O‘zbekiston | 11:31 / 04.03.2024
4498
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston MSK raisi AQShda prezidentlik praymerizlarini kuzatishda ishtirok etyapti

Los-Anjyeles okrugi kotibining taklifiga asosan O‘zbekiston MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya AQSh prezidentlik praymerizlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni bilan tanishish va unda ovoz berishni kuzatish maqsadida AQShning Kaliforniya shtatida bo‘lib turibdi.

Foto: saylov.uz

AQSh prezidentlik praymerizlari shtatlar darajasida o‘tkaziladigan birlamchi prezidentlik saylovlari instituti bo‘lib, uning natijalariga ko‘ra delegatlar har bir partiyadan yagona prezidentlikka nomzodlarni aniqlash maqsadida milliy partiya qurultoyiga yuboriladi. Qo‘shma Shtatlarda prezident to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovchilar tomonidan emas, balki saylovchilar kollegiyasi tomonidan saylanadi. Noyabr oyining dastlabki dushanbasidan keyingi birinchi seshanba kunida saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Tashrifning birinchi kunida xorijiy kuzatuvchilarni AQSh Saylovga ko‘maklashish komissiyasi a’zosi Kristi Makkormik va Los-Anjyeles okrugi kotibi Din Logan kutib oldi, ular AQSh saylov tizimi, saylov ma’muriyatining asosiy vazifalari va funksiyalari bilan tanishtirdi.

Kaliforniya shtati praymerizlarida ovoz berish jarayonlari joriy yilning 5 martiga belgilangan. Barcha saylovchilarga saylov byulletenlari oldindan yuborilgan. Byulletenda shtat darajasida va mahalliy darajadagi nomzodlarning uzun ro‘yxati hamda ularni tasdiqlash yoki rad etish masalalari, shu jumladan, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarga partiyalarning prezidentlikka nomzodlari va AQSh Senatiga ochiq praymerizlar uchun ikki nafar eng yaxshi nomzodlarni aniqlashga doir ma’lumotlar aks etgan.

Joriy yilning 1 mart kuni O‘zbekiston MSK delegatsiyasi xorijiy kuzatuvchilar guruhi tarkibida Los-Anjyelesdagi jamoat kutubxonasida tashkil etilgan ovoz berish markaziga tashrif buyurdi, u yerda markaz xodimlari va saylovchilar bilan suhbatlashishdi hamda maxsus elektron ovoz berish uskunalari yordamida ovoz berish jarayonlarini kuzatdi.

Shu kunning o‘zida xorijiy kuzatuvchilar guruhi VSAP (Voting Solutions for All People) operatsion markazi faoliyati bilan tanishdi. Operatsion markaz elektron ovoz berish uskunalari va saylovchilarni onlayn ro‘yxatga olish moslamalarini saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ovoz berish jarayonlariga tayyorlash, shuningdek, ovoz berish markazlarida ularning ishlashini monitoring qilinishini ta’minlaydi. 

Tashrif dasturiga muvofiq, AQSh saylovlarida qo‘llanadigan zamonaviy saylov texnologiyalarini o‘rganishga oid boshqa tadbirlar ham ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid