Do‘stlaringiz orasida yoki ishxonada belgilangan vaqtdan kech qolib kelishga odatlanib qolgan insonlar bormi? Kech qoluvchilar, odatda, maktab davridanoq bu odatlari bilan sinfdoshlari orasida ajralib qolishadi.
Qizig‘i, darsga yo biror ijtimoiy tadbirga yoki belgilangan vazifalarni vaqtida topshirishga ulgurmay qoladiganlar samolyot yo poyezd vaqtiga ulgura olishadi. Unga nega boshqa payt kech qolishadi? Sababi kechikishning ham o‘ziga xos xususiyatlari bor.

Ha aytgancha, kech qoluvchilar faqat O‘zbekistonda emas, dunyoning istalgan davlatlarida uchraydi. 2014 yilda AQShda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, har 5 amerikalikning bir nafari haftasiga kamida bir marta ishga kech qolarkan.
«Kech! Biz nima uchun kechikamiz va buni qanday o‘zgartirish mumkin? Vaqtni o‘tkazib yuboruvchilar qo‘llanmasi» muallifi, kechikuvchilar bo‘yicha o‘rganishlar olib borgan, o‘zini ham shu toifada deb biluvchi Greys Peysining fikricha odamlarni 2 guruhga bo‘lish mumkin.
Birinchisi – vaqtida ulguruvchilar (kechikmaydiganlar);
Ikkinchisi – vaqtni o‘tkazib yuboruvchilar (kechikuvchilar).
Greys Peysi kechikuvchilarni – «Timebender»lar, ya’ni vaqtni o‘tkazib yuboruvchilar deb ataydi. Ular odatiy tartiblarni yoqtirishmaydi. Doimiy bir xillikni esa zerikarli deb bilishadi. Lekin biror narsaga qiziqib qolishsa, unga bor e’tiborini qaratishadi. Vaqt masalasida o‘lchov qat’iy bo‘lganda esa juda samarali ishlashadi. Ofislarda ham «taymbender»larni osongina ajratib olish mumkin: ularning ish stoli tartibsiz ko‘rinishda bo‘ladi. Sababi vaqtni o‘tkazib yuboruvchilar bir ishni tugatmasdan ikkinchisini ham boshlab yuborishlari mumkin.
Greys Peysining o‘rganishicha, vaqtni o‘tkazib yuboruvchilarning («taymbender»lar) vaqt haqidagi tushunchasi boshqalarnikidan farq qiladi. Ular uchun daqiqalar doim bir xil o‘lchovga ega emas: vaqt ba’zida tez, ba’zida sekin o‘tadi. «Taymbender»lar nimagadir kirishib ketishsa, vaqt qanday o‘tayotganini unutib qo‘yishadi.
Ularning chorasi – dedlaynlar! Ha, kechikishni yaxshi ko‘ruvchilar dedlaynlar aniq bo‘lsa, samarali ishlab bera olishadi.


















