Jamiyat | 20:00 / 09.02.2022
10316
5 daqiqa o‘qiladi

SamDTI Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda olis hududlarda muntazam tibbiy ko‘rik tashkil qilmoqda

Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari mahallalarda aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida Nurobod, Urgut tumanlariga borishdi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

Nurobod va Urgut tumanlarining bir qancha mahallalarida aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bemor va keksalarning uylariga borib, tibbiy ko‘rik tashkil qilindi. Mahalla vakillari malakali shifokorlardan jarroh, onkolog, akusher-ginekolog, endokrinolog, oftalmolog, terapevt va nevropatologlardan kerakli tavsiyalar olishdi. Mutaxassislarning tavsiyalarini sifatli hamda tezkor tashkil qilish maqsadida hududlarning o‘zida laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazildi.

Institut va markaz mutaxassislari aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan bir vaqtda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va chora-tadbirlar to‘g‘risida suhbat o‘tkazdilar. Sog‘lom ovqatlanish qoidalari, shu bilan bir qatorda jismoniy faollikni oshirish borasida kerakli tavsiyalar berildi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati
Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati
Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

Samarqand davlat tibbiyot instituti yuqori kurs talabalari, magistr va klinik ordinatorlari Urgut tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari bilan birga aholi salomatligini ta’minlash, sifatli tibbiy ko‘rikni mahallalar kesimida olib borish haqida aholi bilan davra suhbati o‘tkazdilar.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

“Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan maqsad, davlat rahbarining tibbiyot sohasi vakillari bilan uchrashuvdagi topshiriqlari va ko‘rsatmalarini joylarda amalga oshirish va aholi salomatligini yaxshilashdan iboratdir. Shu bilan birga joriy yilning 26 yanvar kuni Prezident tomonidan imzolangan “Endokrinologiya xizmatini yanada takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror mohiyatini barcha tibbiyot xodimlariga yetkazish asosiy yo‘nalishlarimizdan biri hisoblanadi. Uch kun davomida Qo‘shrabot, Payariq, Oqdaryo, Ishtixon, Past Darg‘om tumanlaridagi tibbiyot muassasalari xodimlaridan ko‘plab takliflar olindi”, deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Samarqand filiali bosh vrachi Gulzoda Negmatova.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

Urgut tumanidagi 69 ta oilaviy vrachlik punktiga biriktirilgan aholini hozirda qiynayotgan masalalar yuzasidan murojaatlari o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi. Shuningdek, endokrinologiya xizmatini yanada takomillashtirishga oid qarorda ko‘zda tutilgan vazifa va topshiriqlar, sog‘liqni saqlashning birinchi bo‘g‘inida endokrin kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va asoratlarining oldini olishda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan ishlab chiqilgan algoritmlarni qo‘llashning samaradorligi va qulayligi haqida markaz xodimlari tushuntirish ishlari olib borishdi.

Endilikda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan birgalikda tuman tibbiyot birlashmalaridagi “Profilaktika maktablari”da bemorlar va ularning oila a’zolariga endokrin kasallikni boshqarish usullari hamda kasallik bilan birga yashash tarzi o‘rgatiladi. Qandli diabetga chalingan bemorlarning zamonaviy nazorati (onlayn registr) tizimini joriy etish orqali har bir bemor holatining monitoringi yuritiladi. Patronaj hamshiralar va oilaviy shifokorlar uchun endokrin kasalliklarning oldini olish, erta tashxis va davolash bo‘yicha ikki haftalik, endokrinolog shifokorlarni qayta tayyorlash uchun uch yarim oylik o‘quv kurslari tashkil etiladi. 40 yoshdan oshgan aholi har yili qandli diabet va diabetoldi holatlari uchun maqsadli skriningdan o‘tkaziladi. Buning uchun tibbiyot brigadalari zarur glyukometr va bir martalik test yaproqchalari hamda ignalari bilan ta’minlanmoqda.

Eng muhimi, aholiga sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish hamda jismoniy faollik har qanday kasallik, jumladan, endokrin kasalliklarning oldini olishning asosiy sharti ekani mutaxassislar tomonidan aholiga tushuntirilmoqda.

Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

Mavzuga oid