O‘zbekiston | 12:42 / 30.03.2021
12826
5 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy taraqqiyot va Oliy ta'lim vazirliklariga eslatma: Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti nodavlat emas, davlat muassasasi hisoblanadi

Kuni kecha e'lon qilingan prezident qarori loyihasida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti nodavlat ta'lim tashkiloti sifatida e'tirof etilgan. Ammo aslida unday emas. Hukumat qarori bilan tashkil etilgan TXVU ta'sis hujjatlariga ko‘ra to‘liq davlat oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Xabaringiz bo‘lsa kerak, 2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.

Loyihaga muvofiq, kelasi o‘quv yili uchun nodavlat oliy ta'lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlari 56 nafar etib belgilanishi va ularning OTM va tashkilotlar bo‘yicha kesimi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Qaror loyihasining 5-ilovasi sifatida tirkalgan “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi nodavlat oliy ta'lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari”da Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti nodavlat ta'lim tashkiloti sifatida ko‘rsatilib, vazirlik va idoralar uchun Moliya va iqtisod yo‘nalishlari bo‘yicha 6ta davlat granti ajratilishi belgilangan.

Ammo, masalaning ahamiyatli jihati shundaki, loyihada Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti nodavlat ta'lim tashkiloti sifatida talqin qilinib, xatoga yo‘l qo‘yilgan. Boisi, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti davlat oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Universitet prorektori Nizom Qodirov Human.uz saytiga bergan intervyusida shu haqida gapirib, jumladan, sayt muxbirining savollariga quyidagicha javob bergan:

“Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti 2002 yil 16 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tashkil etilgan. Hamkorimiz London (Buyuk Britaniya)dagi Vestminster universiteti, ya'ni ularning [o‘quv] dasturlarini universitetda joriy etganmiz. Bu filial emas, O‘zbekiston davlat universiteti, statusi haqiqatan ham davlat universitetidir”.

Shuningdek, Nizom Qodirov bu universitet ochilishi uchun davlat investitsiya kiritgani, bino bilan ta'minlagani va shu vajdan davlat ta'lim muassasasi ekanini aytadi. 

Kun.uz vaziyatga yanada oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti bilan bog‘lanib, uning ustavi (nizomi) va davlat ro‘yxatidan o‘tgani to‘g‘risidagi guvohnomalaridan nusxa so‘radi. Universitetning yuridik xizmati xodimi TXVU haqiqatan ham davlat tashkiloti ekanini, u nima sababdan qaror loyihasiga nodavlat tashkilot sifatida kirib qolganligi sabablari o‘rganilayotganini va bu bo‘yicha tegishli tashkilotga o‘z takliflarini yuborishlarini ma'lum qildi.

Shunday ekan, adolat nuqtayi nazaridan Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti ham qaror (loyiha)ning 1-ilovasi sifatida qayd etilgan 2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari ro‘yxatidan joy olishi lozim.

Loyiha ijodkorlari eng birinchi galda prezident qarori har tomonlama mukammal va qusurlardan xoli bo‘lishini ta'minlab, qolaversa oddiy fuqarolarning ham xalqaro maqomga ega-yu, aslida davlatniki bo‘lgan nufuzli oliygohlarda grant asosida tahsil olishlariga zamin yaratishga mas'uldirlar.

Loyiha muhokamasi 10 aprelga qadar davom etadi. Umid qilamizki, loyihani ishlab chiqqan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi qaror loyihasi davlat rahbari tasdig‘iga kiritilguniga qadar Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining ta'sis hujjatlarini ko‘zdan kechirib, loyihani shunga muvofiq takomillashtiradi.

Qolaversa, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti rahbariyatini o‘zlarini davlat muassasasi ekanini bilgani holda, loyihadagi bu xatolikka jim qarab turmaslikka, prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatishga chaqirib qolamiz.

Loyiha yuzasidan taklif o‘laroq bildirgan bu fikrlarimiz inobatga olinadimi yoki yo‘q, buni qaror imzolanib, rasman e'lon qilinganda bilib olamiz.

Jamshid Niyozov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid