10:58 / 11.05.2020
21522

Yoshlar ittifoqi quruvchi tadbirkorning 10 mlrd so‘m haqini bermayapti

2019 yil avgustida prezident Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmasiga asosan, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashining buyurtmasi bo‘yicha Jizzax shahri markazida qiymati 15 mlrd so‘mni tashkil qiluvchi «Yoshlar markazi» binosi qurib foydalanishga topshiriladi. Biroq, rekonstruksiya va qurilish ishlarini bajargan «Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJning 10 mlrd so‘mdan oshiq pullari Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan to‘lab berilmasdan, tadbirkor sarson qilinmoqda. Qurilish uchun ajratilgan pullar qayoqqa g‘oyib bo‘lgan?   

So‘nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa yoshlar zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda. Sir emaski, ushbu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashiga har yili davlat budjetidan bir necha yuz milliardlab mablag‘lar ajratilmoqda.

Biroq, tahririyatga kelib tushgan navbatdagi murojaatda Yoshlar ittifoqi mas'ullarining beparvoligi va insofsizligi, shuningdek sohaga ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli ishlatilmayotgani natijasida tadbirkorga 10 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetib, yuzlab oilalar maoshsiz qolib ketgani bayon etiladi.

«Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJ direktori Shuhrat Sotvoldiyev

Prezident 2019 yil 31 yanvar kuni Jizzax viloyati faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Jizzax shahri markazida «Yoshlar markazi», amfiteatr va yoshlar istirohat bog‘ini barpo etib, yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma beradi.

Prezident raisligida o‘tkazilgan majlis bayoniga asosan, 2019 yil 19 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining 05/1-1398-sonli chora-tadbirlar rejasi va 2019 yil 31 may kuni Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasining 01-04/532-sonli qarori bilan manzilli dastur tasdiqlanadi.

«Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJ qiymati 14 mlrd 498 mln so‘m bo‘lgan «Yoshlar markazi» binosini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun bosh pudratchi etib tayinlanadi.

Shunga asosan, «Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJ va Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi qoshida ochilgan, ittifoqning qurilishga oid buyurtmalari bilan shug‘ullanadigan «Yoshlar qurilish invest» MChJ o‘rtasida tegishli pudrat shartnomasi tuzilib, qurilish ishlari boshlab yuboriladi.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markazi kengashi «Yoshlar qurilish invest» mas'uliyati cheklangan jamiyatining 100 foizlik ulushga ega ta'sischisi hisoblanadi. Jamiyatning ustav fondi miqdori 1 mlrd so‘mni tashkil qiladi, amaldagi rahbari Xo‘jaxonov Abbosxon Usmon o‘g‘li, jamiyat 2017 yil 26 dekabrda davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

Obekt mustaqillikning 27 yilligi bayrami arafasida topshirilishi lozimligi sababli 500 nafardan ortiq quruvchi-ishchilar uch smenada tinim bilmasdan ishlashadi. Nihoyat, obekt 2019 yil 28 avgustida katta tantanalar bilan foydalanishga topshiriladi.

Binoning ochilish marosimida Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi rahbariyati, prezident administratsiyasi, vazirlik va idoralar rahbar-xodimlari ishtirok etishadi. Alohida ta'kidlash o‘rinliki, ochilish marosimida faollar zali, forumlar zali, seminar va konferensiya zali, axborot-resurs markazi hamda zamonaviy kutubxonadan tarkib topgan bino qulayligi, ko‘rkamligi va zamonaviyligi bilan nafaqat viloyatda, balki respublikada sanoqlilardan biri ekani e'tirof etiladi.

Biroq, quruvchi tomonidan bajarilgan ishlarning umumiy qiymati 15 mlrd 703 mln so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa-da buyurtmachi ushbu summaning faqatgina 5 mlrd so‘mini to‘lab bergan, xolos.

Tadbirkor ko‘p marta Markaziy kengash va uning ta'sischiligidagi «Yoshlar qurilish invest» MChJga borib, qurilishga sarflangan pulini to‘lab berishlarini talab qilgan bo‘lsa-da, bu murojaatlariga hech qanday reaksiya bildirilmagan.

Shundan so‘ng «Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJ Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga «Yoshlar qurilish invest» MChJdan 10 mlrd 473 mln so‘m mablag‘ni undirish bo‘yicha da'vo arizasi kiritadi. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 28 fevraldagi hal qiluv qarori bilan da'vo talablari qanoatlantiriladi va «Yoshlar qurilish invest» MChJdan «Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJ foydasiga 10 mlrd  473 mln so‘m asosiy qarz va 160 mln so‘m penya undirish belgilanadi.  

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xuzuridagi Majburiy ijro byurosidan olingan ma'lumotga ko‘ra, iqtisodiy sudning hal qiluv qaroriga asosan MIBning Shayxontohur tuman bo‘lim tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Qarzdor «Yoshlar qurilish invest» MChJning barcha bank hisob raqamlariga taqiq qo‘yilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida qarzdorning bankdagi hisob raqamlaridan jami 530 mln 769 ming 668  so‘m pul mablag‘lari undirilgan.

Ijro harakatlari «Yoshlar qurilish invest» MChJning kassatsiya tartibida kiritgan shikoyatiga muvofiq Toshkent shahar iqtisodiy sudi ajrimiga asosan kassatsiya instansiyasida ish yuritish tamomlangunga qadar to‘xtatilgan.

Tahririyatning vaziyatga izox olish maqsadida yo‘llagan so‘roviga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan ma'lumotnoma taqdim etildi. 
Ma'lumotnomada Jizzax viloyatida “Yoshlar innovatsion markazi”ni tashkil etish vazifasi barcha sarf-xarajatlari bilan birga Prezident tomonidan Jizzax viloyati hokimligi zimmasiga yuklatilganligi aytiladi. Bunga asos sifatida prezident raisligida o‘tkazilgan majlis bayonining 152-bandi ko‘rsatiladi.

Shunga ko‘ra ittifoq rasmiylari Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.Ramatov imzolagan bayonni “Markaziy kengash bilan kelishilmagan va prezident yig‘ilishi bayoniga zid” deb hisoblamoqdlar.

Ma'lumotda hozirgi kunga kelib pudratchi tomonidan bajarilgan ishlar to‘liq nihoyasiga yetkazilmagani sababli bajarilgan ishlar «Yoshlar qurilish invest» MChJ (buyurtmachi) tomonidan qabul qilib olinmagani bayon etiladi.

Biroq, «Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJ direktori Shuhrat Sotvoldiyev ittifoqning bu vajini mutlaqo asossiz deb hisoblaydi. Chunki obekt loyihadagidan-da ortig‘i bilan qurib bitirilib, belgilangan tartibda Markaziy kengashga topshirilgan. Obektni «Yoshlar qurilish invest» MChJning o‘sha paytdagi direktori B.Nurmatov va uning mas'ul xodimlari, shuningdek ittifoqning viloyat kengashi raisi birgalikda qabul qilib olishgan. Bugungi kunda binodan to‘liq quvvatda foydalanilmoqda va u viloyat yoshlarining sevimli go‘shasiga aylanib ulgurgan.

Endi esa, Markaziy kengash bugunga kelib «tegishli hujjatlarni imzolashda B.Nurmatov korxonaning texnik nazorat bo‘yicha mutaxassisi va bosh hisobchisi bilan kelishmagani, shu sababli ushbu hujjatlarga texnik nazorat bo‘yicha mutaxassisi va bosh hisobchi imzo qo‘ymagani, mazkur harakatlariga asosli izoh bera olmagani sababli B.Nurmatov bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani» haqidagi tadbirkorga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan asoslarni keltirmoqda.  

Shuningdek, ma'lumotda ittifoq Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat kiritilganini ham qo‘shimcha qilgan.

Ittifoqning biror-bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan yana bir bahonasiga e'tibor qarating: «O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2019 yil 30 dekabrdagi 01-04/626-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan 2020 yilda amalga oshiriladigan qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash ishlari Manzilli dasturining 8-bandida Jizzax viloyati «Yoshlar markazi»ni rekonstruksiya qilish uchun obektning kutilayotgan umumiy qiymati 15 068 182 100 so‘m, 2020 yilda moliyalashtirish ko‘zda tutilgan mablag‘ 1 465 683 100 so‘m (6-ustunda), shundan, Pudratchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘, ya'ni qurilish-montaj ishlari uchun 1 376 500 300 so‘m (8-ustunda) ajratilishi belgilangan.

Yuqoridagi 2019 va 2020 yillardagi manzilli dasturlardan kelib chiqib, Investor «YOSHLAR QURILISH INVEST» MChJga ushbu yillar uchun Jizzax viloyati «Yoshlar markazi»ni rekonstruksiya qilish uchun jami 5 420 571 300 so‘m to‘lanishi lozim bo‘lgan».

Buni o‘qib kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaydi kishi. Qurilish 2019 yil avgustidayoq tugallanib, obekt foydalanishga topshirilgan bo‘lsa-yu, mudrayotgan ittifoq rasmiylari bu ishlar 2020 yilda amalga oshiriladi, deb tursa...

Ittifoq o‘z izohida pul to‘lab bermayotganining yana bir sababi sifatida obekt qiymatining 6 950 786 600 so‘mini Jizzax viloyat hokimligi ajratishi kerakligini ko‘rsatmoqda.

Ammo rasmiy hujjatlarda «Yoshlar markazi» qurilishi uchun viloyat hokimligi mablag‘ ajratishi kerakligiga oid birorta asosli ma'lumot keltirilmagan. Viloyat hokimligi va quruvchi o‘rtasida o‘zaro majburiyatlarga oid hujjatlar mavjud emas.

Xullas, tahlil qilib ko‘rilsa yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining ma'lumotida keltirilgan vajlarning birortasi tadbirkor bilan bog‘liq emas. A.Ramatov imzolagan bayonning «xato»ligi bo‘ladimi, Manzilli dastur bo‘ladimi, yoinki o‘zining tizimidagi tashkilot rahbarining xatosimi, ahamiyatsiz. Muhimi, shartnoma imzolangan va tadbirkor shartnomadagi o‘z majburiyatlarini to‘la ado etgan. Pulini to‘lash navbati kelganida esa bunday bahonalar o‘ylab topilishi, to‘g‘risi kulgili holat.

Yoshlar ittifoqining pul bermaslik uchun bahonalari talaygina, lekin ularning birortasi tadbirkor bilan tuzilgan shartnomaviy munosabatlarga aloqador emas. Maqsad vaqtni cho‘zish, pul berishdan qochish bo‘lmoqda, xolos.

Shunday ekan, nima uchun qurilish ishlarini boshlashdan avval yoki qurilish davom etayotgan, juda bo‘lmaganda shartnoma va unga qo‘shimcha kelishuvlar imzolanayotganda bu haqida o‘ylab ko‘rilmagan. Ittifoqning obekt bitib, foydalanishga topshirilgandan so‘ng bunday yo‘l tutishi «ishi bitguncha - eshagi loydan o‘tguncha» degan maqolni yodga solmoqda.

Tadbirkorlar mahalliy hokimliklardan pulini ololmay sarson qilinganiga oid holatlarga bot-bot ko‘zimiz tushaverib, ko‘nikib ham qolgan edik. Biroq, kimsan yurt va vatan kelajagi bo‘lgan yoshlarga rahnamolik qiluvchi tashkilotning ham shunday yo‘lga o‘tib olgani achinarli holdir, albatta.

Darvoqe, maqola avvalida qurilish uchun ajratilgan pullar qayoqqa g‘oyib bo‘lgani haqidagi savolni bejiz qo‘ymadik. Tahririyat qo‘lga kiritgan ma'lumotlarda bu savolga qisman javob bor. Lekin bunisi alohida mavzu. Rasmiy idoralar qo‘lga kiritilgan mazkur ma'lumotlarni tasdiqlaganidan so‘ng bu mavzuga alohida to‘xtalamiz.

Ittifoqning qurilish sohasidagi faoliyatiga doir yana bir ma'lumot: «Yoshlar qurilish invest» MChJning hisob raqamiga sud qaroriga asosan MIB tomonidan band solinganidan buyon yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi o‘zi buyurtmachi bo‘lgan boshqa qurilish va rekonstruksiya ishlariga uch tomonlama (Markaziy kengash, «Yoshlar qurilish invest» MChJ va pudratchi tashkilot) shartnomalar tuzish orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Samarqand viloyatining 3ta tumanida (Nurobod, Qo‘shrabot va Paxtachi) va Sirdaryo viloyatining markazi Guliston shahrida qurilayotgan yoshlar markazlari shular jumlasidan. Tadbirkorni ishlatib pul bermaslik an'ana tusiga kirgudek bo‘lsa, yaqin kelajakda Samarqand yoki Guliston taraflardan ham ana shunday mazmundagi shikoyatlar kelib qolsa ajab emas...

Ha aytgancha, Jizzaxdagi masala bilan Kun.uz sayti qiziqayotganidan xabar topgan ittifoqdagilar harakatga tushib qolgan ko‘rinishadi. Quruvchi Shuhrat Sotvoldiyevning ma'lum qilishicha shu yil 7-8 may kunlari Markaziy kengash vakillari u bilan muzokaralar olib borib, hozir 1,5 mlrd so‘m o‘tkazish, qolgan mablag‘ni esa yil oxiriga qadar, har oyda bo‘lib-bo‘lib to‘lab berish haqida taklif kiritgan. Buning uchun tadbirkordan MIBdagi ijro hujjatlarini qaytarib olishni so‘rashgan. Tadbirkor moddiy ahvolidan kelib chiqib bu taklifni rad etgan.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.  

Dilshod Abduqodirov

Mavzuga doir muhim faktlar:

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top