O‘zbekiston | 11:59 / 26.07.2018
6813
2 daqiqa o‘qiladi

Oktyabr oyidan virtual bank kartalari joriy etiladi

Foto: Pixabay

Tijorat banklari tomonidan bank kartalarini chiqarish va ularni O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.  
 
Birinchidan, virtual bank kartalari amaliyotga joriy etiladi. Bu internet tarmog‘idagi to‘lovlar uchun mo‘ljallangan fizik (plastik) tashuvchisiz maxsus bank kartasidir. Mohiyatan olganda, bunday karta to‘lovni amalga oshirish uchun zarur rekvizitlar ma'lumotlaridan iborat bo‘ladi. Virtual bank kartasi bank va mijoz o‘rtasida yozma shaklda yoki ofertani aktseptlash orqali tuzilgan shartnoma asosida foydalanishga taqdim etiladi (tarqatiladi).
 
Internetda to‘lovlar amalga oshirilayotganda bank kartasining haqiqiyligini tekshirish uchun bank kartasining maxsus CVV (SVS) kodidan foydalaniladi.
 
Tegishincha, virtual terminal (E-POS) bank kartalari orqali to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish va amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha elektron sliplarni (kvitansiyalarni) shakllantirish imkonini beruvchi dasturiy ta'minot hisoblanadi. 
 
Ikkinchidan, hujjatda bank kartasining qo‘shimcha – kobeyjingli turi qayd etilgan. Kobeyjingli bank kartasi uning old tomonida logotiplari aks ettirilgan bir nechta to‘lov tizimida (masalan, UZCARD vai UnionPay) ishlaydi.
 
Uchinchidan, bitta karta schyotiga bir nechta qo‘shimcha bank va virtual kartani ulashga ruxsat beriladi.  
 
To‘rtinchidan, protsessing tashkilotiga (YaUPM) bank kartalari bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish paytida antifrod tizimi (ingl. fraud – firibgarlik) – firibgarlik operatsiyalarini baholash va oldini olish tizimidan foydalanish majburiyati yuklatildi.
 
Hujjat 25.10.2018 yildan kuchga kiradi.

Mavzuga oid