18:26 / 21.02.2024
50915

«Xodimni zombi kabi manipulyatsiya qilib ishlatishadi»: davlat xizmatchilarining ayollari nima deydi?

Foto: Aleksandr Koryakov, Kommersant’

Dunyoning juda ko‘p mamlakatlari o‘z tajribasida 5 kunlik ish tizimini sinab ko‘rdi va joriy qildi. 5 kunlik ish haftasi xodimlarga ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga imkoniyat berib, ish samaradorligini oshirishi isbotlandi. Bu xodimlarga jismoniy va ruhiy salomatlikni tiklash, oilalari va farzandlari uchun yetarli darajada vaqt ajratish imkonini beradi. Ularda stress kamayadi, shaxsiy hayoti yaxshilanadi.

Butun dunyo mamlakatlari xodimlarning ish va shaxsiy hayotlarini muvofiqlashtirishga urinayotgan paytda O‘zbekistondagi ayrim tashkilotlarda faoliyat yuritadigan xodimlarning oilalari izdan chiqish yoqasiga kelib qolgan. Bu haqida ularning ayollari yozishmoqda.

Nasiba, 29 yoshda:

— Turmush o‘rtog‘im bilan sevishib turmush qurganmiz, ikki farzandimiz bor. Ikkimiz ham oliy ma’lumotlimiz. Turmush o‘rtog‘im yaxshi joyda ishlaydi, kichikroq bo‘lsa-da lavozimi bor, maoshi ham yomon emas.

O‘zim ham o‘rtacha maoshga ishlayman, ikkimizning oyligimiz yashash uchun bemalol yetadi. Unda muammo nimada dersiz? Muammo shundaki, turmush o‘rtog‘im ishdan juda kech qaytadi, ishda ezib ishlatishadi. Tunda soat 2 gacha, ba’zan sahar soat 4 gacha ham ishda qoladi. Aytishicha, rahbar ishxonadan chiqib ketmaguncha biror xodim uyiga ketishi mumkin emas ekan.

Unga bu ishdan ketishi kerakligini aytyapman, hatto oyligi kamroq bo‘lsa ham mayli dedim. Chunki sutkalab o‘tirib ishlashdan, stressdan semirib ketyapti, qattiq horiganidan yuzi qarib sochlari oqarib ketdi. Lekin bu ishdan ketishni xohlamaydi, karera uchun. Chunki turmush o‘rtog‘im qobiliyatli kadr.

Shu tufayli oilamizda turli nizolar kelib chiqyapti, bolalarim otasini ko‘rishga ham ulgurmay qoladi. Yarim tunda kelib, ular uyg‘onmasdan yana ishga ketadi.  Er-xotin sifatida ham oramiz uzoqlashib ketyapti. Oila tinchligiga ta’sir etuvchi tashqi omillarni kim nazorat qiladi? Yaxshi xodimlarni ezib, bosim ostida ishlatishdan kim manfaat topadi? Xodimni zombi kabi manipulyatsiya qilib ishlatish nega kerak?

Hozirdan o‘g‘lim va qizimning qulog‘iga uqtiryapman – davlat ishxonasida ishlamaysan, deb. Atrofdagi turmush o‘rtog‘i xorijda ishlayotgan ayollarni ham ko‘raman, ularni tushunaman. Ammo shu yerda yashab ham oilasiga vaqt ajrata olmayotgan xodimlarning oilasi ulardan kam aziyat chekmayapti. Bu vaziyat sabab qanchadan qancha davlat xizmatchilarining bolalari ota mehrini ko‘rmay o‘syapti, yaqinlar jabr chekyapti. Shu sabab oilasi buzilib ketayotganlar bor axir.

Sabriya, 34 yoshda:

— Turmush o‘rtog‘im organ xodimi. Haftada bir kun yakshanbani kutamiz, u bilan gaplashish uchun. Ba’zida hatto dam olish kunida ham ishga borishga majbur, chaqirib olishadi. Qarindoshchilik, bayramlar, to‘ylar, janozalarda umuman qatnasholmaydi. Ota-onasidan xabar olishga ham vaqt topa olmay asabiylashadi ba’zida. Bolalarni faqat uxlab yotganda ko‘radi. Dam olish kunlari ishga chaqirishganda, bormang, majbur emassiz bunga, bolalar sizni sog‘inishgan, desam jahli chiqadi. Gap eshitaman, deydi.

Shunaqa “gap eshitish”lardan keyin asabiy bo‘lib kelib, alamini bizdan oladi. Undagi psixologik zo‘riqish nima sababdan bo‘layotganini yaxshi tushunaman, shuning uchun chidayman. Lekin bu qachongacha davom etadi. Bir xil paytda yo bizni, yo ishni tanlang, demoqchi bo‘laman. Shu ishning ortidan kun ko‘rayotganimizni o‘ylab, jim bo‘laman.

Dilshoda, 37 yoshda:

— Aynan shunaqa ortiqcha yuklamali ish vaqti tufayli erkak o‘zgarib, asabiy bo‘lib, tiranga aylanib ketyapti. Oilasi, bola-chaqa, ota-onaga vaqt topolmay, stress, asabiy muhit, uyqusizlik tufayli infarkt, insultga chalinishyapti.

Boshlig‘i va ko‘chaning alamini uydagi xotin va bolalardan olib, ajrashib ketayotganlar bor, uyga kelsa gap tegadi deb, ko‘chada, xizmat joyida yurib, o‘sha joydan biror ayolga ilakishib, xotinini tashlab ketganlar bor. Ishga ketganda ham, ishdan kelganda ham bolalari uxlab qolib, bir oyda bir otasini ko‘rmaydigan bolalar ham bor. Er-xotinlik munosabatlari yomonlashgani tufayli ajrashaman degan ayollar ham bor. Ayniqsa hokimlik tizimida ishlaydigan, banklarda ishlaydigan, soliq tizimidagilarni yarim kechagacha ishda ushlab, yana saharda majlisga chaqirish odat va an’anaga aylangan. Bolalar otasi bo‘la turib ota tarbiyasini ko‘rmaydi, ayollar eri bo‘la turib yolg‘izday yashashadi.

Farida, 40 yoshda:

— Turmush o‘rtog‘im xalq qabulxonasi rahbari. Ishxonasiga kiraverishda ish vaqti 9:00 dan 18:00 gacha deb yozib qo‘yilgan. Lekin hecham kechki soat 9 dan erta kelolmaydi. Ba’zida tungi 12 gacha qolib ketadi ishda. Hammasidan yomoni – bayram kunlari ham ishlaydi, hech bo‘lmaganda Hayit bayramida uyda, oilasi bilan bo‘lishi kerak deb hisoblayman.

Iqbol, 35 yoshda:

— Turmush qurganimizga yaqinda 15 yil bo‘ladi. Erim tumanimizdagi soliq idorasida ishlaydi. Ko‘pincha dam olish kunlari ham ishga boradi. Deyarli har kuni ertalab soat 7 da majlis bo‘ladi, kech qolmaslik uchun soat 6 da uydan chiqib ketadi (uyimizdan tuman markazigacha ancha uzoq). Ayniqsa hisobot paytlarida umuman bizni esdan chiqarib qo‘yadi. Noshukrlik qilmayman, lekin oilasi uchun shuncha ishlagan odam u oilaning bag‘rida mazza qilib yayramasa, yaqinlarining mehrini ko‘rmasa, mehr bermasa bundan nima foyda? Gapirsam, boshqa davlat tashkilotlarida ahvol bundanam besh badtar ekanini aytadi.

Shu ishining orqasidan qon bosimi oshadigan bo‘lib qoldi. Uyda iloji boricha asabiylashtirmaslikka harakat qilaman, qon bosimi oshmasligi uchun. O‘zim ham maktabda ishlayman, unga oson bo‘lsin deb hamma ro‘zg‘or tashvishini bo‘ynimga oldim. Ba’zida qaynona-qaynotam xafa bo‘lishadi ulardan xabar olishga ulgurmagani uchun.

***

Eslatib o‘tamiz, Mehnat kodeksining 182-moddasida xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan oshmasligi belgilab qo‘yilgan. 2023 yilda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda ham davlat xizmatida mehnat qonunchiligiga rioya etmaslik holatlari, davlat xizmatchilarining yarmidan ko‘pi ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilishi tasdiqlangan edi.

Davlat tashkilotlarida xodimni ishdan keyin ham majburan olib o‘tirish inson huquqlarining buzilishi deb baholanadi. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqilsa, bu vaziyat jamiyatda ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi xavotirli holat hisoblanadi.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi

Top