Energetika vazirligi korxona va tashkilotlar xodimlarini onlayn ish rejimiga o‘tkazishni so‘radi
Energetika vazirligi sovuq kunlarda gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan talabning oshishi, ularni yetkazib berishda yuzaga kelayotgan muammolar hamda bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan murojaat bilan chiqdi.

Foto: GaudiLab / Shutterstock.com
Qayd etilishicha, bugungi kundagi maksimum talabni qondirish uchun gaz quvurlari va magistral elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati yetarli bo‘lsa-da, resurslar yetarli emasligi hisobiga iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlashda muammolar kuzatilmoqda.
Bildirilishicha, tabiiy gaz tanqisligi kuzatilayotgan shu kunlarda iste’molchilar xonadonlarni isitish uchun elektr qurilmalaridan keng foydalanmoqda. Birgina Toshkent shahrida bugungi kun davomida tarmoqlarda yuklamalarning ortishi hisobiga 1000 dan ortiq nosozliklar yuzaga keldi.
Nosozliklarni bartaraf etish ishlarni jadallashtirish maqsadida respublika bo‘ylab barcha hududiy elektr tarmoqlari korxonalaridan qo‘shimcha brigadalar Toshkentga jalb qilingan.
Vazirlik quyidagilarni tavsiya etgan:
- xonadonlarda bittadan ortiq elektrda ishlaydigan isitish qurilmalaridan foydalanmaslik;
- korxonalar va tashkilotlar xodimlarini vaqtincha onlayn ish rejimiga o‘tkazish;
- ortiqcha ko‘cha chiroqlarini, reklama ekranlari va illyuminatsiyalar, shu jumladan qurilishi tugallanmagan binolardagi chiroqlarni o‘chirish;
- energiya resurslaridan noqonuniy foydalanayotgan iste’molchilarga chora ko‘rish.
Buning natijasida mazkur tejalgan energiya resurslarini aholi va ijtimoiy soha obektlariga yo‘naltirishga erishilishi aytilgan.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga guvoh bo‘linsa, 1154, 1104, 105 telefon raqamlari orqali murojaat qilish so‘ralgan.
Mavzuga oid

09:32 / 26.03.2025
Kreml hujum qilinmaydigan energetika obektlarini ma’lum qildi

18:04 / 25.03.2025
AESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining narxi qancha bo‘ladi?

14:01 / 25.03.2025
O‘zbekiston yana netto gaz eksportchisiga aylandi

21:33 / 24.03.2025