Jamiyat | 00:05 / 16.02.2018
11568
3 daqiqa o‘qiladi

Tibbiy patronaj va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga endi 5ta tashkilot mas'ul bo‘ladi

Reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va kasalliklarning oldini olishga qaratilgan birlamchi profilaktika ishlariga endi 5 ta tashkilot mas'ul etib belgilandi. Bu haqda «Kun.uz»ga Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim markazi tomonidan «Aholini maqsadli patronaj bilan qamrab olish, ularda tibbiy madaniyatni shakllantirish hamda oila va ta'lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish to‘g‘risida»gi qo‘shma qarori asosida belgilandi.

Hujjat bilan joylarda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, tibbiy madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va birlamchi profilaktika ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar Sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy bo‘limlari, hududiy xalq ta'limi boshqarmalari va maktabgacha ta'lim boshqarmalari bilan hamkorlikda bajarilishi belgilandi.

Shuningdek, ushbu tashkilotlarga aholini maqsadli patronaj bilan qamrab olish, ularda tibbiy madaniyatni shakllantirish hamda oila va ta'lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida har bir mahallada jamoatchilik asosida «Salomatlik maktablari» tashkil etish va ular faoliyatini tizimli olib borish vazifasi yuklatildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlarining ma'lum qilishicha, inson salomatligining 85-90 foizi hayot tarzi va atrof-muhitga bog‘liq. Shu bois, qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad kasalliklarning oldini olish bo‘yicha olib boriladigan profilaktika ishlarini nafaqat xonadonda, balki o‘quv muassasalari, bog‘cha va mahallarlarda ham tashkil etib, profilaktika qamrovini yanada kengaytirish, aholida o‘z salomatligiga bo‘lgan mas'uliyatni oshirish etib belgilandi.

Mavzuga oid