O‘zbekistonda talabalarga stipendiya to‘lashning yangi tartibi belgilandi (batafsil)
Davlat granti, shuningdek, stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shakli bo‘yicha ta'lim olayotgan talabalar qat'iy belgilangan miqdordagi bazaviy stipendiya bilan ta'minlanadi
Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qayd etilishicha, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan tajriba-sinov tariqasida oliy ta'lim muassasalarida davlat granti va stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalarga (davlat granti asosida ta'lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) stipendiyalar bazaviy miqdorda (400 ming so‘m), shuningdek, “a'lo” o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan talabalarga stipendiyalar bazaviy stipendiya miqdoriga nisbatan qo‘shimcha 15 foiz miqdorda to‘langan;
to‘lov-kontrakg asosida ta'lim olish uchun talabalarga ularning o‘z xohishlariga ko‘ra, kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash tartibi joriy etilgan, bunda stipendiyali to‘lov-kontraktlar tarkibida bazaviy stipendiya miqdorining yillik summasi nazarda tutilgan.
Oliy ta'lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash bo‘yicha 2019/2020 o‘quv yilining birinchi semestrida tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilgan ishlar natijasidan kelib chiqib, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi hamda tizimida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning 2020 yil 1 fevraldan boshlab quyidagilarni joriy qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi:
davlat granti, shuningdek, stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shakli (o‘qitishning kunduzgi shakli) bo‘yicha ta'lim olayotgan talabalarni (2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta'lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) qat'iy belgilangan miqdordagi bazaviy stipendiya bilan ta'minlash;
o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan faqat “a'lo” o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga (reyting ko‘rsatkichi - 86 ball va undan yukori) ega bo‘lgan talabalarning stipendiyasini bazaviy stipendiyaga nisbatan 20 foizga oshirilgan holda belgilash;
o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foiz va undan ortiq qismi “qoniqarli” baho (reyting ko‘rsatkichi - 71 balldan kam) bo‘lgan davlat granti asosida ta'lim olayotgan talabalarga (2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta'lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) navbatdagi o‘kuv semestri mobaynida stipendiya tayinlamaslik;
to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan hamda to‘liq davlat ta'minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya to‘lovlarini O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshirish;
tegishli moliya yilida oliy ta'lim muassasalarida stipendiya to‘lovlari uchun rejalashtirilgan budjet mablag‘lariga nisbatan 10 foiz hamda to‘lov-kontrakt bo‘yicha rejalashtirilgan tushumlarning 2 foiz miqdoridagi mablag‘lar hisobiga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasini tashkil etish;
alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan barcha talabalarni belgilangan stipendiyalarga nisbatan Jamg‘arma hisobiga qo‘shimcha ravishda 50 foizgacha miqdorda rag‘batlantirish;
Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga oliy ta'lim muassasasida davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan alohida iqtidorga ega, xalqaro, respublika va oliy ta'lim miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari g‘oliblari, shuningdek, oliy ta'lim muassasasi kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq alohida hollarda (kasalligi yoki oila a'zolarining vafoti kabi) talabalarga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda bo‘lgan bir martalik rag‘batlantirish yoki moddiy yordam to‘lovini joriy etish.
Belgilab qo‘yilishicha:
oliy ta'lim muassasalarida davlat granti asosida ta'lim olayotgan “a'lo" (reyting ko‘rsatkichi - 86 ball va undan yuqori) hamda “yaxshi” (reyting ko‘rsatkichi - 71 ball va undan yuqori) o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan talabalarga tajriba-sinov tariqasida 2019 yil 1 sentyabrdan 2020 yil 1 fevralga qadar haqiqatda to‘langan hamda Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida” 2001 yil 17 avgustdagi 344-son qarori asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan miqdorlar orasidagi tafovut tizimida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga 2020 yil uchun ajratilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari doirasida qoplanadi;
2019/2020 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalarining davlat granti asosida ta'lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari uchun 2020 yil 1 fevraldan boshlab stipendiyalar, istisno tariqasida, talabalarning o‘zlashtirish baholaridan kelib chiqqan holda to‘lanadi;
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab to‘lov-kontrakt asosida ta'lim oluvchi nomli davlat stipendiyalari sohiblari, 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan, to‘lik davlat ta'minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishini inobatga olib, ularga tegishli o‘quv yili uchun kontrakt qiymati miqdorini stipendiyasiz shaklda to‘lash imkoniyati yaratiladi;
respublika oliy ta'lim muassasalari talabalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoxud investitsiya vizasiga ega bo‘lgan xorijiy investorlar, shuningdek, ularning oila a'zolari oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotganda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda stipendiya olishga haqlidirlar.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Davlat stipendiyasi hamda Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalarini oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlashda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida” 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-son qarori bilan belgilangan tartiblar saqlab qolindi.
Bunda, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab nomli davlat stipendiyalarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar talabalarning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotganidan qat'i nazar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga koplanishi inobatga olinadi.
Mavzuga oid
13:28 / 10.12.2024
Uzbekistan Airways talabalar uchun chiptalarga chegirma e’lon qildi
12:08 / 25.04.2024
TTA va Stomatologiya institutida xorijiy tillardan sertifikat olganlarga stipendiya berilmayotgani aytilyapti
16:58 / 06.02.2024
TDYuU talabalari uchun “Toshkent shahar prokurori stipendiyasi” joriy etiladi
13:51 / 15.12.2023