Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-klinikasi davlat tibbiyot muassasalari orasida birinchi bo‘lib ISO sertifikatini oldi
Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-klinikasi – bolalar xirurgiyasi markaziga O‘zbekistondagi davlat tibbiyot muassasalari orasida birinchi bo‘lib ISO sertifikati topshirildi.
Aytish joiz, mazkur klinika jahon andozalariga mos innovatsion va yuqori texnologiyali xirurgik davolash usullarini amaliyotga kiritish, ilmiy kadrlarni tayyorlash, hududlardagi davolash-profilaktika muassasalariga amaliy yordam ko‘rsatish borasida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Markaz jami 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda kecha-yu kunduz bolalar xirurgiyasi bo‘yicha ixtisoslashgan xirurgik yordam ko‘rsatiladi. Bolalar xirurgiyasining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bo‘limlar mavjud.
O‘tgan o‘ttiz yil davomida markazda jami 230 mingdan ortiq bemor davolanib chiqqan va 150 mingdan ortiq operatsiyalar o‘tkazilgan.
Markazga ISO sertifikatini G-CERTI xalqaro sertifikatlashtirish tashkilotining O‘zbekistondagi vakili Dilshod Muydinov topshirdi. Muydinov ISO sertifikati odatda biror tashkilotning mijozlarga ko‘rsatilayotgan sifatli xizmati uchun berilishini bildirdi. Xususan, SamDTI 2-klinikasining faoliyati G-CERTI xalqaro tashkiloti tomonidan o‘rganilgani va e’tirof etilganini ma’lum qildi.
“Markazimizda bugungi kunda nafaqat Samarqand, balki qo‘shni Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlaridan xirurgik kasalliklarga chalingan bemorlarni qabul qilyapmiz. O‘rtacha bir yilda 20 mingta murojaat bo‘lsa, shundan 10 ming nafar bola davolanishga yotqiziladi. Olti mingta murakkab operatsiyalar o‘tkaziladi. Birgina urologiya sohasida ham kattagina yutuqlarga erishdik. Ushbu yo‘nalishda respublikada birinchi bo‘lib endourologik operatsiyalarni amalga oshirdik”, deydi SamDTI bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri Shuhrat Yusupov.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, bolalar xirurgiyasi markazi hozirgi kunda tibbiyoti rivojlangan ko‘plab davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Klinika shifokorlaridan 30 nafari Osiyo endoskopik va laparoskopik xirurglar uyushmasi a’zosi hisoblanadi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-klinikasi – bolalar xirurgiyasi markazi Ⓣ
Mavzuga oid
00:05 / 02.04.2022
Samarqand davlat tibbiyot instituti universitetga aylantiriladi
15:30 / 26.03.2022
Samarqand davlat tibbiyot institutining qariyb 1000 nafar o‘qituvchi va shifokorlari donorlik qildi
20:00 / 09.02.2022
SamDTI Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda olis hududlarda muntazam tibbiy ko‘rik tashkil qilmoqda
15:30 / 16.12.2021