Jamiyat | 20:29 / 24.12.2020
4835
3 daqiqa o‘qiladi

«OTM talabalari o‘rtasida kasallanish holatlari deyarli aniqlanmayapti» – vazir o‘rinbosari

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomov O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalarining talabalari o‘rtasida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish holatlari deyarli kuzatilmayotganini ta'kidladi, biroq u bu borada hech qanday raqamlarini keltirib o‘tmadi.

«Koronavirus bilan kurashish va pandemiya davrida ta'limni tiklash jarayoni Oliy ta'lim vazirligi uchun birmuncha osonroq kechdi. Chunki bizgacha Xalq ta'limi vazirligi bu bosqichdan o‘tgandi. Oliy ta'lim vazirligi ushbu jarayonda qatnashib, bu borada ma'lum bir tajribaga ega bo‘ldi.

Lekin oliy ta'lim tizimining o‘ziga xos xususiyatlari bor edi. Masalan, talabalarning yoshi katta bo‘lib, ular koronavirus yuqishi ehtimoli yuqori bo‘lgan toifaga kirishardi. Bundan tashqari, aksariyat oliy ta'lim muassasalari talabalari turli hududlardan kelib o‘qishlariga to‘g‘ri kelardi, mazkur vaziyatda ular talabalar turar joylarida yoki ijarada yashashi bilan bog‘liq muammolar bo‘lgani uchun an'anaviy ta'limni XTVga nisbatan kechroq boshladik.

Biz ham talabalar va ularning ota-onalari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdik. Respondentlarning 82 foizi an'anaviy ta'limni yoqlab ovoz berishdi. Shundan so‘ng Respublika maxsus komissiyasining 12 noyabrdagi qaroriga asosan 16 noyabrdan barcha oliy ta'lim muassasalarida an'anaviy shaklda ta'limga o‘tilishi tavsiya etildi. Bu bo‘yicha har bir ya'ni qaysi kurs talabalarini birinchi navbatda, qaysi kurs talabalarini ikkinchi va keyingi navbatda an'anaviy ta'lim bilan qamrab olish bo‘yicha o‘z chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan.

Bu jarayonda sanitariya qoidalariga to‘liq amal qilinmoqda. OTM auditoriyalari, talabalar turar joylari tez-tez dezinfeksiyalanib, talabalar tibbiy niqoblarni taqqan va ijtimoiy masofani saqlagan holda darslarda qatnashishmoqda. Buning natijasida OTM talabalari o‘rtasida kasallanish holatlari deyarli aniqlanmayapti», deya O‘ktam Salomovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, u OTM professor-o‘qituvchilarining 0,2 foizi Covid-19 bilan kasallanganini ma'lum qildi.

«An'anaviy ta'lim qayta tiklangach, talabalar va OTM xodimlari, professor-o‘qituvchilari o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida vazirligimiz hamda SSV o‘rtasida qo‘shma qaror qabul qilindi. Mazkur qaror bilan koronavirus keng yoyilishiga qarshi profilaktik chora-tadbirlar tasdiqlanib, shuning doirasida OTM xodimlariga «Covid-box»lar tarqatildi.

Oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va boshqa xodimlarining koronavirus bilan kasallanish ko‘rsatkichlari O‘zbekistondagi o‘rtacha statistikadan oshmaydi. Xuddi maktab o‘qituvchilarida bo‘lgani kabi OTM professor-o‘qituvchilarining 0,2 foizi Covid-19 bilan kasallangan», degan vazir o‘rinbosari XPK sessiyasida.

Mavzuga oid