tadi. Ko‘chish asosan erta tongda va kun botishda yuz beradi. Ovchilar hali tong otmasdan kichik ko‘llar atrofidagi qamishzorlar orasiga berkinib, o‘rdaklarning uchib o‘tishini poylab o‘tirishadi. Ayrim ovchilar esa o‘zi o‘tirgan joy yaqinidagi suvga 40-50 ta o‘rdak maketlarini bog‘lab qo‘yishadi. Bu haqiqiy o‘rdaklarni chalg‘itib, chaqirish uchun. Pastlab uchgan hamda maketlarga aldangan o‘rdaklar agarda ovchining otgan o‘qi tegsa, o‘ljaga aylanadi.
“Ovchilikka qiziqish yoshligimda otamdan o‘tgan. Otam ham, bobom ham ovchi bo‘lgan. Hozirda asosan g‘oz, o‘rdak, quyon ovlayapmiz. Farg‘onada bunaqa sharoitlar yo‘q. Shuning uchun yilda ikki marta Navoiyga kelib, dam olib ketamiz. Ovchilik asli kasb emas. Parrandani otib sotish, shu bilan tirikchilik o‘tkazish umuman insonga to‘g‘ri kelmaydi. Endi ovga chiqishning sarfini hisoblasa-ku, o‘zimiz tomonda qo‘y yog‘iga osh yeymiz. Ammo ovning sarfi hisoblanmaydi. Hozirgi kunda do‘konlarimizda poroxlarimiz yetarlicha darajada-yu, narxi sal qimmatroq. Men NS-21 yarim avtomat beshotar qurolidan foydalanaman. Yaxshi miltiq, maza qilib otaman. O‘zimiz tayyorlagan o‘qlar ham tushadi. Hozirda Turkiya va Italiya davlatlarida ishlab chiqarilgan ov qurollari ham bor. Ammo shu qurolga o‘rganib qolganman.
Ovchilarda hech ham g‘iybat so‘z bo‘lmaydi. Uch-to‘rtta ovchi bir joyga to‘plansa, birovni g‘iybat qilmaydi, o‘zlarining ovi haqida gaplashadi. Birovi o‘zining qurolini maqtasa, birovi ovchi itini maqtaydi. Ovchi ovchidan biror narsani qizg‘onmaydi. Masalan, choyxonalarga borsangiz, so‘rilarda begona odamlar o‘tiradi, lekin ular bir-biriga o‘zlari pishirgan taomdan berishmaydi. Ovchilarda bunday emas. Ov joylarida bir-birimizni tanimasak ham,albatta tayyorlagan ovqatimizni birga baham ko‘ramiz. Ovda yangi suhbatdoshlar topasiz”, — deydi farg‘onalik ovchi Dilshod Nishonov.
Quyonlar esa bu hududda hamisha bor. Navoiy viloyati Ovchi-baliqchi sport birlashmasi ovshunosi O‘tkir Jo‘rayevning ta'kidlashicha, belgilangan muddatlarda hududdagi yovvoyi jonzotlarningsanog‘i o‘tkaziladi. Masalan, 1 gektar maydondagi quyonlar sanab chiqilib, hududdagi quyonlarning o‘rtacha soni chiqariladi. Ovchilarga jami miqdordan 8-10 foizgacha ovlash uchun yo‘llanmalar beriladi.
O‘tkir Jo‘rayev, ovshunos:
“Navoiy viloyatida 1 700 nafarga yaqin ovchi bor. Qaysi hayvonlarni ovlash mumkinligi va ov jarayonining talablari haqida ularga tushuntirishlar o‘tkazib boriladi. Hududda 13 xil o‘rdaklarimiz, noyob qushlardan oqqushlar bor. Hatto Janubiy Afrikadan flamingolar uchib kelgan vaqtlari ham bo‘lgan. Sut emizuvchilardan asosan quyon, bo‘rsiq, shimolroq tomonlarda to‘ng‘izni uchratish mumkin. Ovchilarga mavsumiy yoki bir marotabalik ruxsatnomalar beriladi. Haftaning seshanba-chorshanba kunlari tinch kun hisoblanadi, o‘q otilmaydi. Ayni kunlarda faqat suvda suzuvchi, ya'ni g‘oz va o‘rdaklarga ruxsat beryapmiz”.
Aydarko‘ldan noqonuniy ravishda baliq tutib sotuvchi baliqchilar, ov yo‘llanmasi bo‘lmasada o‘rdak va quyon ovlab ketuvchi ovchilar uchrab turadi. Shu sababli, hududda Navoiy viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ekologik nazorat punktlari joylashgan. Inspektorlar doimiy ravishda Aydarko‘l suv havzasi va uning qirg‘oqbo‘yini nazorat qilib borishadi. Agar brakonerlar aniqlansa yoki ovchilar belgilangan talablarga amal qilishmasa, ularga nisbatan ma'muriy bayonnomalar tuziladi hamda tabiatga yetkazilgan zarar undirilib, jarimaga tortiladi.
Ovchilarning ma'lum qilishicha, Aydarko‘lning suv sathi yildan yilga kamayib bormoqda. Qirg‘oq oldingi yillarga qaraganda ancha chekingan. Ikkinchi Orolga aylanmasligi uchun Aydarko‘lni ham, uning yovvoyi tabiatini ham asrash kerak. Agar ovchilar ovchilik madaniyati va belgilangan tartiblarga amal qilishsa, bu hududda hali ko‘p yillar ov qilib, hordiq chiqarishadi.
Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid
10:49 / 15.12.2024
Andijon va Navoiyda noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
13:10 / 11.12.2024
Navoiyda elektromontyor 12 kishining nomiga kredit olib, onlayn qimorga yutqazib qo‘ydi
11:05 / 09.12.2024
Qari hayvonlar yoshlariga tirik qolishni o‘rgatadi. Olimlar ularni ovlamaslikka chaqirmoqda
16:26 / 07.12.2024