16:50 / 10.07.2019
4453

Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga e'tibor qay darajada?

10 iyul kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining 2019 yil birinchi yarmidagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari bilan ishlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar xususida so‘z bordi.

Anjumanda qayd etilishicha, nogironlar istiqomat qiladigan turar joylar, imkoniyati cheklanganlarga ajratilayotgan uylarda ularning kirib chiqishi, harakatlanishi uchun kerakli sharoit yaratilmagan.

Shuningdek, nogiron bolalarning ta'lim muassasasida tahsil olishining imkoni bo‘lmay, uyda ta'lim olishiga to‘g‘ri kelgan taqdirda ota, ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga moddiy yordam va imtiyozlar berish tartiblari ishlab chiqilmagan.

«Respublikadagi muruvvat va saxovat uylarida yashayotgan nogironlar va keksalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar holati qoniqarli emas. Bunday internat uylariga kerakli maishiy mahsulotlar maxsus axborot portali orqali xarid qilingani bois mahsulotning sifatini tekshirish imkoniyati mavjud emas. Natijada sifati juda past bo‘lgan mahsulotlar olib kelinmoqda. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarining holati achinarli ahvolda», ─ deydi Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Qo‘mitaning o‘rganish xulosalariga ko‘ra, muruvvat uylarida sil kasalligiga chalinganlarga ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasida tibbiy ko‘mak ko‘rsatilishi belgilangan bo‘lsa-da, bunday bemorlar internat uylarning o‘zida davolanyapti. Internatda bironta ham silni davolashga ixtisoslashgan tibbiyot xodimi yo‘q.

Shuningdek, muruvvat uylarida o‘rinlar sonining kamligi bois bugungi kunda 200 nafar ruhiy xasta bemor uzoq yillardan beri navbat kutmoqda. Xususan, Buxoro, Qarshi, Toshkent, Nukus muruvvat uylarida bunday navbatlarning mavjudligi aniqlangan.

Moliyaviy mablag‘lar o‘z vaqtida ajratilmayotgani bois bir necha internat uylari kapital ta'mirga muhtoj. Jumladan, Toshkent shahridagi 340 o‘rinli erkaklar muruvvat uyi ta'mirtalab holatda. Urgut tumanidagi ayollar muruvvat uyida hamda Namangan saxovat keksalar va nogironlar uylarida qurilish ishlari chala tashlab ketilgan. 

«Chet el mamlakatlaridan beg‘araz ko‘mak sifatida keladigan texnika vositalaridan olinadigan bojxona to‘lovlari respublika Vasiylik kengashi moliyaviy ahvoliga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Misol uchun, 2018 yil davomida beg‘araz yordamning bojxona to‘loviga 11 mlrd so‘m ushlab qolingan. Bu qanaqasi? O‘zi beg‘araz kelayotgan yordam bo‘lsa, unga 11 mlrd xarajat qilgandan ko‘ra, uni nogironlarning ehtiyojlariga sarflansa foydaliroq bo‘ladi-ku. Mahsulotlarni xavfsizlik nazoratidan o‘tkazib, bojxona to‘lovisiz kiritish kerak», ─ deya ta'kidlaydi Nizomxo‘jayev.

Ma'lum qilinishicha, mamlakatda imkoniyati cheklangan yoshlarni ta'lim bilan qamrab olish quvvatining pastligi bois, ayrim maktab internatlarda belgilangan miqdordan ko‘p odam qabul qilinganligi aniqlangan. Misol uchun, Toshkent shahridagi ko‘zi ojizlar uchun maktab internat 220 o‘ringa mo‘ljallangan, lekin 350 ko‘zi ojiz nogiron bu yerda ta'lim olyapti. Ko‘zi ojiz yoshlarni yozish moslamasi bilan ta'minlash ishlari ham tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmagan. Bunday moslamalar chet eldan homiylik asosida keltirilgani bois maktab internatlar ularni o‘zining mulki hisoblaydi, yoshlar bitirib ketayotganda moslamani tashlab ketadi, oliy o‘quv yurtiga esa bunday vositalar ajratilishi ko‘zda tutilmagan, shuning uchun ular yana shu muammoga duch keladi.

Shuningdek, anjumanda o‘quv binolari va talabalar turar joylarida imkoniyati cheklangan talabalarning harakatlanishi uchun kerakli sharoitlar yaratilmagani, hojatxona va yuvinish xonalari turli kategoriyadagi nogironlar uchun moslashtirilmagani qayd etildi.

Top